Xorazm viloyat, Yangobozor tumanidagi 300 ga yaqin fermerning 3 ming gektar yerga ekilgan sholisi suvsizlikdan qurib qoldi.
Bu haqda Ozodlikka ma’lumot jo‘natgan yangibozorlik fermerning iddao qilishicha, tuman hokimligi sholiga suv beradigan nasoslar elektrini o‘chirgani ortidan sholi suvsiz qolgan.
"Xorazm hududiy elektr tarmoqlari" idorasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra¸ elektr quvvati ta’minoti fermerlarning qarzdorligi bois uzilgan.
Viloyat hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutasaddisi sholikor fermerlarning nasoslarini elektrdan uzish haqida viloyat hokimligi buyruq bermaganligini aytdi. Mulozimga ko‘ra¸ “sholikorlarni elektrdan nega uzilganini tuman hokimligi biladi”.
Yangibozor tumanilik 38 yashar sholikor fermer Mansurbekning Ozodlikka aytishicha, u bu yil 9 gektar yerga sholi ekkan va unib chiqqan sholi ko‘chatlari yarim qarich bo‘lganida qurib qolgan.
Mansurbek Ozodlikka o‘z sholipoyasining 3 iyul kungi holati aks etgan video va fotosuratlarni jo‘natdi.
Tasvirlarda qurib-qaqshagan sholipoya va ishlamay yotgan suv nasoslari aks etgan. Fermer viloyat hokimligining sholikorlarga "o‘gay ko‘z" bilan qarashidan norozi:
-O‘zi bu yil sholini kechikib ekdik. Men, masalan, 22 mayda ekib bo‘luvdim. Bu juda kech. Chunki hokim sholi ekmaysan deb oyoq tirab turib oldi. Prokuror qamayman sholi eksang dedi. Biz Bosh vazirga shikoyat qilganimizdan keyin ekishga ruxsat berdi. Bosh vazir selektorda ekaver sholini, deb aytdi. Bundan quvonib ketib, tumanda 280 fermer sholi ekdi. Boshida suv ham bo‘ldi. Ammo hokimlikdan odam kelib suv nasoslarni elektrdan uzdirib tashladi. Suvsizlikdan sholi qurib qoldi.
Ayni masala yuzasidan Xorazm viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktamboy Qurbonovga qo‘ng‘iroq qildik.
O‘zini o‘rinbosarning yordamchisi deb tanishtirgan mulozim “viloyat hokimining fermer nasosini o‘chirishdan boshqa ishi yo‘qmi?! Nega sholikorlarning elektri o‘chirib qo‘yilganini Yangibozor tuman hokimligidan so‘rang. Nima sababdan o‘chirilganini ular biladi”, deb jahl qildi.
Tuman hokimligi mulozimlari esa voqeani izohlamadi.
Fermerlar elektrdan qarzmi?
"Xorazm hududiy elektr tarmoqlari" idorasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra¸ suv nasoslari elektrdan fermerlarning qarzdorligi bois uzilgan.
Nega paxta dalalariga suv beradigan nasoslar emas balki aynan sholiga suv beradigan nasoslar elektri o‘chirildi, degan savolga mulozim aniq tiniq javob bera olmadi.
Mulozimning aytishicha, “paxta bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lmagan”:
- Elektrni asosan sholikorlar olyapti. Nasoslar asosan sholiga ishlayapti. Sholikorlarni elektr olish bo‘yicha limiti tugagan. Fermerlarda pul yo‘q. Banklar ham bu yil kredit bermadi. Shunaqa bir-biriga bog‘liq muammo.
Sholi ekkan "onasini ko‘radi"
Ozodlikning o‘rganishicha¸ Xorazm viloyatining boshqa tumanlarida ham sholikorlarga davlat mulozimlari tarafidan bosim o‘tkazilgan.
Masalan, Shovot tumanidagi o‘zini Marimboy deb tanishtirgan fermer¸ hokim buyrug‘i bilan tuman prokurorining sholi ekkan fermerlarni tekshir-tekshir qilib charchatayotganidan Ozodlikka shikoyat qildi:
- Oldin ekmaysan deb ustimga uchastkovoyni yubordi. Selektorda Bosh vazir ekaver deganidan keyin eksam, yana ustimga kelishdi. Bu yerga reja bo‘yicha mosh bilan kunjut ekish kerak edi, deb. O‘zi botqoq bir joy bu. Mosh bitmaydi¸ kunjut nimaligini ham bilmayman. Bu yerda faqat sholi bitadi.
Marimboyning aytishicha¸ hokimlar uchun paxta va bug‘doy ekkan fermer qadrli¸ sholi ekkan odam dushman:
- Insof yo‘q hokimlarda. 100 gektar joyga paxta ekkanman. 8 gektarga sholi ekdim. Shu sholi hosilini sotib qaddimizni ushlaymiz. Bu sholidan davlatga ham topshirardik, paxtaga ishlaydigan odamlarimizga ham berardik. Agar hokimlar tushunsa, sholidan tushgan daromad paxtaga sponsor bo‘lib turibdi.
Mosh ekish haqida ko‘rsatma
Ozodlik sholikorlarga o‘gay munosabat haqida Xorazm viloyat prokuraturasining qishloq xo‘jaligiga mas’ul bo‘lgan xodimi bilan suhbatlashdi. Ismi efirga berilmasligini so‘ragan prokuratura xodimiga ko‘ra¸ tekshiruvlar Bosh prokuratura talabi asosda rejali olib borilmoqda:
- Vazirlar Mahkamasining 29 martdagi 259-sonli qarori asosida tekshirilmoqda (“2019 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi qaror - tahr.) Viloyatdagi fermerlarga sabzavot, poliz, kartoshka, kunjut, mosh va ozuqa ekinlari ekish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Ammo ular shu ekinlar o‘rniga sholi ekayotganini aniqlab, jazolash bizning zimmamizga yuklatilgan.
Toshkentlik tuproqshunos olim Nozimjon Suvonovning Ozodlikka aytishicha, Xorazmda sholi ekish masalasida rahbariyatda yagona siyosat yo‘q:
- Bir tarafdan prokuratura kelib, Xorazm iqlimiga mos bo‘lmagan ekinlarni sholi o‘rniga ekasan, deb bosim qiladi. Ikkinchi tarafdan Bosh vazir Abdulla Nig‘matovich may oyidagi selektor yig‘ilishida sholi ekinglar deb aytadi. Hatto shu yilning 17 aprelida Bosh vazir imzosi bilan Vazirlar mahkamasi qaror chiqarib Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialini tashkil qildi. 327-sonli qarorda hududning tuproq-iqlim sharoitlari sholi yetishtirish uchun mos ekanligi aytiladi.
Tuproqshunos olim Nozimjon Suvonovga ko‘ra¸ O‘zbekistonda suv tanqisligi sababli sholi ekiladigan maydonlar 162 mingdan 94 ming gektargacha qisqartirilgan.
- Bu qisqartirish oqibatida O‘zbekistonda guruch narxi ko‘tarildi. Narxlar ko‘tarilishining asosiy sababi suv tanqisligi, o‘tgan yilga nisbatan sug‘orish suvining yetishmasligi va ekin maydonlar kamayishi bilan bog‘liq.