Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:41

AQSh prezidentlik poygasi: Demokratlar orasida Bayden hanuz yetakchi


Kelasi yilgi prezidentlik saylovida Donald Trampga qarshi kurashish uchun demokrat nomzodlar faol kampaniya olib bormoqda.

Sobiq vitse-prezident Jo Bayden nomzodlar orasida yetakchi, ammo ikki senator - kaliforniyalik Kamola Harris va massachusetslik Elizabet Uorren unga jiddiy raqiblik qilyapti.

Milliarder faol Tom Steer poygaga qo‘shilgan yana bir demokrat.

"Agar nimanidir juda muhim deb hisoblasangiz, shu narsani qilishga bor kuchingizni safarbar eting. Men xuddi shunday qilyapman. Mening ismim Tom Steer va men prezident bo‘lmoqchiman", - dedi u videomurojaatida.

Steer Prezident Donald Trampni impichment qilishga chaqirib keladi. Bu masalada Kongressdagi demokratlar fikri bo‘lingan.

Steer poygaga qo‘shilar ekan, kaliforniyalik kongressmen Erik Suoluel saylovdan nomzodini qaytarib olgan ilk demokrat bo‘ldi.

"Iqtidorlar ko‘p bu poygada va biz uchun shu qiyinchiliklardan biri bo‘ldi. Vazni og‘ir siyosatchilar bor va ularga qarshi kurashda past-balandlar ko‘p bo‘ladi. Bundan buyog‘iga fuqaro sifatida bahslarni kuzataman", - dedi u.

Suoluel demokratlarning ilk telebahsida asosiy nomzod Jo Baydenni nishonga olgan edi.

"Jo Bayden 32 yil oldin mash’alani endi yoshlar qo‘liga berish kerak, deganda haq edi. Bu gap bugun uchun ham to‘g‘ri", - dedi u.

“Vitse-prezident, hali ham shu fikrdamisiz?”, - deya so‘radi moderator Jo Baydendan.

“Shunday, hali ham mash’ala mening qo‘limda", - deb javob berdi Bayden.

Ilk debatdagi kamchiliklarga qaramay, Bayden demokrat nomzodlar orasida hanuz yetakchi.

Sobiq vitse-prezident ayol senatorlar - kaliforniyalik Kamola Harris va massachusetslik Elizabet Uorrenning jiddiy qarshiligiga duch kelmoqda. Birinchi telebahs ortidan ularning reytingi biroz ko‘tarilgan.

Suoluelning poygani tark etishi demokratlar orasida saralanish boshlanganidan dalolat, deydi tahlilchi Jim Kesler.

"Sakkiz-o‘ntacha odamda umid bor bir pallaga keldik. Bu bahslar beradigan narsalardan biri shuki, munozaralarda imkoniyati pastroq nomzodlarni ko‘rasiz va ular doim shunday bo‘lib qolishini va poygani tark etishi lozimligini anglaysiz", - deydi u.

Demokratlar 2020 yil fevralga boribgina partiya nomzodini tanlash jarayonini boshlaydi.

Bu orada turli nomzodlar bir-biriga qarshi chiqib, partiya ichida bo‘linishlarga sabab bo‘ladi, deydi tadqiqotchi Larri Sabato.

"20 dan ortiq odam orasidan bittasi nomzodlikni qo‘lga kiritsa, boshqa nomzodlar tarafdorlari uning ortidan ergasha oladimi? Istalgan payt partiya uchun eng katta sinov shu. Hozir buning javobini bilib bo‘lmaydi", - deydi u.

Demokratlarning navbatdagi bahsi shu oy oxirida Detroytda bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG