Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:20

Farg‘onalik haydovchilar: YHXB Qo‘qon festivali arafasida hammaga jarima solmoqda


Farg‘ona viloyat, Qo‘qon shahrida ikki haftadan buyon Yo‘l harakati xavfsizligi reydlari o‘tkazilmoqda.

Farg‘onalik haydovchilardan olingan bu xabarni viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Qo‘qon shahridagi 3- otryad Axborot-dispetcherlik markazi xodimi​ tasdiqladi.

Farg‘onalik haydovchilarning iddao qilishicha, Qo‘qonda o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ishlarini moliyalash uchun, ularga reydlar davomida jarimalar solinmoqda.

​Biroq viloyat YHXB mulozimining aytishicha, reydlar festival oldidan o‘tkazilayotgan "Tozalash" tadbiri, xolos.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev 16 iyul kuni Qo‘qonda o‘tkazgan yig‘ilishda 10-15 sentabrga rejalashtirilgan Xalqaro xalq hunarmandchiligi festivaliga tayyorgarlik masalasi ko‘tarildi.

Yig‘ilishda qatnashgan, qo‘qonlik, kasbi haydovchi faollardan biri (shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi) shaharni obodonlashtirish ishlariga Yo‘l harakati xavfsizligi idorasi xodimlarini jalb qilish topshirilgani aytarkan, bunday dedi:

- Yig‘ilishda hokim Qo‘qonda bo‘lib o‘tadigan festivalga yaqin qolgani va shahar ko‘chalarini asfalt qilish kerakligini gapirdi. Bunga ketadigan mablag‘ yo‘qligidan bu ishlar GAI xodimlariga yuklatilganini aytgan. Mana o‘shandan boshlab katta reydlar o‘tkazilmoqda, ko‘chalarda GAIlar juda ham ko‘p, har bir mashinani to‘sishayapdi va shtrafnoyga tiqishyapti. Byudjetda pul yo‘q bo‘lsa, nima bor edi festival o‘tkazishga? Buni ham endi shofyorlar qilib beramiz ekanda?!

Bu gaplarni aytgan haydovchiga ko‘ra, Qo‘qonda reydlar boshlanganiga ikkinchi hafta bo‘layapti.

“17 iyuldan boshlangan edi reydlar”.

Farg‘ona viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Qo‘qon shahridagi 3- otryad Axborot-dispetcherlik markazi xodimining Ozodlikka bildirishicha, reydlar festival oldidan o‘tkazilayotgan "profilaktika tadbiri"dir:

- Xuddi shunday! Qo‘qon shahrida “Tozalash” tadbiri bo‘layapti. Shuning uchun reydlar ham davom etayapti.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir necha haydovchi ham Farg‘ona viloyati yo‘llarida davlat avtomobil nazorati xodimlari "oblavalari kuchayganini" aytdi.

Farg‘onalik haydovchilardan biri 28 iyul kuni unga 202 000 so‘m miqdorida jarima solinganini bildirdi:

- Haydovchilarni besabab to‘xtatayotgan GAI xodimlari besabab jarima yozmoqda. Kecha dadam bilan mashinada ketayotganimizda Dang‘aradan Oxun degan xodim to‘xtatdi. Nima uchun jarima yozayotganini so‘rasam, "Viloyat xokimining buyrug‘i bu, Qo‘qondagi festivalga moddiy tarafdan yordamlashib yuboringlar yaxshilikcha, bo‘lmasa mashinangizni jarima maydoniga olib kirib qo‘yaman. Ayb topaman desam – aptechkangizdan, mashinangiz tutunidan, balloningiz yozgi-qishkisidan bahona topib, stoyankaga olib kirib qo‘yaman!", deb po‘pisa qilyapti. Hamma haydovchiga bir xil – 202000 so‘mdan jarima yozishyapti.

Ochiqchasiga “festivalga bering” dedi! Harna shu festivalga ketadi, deb shtrafini to‘lab qo‘yaverdim. Lekin qambag‘al haydovchilar nima qiladi?! Viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich farzandlarimizning rizqi evaziga Qo‘qonni obod qilmoqchimi? Bu ishlarni Shavkat Miromonovich bilarmikinlar?!

Qo‘qonda taksichilik qilayotgan Mahmudjon reydlarning haddan ziyod ko‘payib ketgani haydovchilar g‘azabini qo‘zg‘amoqda, deydi.

- Bitta-ikkita tochka bor - u yrrda doimo turardi. Lekin oxirgi paytlarda to‘xtatishlar ko‘payib ketdi. Odamlar norozi bo‘layapti! “Mana buni to‘s, buni to‘s” deb, har o‘tgan 3-4 mashinani to‘xtatyapti. Odamlarning me’dasiga tegib ketyapti. Fotoradarlarni yo‘l bo‘ylariga qo‘yib qo‘ygan. Lekin, to‘xtatganidan keyin, aybini albatta topyapti! Ishdan qaytayotganda qo‘rqib turamiz. Hamma narsa me’yorda bo‘lishi kerak, - dedi Mahmudjon.

Ayni damda, hukumat qarori bilan, 2019 yil, 1 avgustdan O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun deyarli barcha jarimalar bir necha barobarga oshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 1 noyabrdagi 3991-sonli qaroriga asosan joriy yilning 10-15 sentabr kunlari Qo‘qon shahrida Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi.

Hunarmandlar festivali tashkilotchilari rasmiy saytida ko‘rsatilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib, festivalni moliyalashtirish masalasida izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Festival rasmiy saytida tadbir har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi, unga 60 dan ortiq mamlakatdan turli yo‘nalishlarda 1000 dan ziyod chet ellik hunarmand kelishi, 1600 ga yaqin mahalliy hunarmandlar ishtirok etishi aytiladi. Qo‘qonning tarixiy markazida kashtachilar, o‘ymakorlar, misgarlar, zardo‘zlar "shaharchalari" va boshqa hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha hududlar ajratilgani ma’lum.

Shuningdek, ko‘rgazmada folklor-etnografik shoular va teatr tomoshalari namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. Festival Qo‘qon shahridagi “Xudoyorxon” o‘rdasi va unga tutashgan istirohat bog‘i atrofida bo‘lishi belgilangan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali tashkilotchilari va homiylari qatorida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi ko‘rsatilgan.

XS
SM
MD
LG