Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:57

Sobiq prezident Atambayev o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda (VIDEO)


Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev.
Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga 13 avgust kuni rasman jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Atambayevga “Qotillik”, “Quroldan noqonuniy foydalanish”, “Ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish” kabi ayblovlar bildirildi.

-Atambayevga nisbatan 13 avgust kuni o‘q-dorilar va quroldan noqonuniy foydalanish, ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish, qonuniy tergov harakatlariga to‘sqinlik qilish maqsadida olti nafar huquq-tartibot tuzilmasi xodimini garovga olish, huquq-tartibot tuzilmasining bir nafar xodimini o‘ldirish va boshqalarni ham o‘ldirishga harakat qilish kabi qator og‘ir jinoyatlarni sodir etish ayblovi bilan jinoyat ishi ochildi, - deb bildirdi Bosh prokuror O‘tkirbek Jamshitov.

Атамбаевга қотиллик моддаси бўйича жиноят иши очилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:29 0:00

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi O‘ro‘zbek O‘pumbayev esa “Almazbek Atambayev davlat to‘ntarishini amalga oshirish maqsadida qon to‘kkan”, degan iddaoni bildirdi va Atambayev o‘z tarafdorlariga muayyan miqdorda haq to‘laganini aytdi.

--U nima uchun o‘z atrofiga asosan ayollar, bolalar va qariyalarni ko‘proq to‘pladi? Ularning har biriga ming so‘mdan to‘rt ming so‘mgacha haq to‘lagan. Atambayev ularni militsiya kelganida to‘qnashuv uyushtirish uchun maxsus to‘plagan. Buning uchun uy atrofiga toshlar to‘ktirilgan. Davlat to‘ntarishini amalga oshirish uchun u qon to‘kishi kerak edi. Men bu gaplarni rasmiy tarzda ochiq gapirayapman, - dedi O‘ro‘zbek O‘pumbayev.

Ayni paytda, Atambayev tarafdorlari, jumladan, uning qizi va o‘g‘li qo‘lga olish amaliyoti huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan maqsadli tarzda amalga oshirilgan fitna bo‘lganini iddao qilmoqdalar.

-Men bu chuqur o‘ylanib qilingan fitna degan fikrda sobitman. Bu fitna chog‘ida ko‘plab odamlar jabrlanishi lozim edi. Maqsad bularning barchasini otamning zimmasiga yuklash bo‘lgan, - dedi sobiq prezidentning o‘g‘li Qodir Atambayev.

7 avgust kuni kechqurun Qo‘ytosh qishlog‘ida sobiq prezident Almazbek Atambayevni qo‘lga olish amaliyoti boshlangan edi. Biroq o‘sha kuni Atambayevni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘linmadi. 8 avgust kuni maxsus xizmatlarning bir necha ming xodimi ishtirokida o‘tkazilgan amaliyot ortidan Atambayev taslim bo‘lgan edi.

Kuchishlatar tuzilmalar va Atambayev tarafdorlari o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuv oqibatida Milliy xavfsizlik xizmatining “Alfa” guruhi zobiti halok bo‘lgan, 136 odam jarohatlangan.Atambayev tarafdorlari kuchishlatar tuzilmalarning olti nafar xodimini garovga olgan.

27 iyun kuni parlament tomonidan daxlsizlik maqomidan mahrum etilgan Almazbek Atambayevga nisbatan oltita ayblov ilgari surilgan. Bosh prokuratura ulardan beshtasini asosli, deb topgan. Almazbek Atambayevning o‘zi bu ayblovlar siyosiy sababga ega ekanini urg‘ulamoqda.

Qirg‘izistonda sobiq prezidentni qo‘lga olish yuzasidan ikki kun davom etgan amaliyot qo‘shni davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyaning ham tashvishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Rossiya hukumati Qirg‘izistondagi voqealardan tashvishda ekanini rasman e’lon qilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni kechqurun Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha: “Muloqotda Qirg‘izistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhim ekani alohida qayd etildi. Qo‘shni mamlakatdagi vaziyat amaldagi qonunchilik doirasida tez orada barqarorlashishiga umid bildirildi”.

Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Almazbek Atambayev o‘z chiqishlarida Shavkat Mirziyoyevni o‘zining yaqin do‘sti va tug‘ishgan akasi sifatida taqdim qilar edi. Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan Qirg‘iziston va O‘zbekiston aloqalari yaxshilangan.

XS
SM
MD
LG