Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:53

Jizzaxdagi kasalxonada o‘lgan bolaning akasi shifokorni pichoqladi


Jizzax shahridagi bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida vafot etgan 14 yoshli bemorning akasi shifokorni pichoqladi.

Guvohlar 26 yoshli erkak ukasining o‘limida shifokorni ayblab, unga pichoq bilan hujum qilganini Ozodlikka aytishdi.

Voqea 29 iyun kuni ertalab bolalar shifoxonasi hududida ro‘y berdi.

Bir kun oldin ayni shifoxonada operatsiyadan omon chiqmagan 14 yoshli bemorning akasi uni operatsiya qilgan jarrohga pichoq bilan hujum qilgan.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, pichoqlangan shifokor og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Qotillikka urinishda gumon qilinayotgan 26 yashar yigitni militsiya qo‘lga olgan.

Pichoqlagan erkak va pichoqlangan shifokorning ismi Ozodlikka ma’lum, lekin tergov siri vajidan tahririyat buni ochiqlamaydi.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ozodlikka shunday hodisa bo‘lganini tasdiqladi va bu bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 106-moddasi (Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha ish ochilib, viloyat prokuraturasi tergov olib borayotganini ma’lum qildi.

IIB vakilining bildirishicha, shifokorning tanasiga bir marta pichoq urilgan va uning ahvoli yaxshi.

Guvohlarga ko‘ra, shifokorga pichoq bilan hujum qilgan erkakning ukasi bir kun oldin Jizzax shahridagi bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida jigari operatsiya qilingan. Operatsiya payti bola hayotdan ko‘z yumgan.

Bolaning qarindoshlari nima asosda uning o‘limida shifokorlarni ayblagani Ozodlikka ma’lum emas.

Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bu haqda Ozodlikka izoh bermadi.

- Bu bo‘yicha prokuratura surishtiruv olib boryapti, hech narsa aytolmaymiz, - dedi Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi.

O‘zbekiston kasalxonalarida shifokorlarga hujum qilinishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan oy Samarqandda bemorning otasi shifokorga hujum qilib, uni haqoratlagani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2018 yil davomida O‘zbekistonda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan 300ga yaqin tibbiyot xodimi kaltaklangan.

XS
SM
MD
LG