Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:02

Andijon hokimi "o‘zi" uchun fermerlarga alohida bug‘doy solig‘i solgani iddao qilindi


Andijon tumanidagi qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlar ombori
Andijon tumanidagi qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlar ombori

Andijon viloyati, Andijon tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning iddao qilishicha, ular rejani bajargan bo‘lsa-da, tuman hokimi “uning o‘zi uchun 2-3 tonnadan” bug‘doy berishni talab qilmoqda.

Fermerlarning aytishicha, bu bug‘doy qabul punktiga topshirilmasdan, hokim aytgan joyga olib borib to‘kilyapti.

Bu bug‘doyni qabul qilib olingani haqida fermerlarga hech qanday hujjat berilmagan.

Tuman fermerlar kengashining raisi bundan xabari yo‘qligini aytdi.

Andijon tumanining “O‘zbekiston” massivida ishlaydigan, hokim tomonidan tazyiq bo‘lishi mumkinligidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, u bug‘doy rejasini ortig‘i bilan bajargan bo‘lsa ham, tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov yana uning o‘ziga 3 tonna bug‘doy berishga majbur qilgan:

“Tuman hokimi bug‘doy shtabida hamma fermerlarga nagliy, ochiq aytdi. Uch tonnadan yana berasan, dedi. Mana, “Haqiqat” ham olib borib to‘kyapti, “O‘zbekiston”, “Oydin buloq” massivlaridagi fermerlar ham olib boryapti. Majburiy. O‘zi har gektariga 37 sentnerdan majburiy shartnoma qildirgan edi. Keyin 45 sentnerdan topshirasan dedi. Buni ham topshirdik. Endi esa, “men uchun, tuman uchun 2-3 tonnadan berasan”, dedi. Fermerlarni qaqshatyapti, majbur olib borib to‘kyapmiz”.

Andijon tumanidagi qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlar ombori
Andijon tumanidagi qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlar ombori

​Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, hokimga atalgan bug‘doy don qabul qilish punktiga emas, boshqa omborga to‘kilyapti:

“Xravek” qishlog‘ida “Guliston” kimyoviy dori tarqatish shoxobchasi bor. Uning bo‘sh skladiga bug‘doy olib borib to‘kilyapti. Bu bug‘doyga hech qanday nakladnoy ham, hech qanday hujjat ham fermerga berilmayapti. Agar bu bug‘doy tuman uchun bo‘lsa, qabul punktiga to‘kilishi kerak edi. Bu fermer va davlat mulkini ochiq o‘g‘irlash emasmi? Hokim hech qaerda qayd qilinmagan buncha bug‘doyni nima qiladi? Qani prokuratura mulozimlari, qani ichki ishlar, hozir kelib tekshirsin, buncha bug‘doy qaerdan keldi, qani hujjati, deb so‘rasin, o‘g‘rilik ekanligi namoyon bo‘ladi?”

Fermer ulardan olingan bug‘doy to‘kilgan omborning rasmlarini ham Ozodlikka taqdim qildi.

Suratlarda doridan tozalanmagan omborga iste’mol uchun yetishtirilgan bug‘doy to‘kib chiqqani ko‘rinadi.

Andijon tumanidagi qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlar ombori
Andijon tumanidagi qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlar ombori

Ozodlik Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning mobil telefoniga bog‘landi. Qo‘ng‘iroqqa javob bergan shaxs hokimning yig‘ilishda ekanligini aytib, aloqani uzdi. Hokim bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Andijon tumani fermerlar kengashi raisi Nurbek Qosimov, Ozodlik bilan suhbatda bu ishlardan xabari yo‘qligini aytdi.

29 iyun kuni Ozodlik bilan bog‘langan fermerlardan biri, bu omborxonada, qariyb 200 tonna bug‘doy borligiga guvoh bo‘lganini aytdi.

Ozodlik Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning og‘zaki buyrug‘i bilan fermerlar o‘zlari olmagan solyarka (dizel yonilg‘isi) ning “yuk xati”ga imzo qo‘yib berishga majburlangani haqida ham yozgan edi.

O‘shanda Ozodlikka arz qilgan fermerlarga ko‘ra, tuman hokimi prezident Shavkat Mirziyoev Andijonga borganda o‘tishi kutilayotgan magistral yo‘l va uning atrofini obodonlashtirish jarayonida ishlatilgan 10 tonna solyarka xarajatini fermerlarga bo‘lib tashlagan edi.

Andijon tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov fermerlar bilan 2018 yil 25 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilishda chigit ekishda qo‘llaniladigan “plyonkaga” pul o‘tkazmagani uchun fermerlarni "gaday, hayvon, tvar, maraz" deb haqorat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG