Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchi 24 yoshli Jasurbek Rustamov va Jo‘rabek Sultonov ayni tuman prokuratura va IIB xodimlarini 2014 yilda ularni “ayovsiz” qiynoqqa solganlikda ayblab chiqdi.
Xorazmlik yigitlarning iddao qilishicha, bir guruh prokuratura va IIB xodimlari qotillikka iqror bo‘lishga majburlab, ularning qo‘l-oyoqlarini sindirib tashlaganlar.
2015 yil 26 yanvarida Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudi Jasurbek Rustamov va Jo‘rabek Sultonovni 2014 yilning 27 iyulidan 28 iyuliga o‘tar kechasi Hazorasp tumani Pitnak shaharchasida Abror Xudoyberganovni o‘ldirganlikda aybdor deb topib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etgan.
Jasurbek Rustamov va Jo‘rabek Sultonov 4,5 yil qamoq muddatini o‘tagach, to‘la oqlanib ozodlikka chiqqan.
Xorazmlik yigitlar oradan salkam besh yil o‘tib ularni qotillikka iqror bo‘lishga majburlagan va qiynoqlarga solgan IIB xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.
Ammo Hazorasp IIB ularning qiynoqqa tutilgani haqidagi iddaolarni rad etmoqda.
Qotillik
Ozodlikka taqdim etilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining hal qiluv qaroridan aniqlanishicha, 2014 yilning 27 dan 28 iyulga o‘tar kechasi Pitnak shaharchasining “Jumaniyoz bobo” fermer xo‘jaligi hududida Abror Xudoyberganov o‘ldirilib, hodisa joyiga ko‘mib ketilgan.
Bu jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 1 avgustda Sanjar Iskandarov va Barno Ro‘ziboyeva ismli shaxslar qo‘lga olinadi.
Shu orada oyoqqa turgizilgan ichki ishlar xodimlari marhumning mahalladoshlarini birma-bir so‘roqqa chaqira boshlaydi.
Jasurbek Rustamov qo‘lga olinishidan bir kun o‘tib – 2014 yilning 11 avgust kuni, ichki ishlar bo‘limiga Jo‘rabek Sultonov so‘roqqa olib kelinadi.
Qiynoq da’volari
Xorazm viloyati Hazorasp tumani Obod mahallasidan Ozodlikka murojaat qilgan Jasurbek Rustamov va Jo‘rabek Sultonov so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari ularni «mutlaqo aloqasi yo‘q» jinoyatga iqror bo‘lishgan majburlaganlar.
Jasurbek Rustamovning iddao qilishicha, Hazorasp tumani prokuraturasi va IIB bir guruh xodimlari (ism va familiyalari Ozodlikka ma’lum) uning oyoq va qo‘llarini sindirib tashlaganlar:
- 2014 yilning 10 avgustida Xorazm viloyat Hazorasp tumani prokuratura tergovchisi A. N, tuman IIB xodimlari I.Ch, R.S, B. T, X. Asror, Pitnak shahar IIB xodimlari A. I va S. Klar Hazorasp ichki ishlar bo‘limiga olib borib, nima uchunligini aytmasdan urib, dubinka bilan qo‘limni sindirishyapti. Oyog‘imni bosib turgan T. ismli xodim oyog‘imni hushimdan ketganimni ko‘rib, sindirayapti. Mening uydagilarim IIB binosi oldiga borib so‘raganda “O‘g‘lingizni yarim soatda qo‘yvoramiz!”, deyapti. Ular mening baqir-chaqirimni eshitib qolgan, - deb eslaydi Jasurbek.
Uning qo‘shimcha qilishicha, IIB xodimlari uni shifoxonaga olib bormasdan, yana bir sutka bo‘linma hibsxonasida saqlaganlar.
- Meni sovib qolgan qo‘l-oyog‘imni qo‘rib, bu ahvolda uyga qo‘yvorishga qo‘rqib, ular “militsiyani so‘kdi” degan bahona bilan jinoyatlarini yashirish maqsadida 15 sutkaga qamayapti. Ular men militsiyaxonaga kelgan mashinamni ham qamab qo‘ygan. Appelyatsiya qilib, 15 kundan keyin kelib advokatim SNB orqali militsiya boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilsa, militsiya xodimlari qotillikni sodir etgan Sanjar Iskandarov va Barno Ro‘ziboyevani “qotillikni Jasur Rustamov sodir etdi”, deb urib yozdirib olgan, - deydi Jasurbek Rustamov.
Uning jinoiy sherigi sifatida ayblangan Jo‘rabek Sultonov ham ayni IIB va prokuratura xodimlari uning qovurg‘asini sindirganini iddao qildi:
- Qotillikni bo‘yningga olasan deb o‘sha yerda urishdi. Men bo‘ynimga olmadim. Lekin sud keyin 16 yil bervordi. 4 yilu 4 oy o‘tirdim. Hazorasp tumani militsiya xonasida Ch., A., N., S.lar urishgan. Bizlardan oldin mahalladan boshqalarni ham olib kelishgan. U o‘ldirilgan bolaning akasi militsiyada ishlar ekan. O‘ldirgan odam ham 17 yilga, Barno 13 yilga qamaldi, lekin «qotillikni men sodir etganman» deb aytib kelganiga qaramasdan, biz Jasur bilan birga 16 yildan oldik. Jasurni qo‘l oyog‘i – meni qovurg‘am singanini ular shu tarzda yashirishdi, dedi Jo‘rabek.
U ham tergov boshidayoq tergovchilar qotillikni sodir etgan shaxslar tomonidan o‘ziga qarshi qiynoqlar ostida ko‘rsatma olganini tasdiqladi.
Prezidentga murojaat va ozodlik
Hukm ortidan Jo‘rabek va Jasurbekning onalari yangi saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat bilan chiqadi va o‘g‘illari ustidan chiqarilgan hukmni qayta ko‘rib chiqishni so‘raydi.
(Jasurbek Rustamov va Jo‘rabek Sultonovlarning onalari murojaati)
Murojaat ortidan bir nechta appelyatsion majlislar bo‘lib o‘tadi va nihoyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Sudining 2018 yil 11 dekabrdagi qarori bilan ikkovlon oqlanib, ozodlikka chiqariladi.
Moddiy va ma’naviy zarar
Jo‘rabek Sultonov pedagogika kollejini bitira olmagani bois tayinli joyga ishga qabul qilinmayotgani va qiynoqlar hamda qamoqxonadagi ahvol tufayli davolanishga majbur ekanini bildirdi.
Xorazmlik yigitlar yaqinlari ularning “nohaq ayblanib, 4 yilu 4 oy qamoqda o‘tirgani va surunkali asab kasalligiga chalingani va shu yillar davomida yetkazilgan moddiy-ma’naviy zararni qoplash uchun” 300 mln so‘mni hukumatdan undirib berishni so‘ragan.
Ammo Bog‘ot tuman Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi ularning moddiy-ma’naviy zararini 40 mln so‘m qilib belgilab bergan.
IIB javobi
Ozodlikning Hazorasp tuman militsiya bo‘limiga bu masalada qilgan murojaatiga o‘zini Qurbonov deb tanishtirgan navbatchi Jo‘rabek va Jasurbek iddaolarini inkor qilishga urindi:
- Mening xabarim yo‘q va bunaqa holat bo‘lmagan! – deya gapni qisqa qildi militsiya xodimi.
Navbatchi Hazorasp tuman militsiya boshlig‘i muovini Jasur Madaliyevga murojaat qilishni so‘radi.
Biroq navbatchi xodim bergan raqamlar bo‘yicha Jasur Madaliyevdan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Hazorasp tuman prokuraturasi va Xorazm viloyat prokuraturasida hazorasplik yigitlarning ayblovlari yuzasidan rasmiy murojaatnoma yuborishni tavsiya qilishdi.
“Hayotim sindi”
Hozirda Rossiyada mehnat muhojirlagida yurgan Jasurbek Rustamov har bir aytgan so‘zi uchun har qanday rasmiy idora oldida javob berishga tayyor ekanini ham qo‘shimcha qildi.
- Meni hayotim sindi, to‘g‘risi. Viloyat prokuraturasida tiz cho‘ktirib tepganlarni qonun oldida javob berishlariga sizlardan yordam so‘rayapman. Prezident bizni tinglasinlar! Men murojaat qilmagan joyim qolmadi. Oyog‘imni sindirgan B. T pora bilan tushib, ishdan haydalib ketgan. Qolgan hammasi ishlab yuribdi, dedi adolat talab qilgan Jasurbek.
"O‘rgangan ko‘ngil"
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab, 2017 yil dekabrda o‘tkazilgan marosimdagi ma’ruzasida sud-tergov davomida qiynoq qo‘llash holatlariga alohida e’tibor qaratgan edi.
O‘shanda Mirziyoyev militsiya va xavfsizlik tizimlaridagi qiynoqlarni nazarda tutib: "Qiynoq qo‘llashga o‘rgangan ko‘ngil o‘lganda qoladi", degan edi.
30 noyabrda Shavkat Mirziyoyev qiynoq va noqonuniy yo‘llar bilan olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanishni taqiqlovchi farmonni imzolagan edi.
O‘zbekistonda 2003 yilda "Qiynoqlarga qarshi kurash milliy dasturi" ham qabul qilingan.
Marhum prezident Islom Karimov 2012 yilda qiynoqlarni taqiqlovchi maxsus qonunni imzolagandi.