Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:15

Qurultoy: Allamjonov salbiy sharhlardan O‘zini himoya qilmoqchimi yoki?..


Komil Allamjonov
Komil Allamjonov

O‘zbek mulozimining "sharhlar uchun post qo‘ygan bloger javob beradi" degan gapi tarmoqda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu mavzu Ozodlikning "Qurultoy" eshittirshida ham muhokama qilindi. Dasturda taniqli jurnalist Alimardon Annayev¸ siyosatshunos Rafael Sattorov¸ bloger Iskandar Makedonskiy va ijtimoiy media bo‘yicha ekspert To‘lqin Umaraliyevlar qatnashdi.

АОКА раҳбари: Мақолалар остидаги изохлар учун блогер жавобгар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:45:12 0:00

Komil Allamjonov nima dedi?

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov "OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlar, balki ular ostidagi fuqarolar feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan izohlar uchun ham javobgar"dir, deb bayonot berdi.

Agentlik rahbarining rasmiy bayonoti uning Facebookdagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

«Ming afsuski, ular orasida oxirgi paytda haqoratli so‘zlar, tuhmatli gaplar, so‘kinishlar, obro‘sizlantiruvchi fikrlar keskin ko‘payib bormoqda. Bunday izohlar, o‘z navbatida, har bir fuqaroga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yolg‘on ma’lumotlar shakllanishi, odamlarimiz orasida turli mish-mishlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Eng yomoni bularning aksariyati bir guruh trollar yoki feyk, ya’ni, soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bularning ortida nima maqsad yotgani, bu guruhlar kimga qarashli ekani katta savol tug‘diradi», degan Agentlik rahbari.

Komil Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, “so‘z erkinligi - bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday mas’uliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas. So‘z erkinligi bu avvalo qonunga amal qilish, aytilgan har bir so‘z uchun javob bera olish mas’uliyati”.

Bu eslatmadan keyin AOKA rahbari jurnalistlarga ularning “ qonun oldida javobgar” ekanligini ta’kidlar ekan, deydi:

“Har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan ma’lumoti uchun qonun oldida javobgardir. Bu norma rivojlangan davlatlar qonunchiligida ham, O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasiga oid qonunlarida ham qat’iy belgilab qo‘yilgan».

Bayonoti davomida Allamjonov “Davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida OAVlar javobgar bo‘lishlarini” bir necha bor eslatadi.

“Sizdan sahifangiz ostida yozilgan buzg‘unchi sharhlarni zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish so‘ralmoqda», - deyiladi bayonotda.

«Hurmatli hamkasblar, barchangizni yurtimizda so‘z va fikr erkinligi, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun axborot sohasida bo‘layotgan turli nosog‘lom jarayonlarga qarshi birlashib harakat qilishga chaqiramiz», — deya yakunlanadi bayonot.

Blogosfera nima deyapti?

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining bu bayonoti o‘zbek blogsferasida turlicha qarshilandi. Taniqli bloger Nurbek Alimov “Bayonot va mavjud qonunlar orasida tafovut” borligiga e’tibor qaratadi. Quyida ba’zi blogerlarning postlarini keltiramiz. Matnlar tahrirsiz, mualliflar imlosi va stilistikasi saqlangan holda berilayapti.

Nurbek Alimov:

“Xurmatli Komil Allamjonov, meni postim ostida yozilgan kommentariylar uchun men emas, o‘sha kommentariyni yozgan odam javobgar. Post uchun esa men javobgar. Keyin qonunda xechqachon kommentlarni zudlik bilan o‘chirib tashlash xaqida gap yo‘q.

Misol uchun Toshmat bloger yozgan post ostida Eshmat birorta G‘ishmat xaqida "uni noqonuniy shuncha boyligi bor" deb gapirsa yoki xaqorat qilsa men u kommentariyni o‘chirmayman, maksimum qo‘limdan keladigani birovni xaqorat qilmaslik bo‘yicha maslahat va tavsiya berishim va bunga qonunda jazo borligini eslatib o‘tishim mumkin xolos. Agarda SUD tomonidan o‘sha meni postim kommentiga Eshmatning G‘ishmatga nisbatan yozgan gaplari tuxmat va xaqorat ekanligi tan olinsagina, SUD QARORI bilan o‘sha kommentariyni o‘chirishim mumkin. Lekin bu narsa bo‘lishi uchun ham, ayrim qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerak avvalo. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100 - moddasida va "Axborotlashtirish to‘g‘risida" gi qonunning 12 - moddasida ham kommentarilar xaqida va ularga post egasi javobgarligi xaqida umuman gap yo‘q.

Shunday ekan, kommentlarni zudlik bilan tugul umuman o‘chira olmayman. Komment yozilgan mahal uxlayotgan bo‘lishim mumkin, Eshmatni gapi yolg‘onmi rostmi bilmasligim mumkin sabablari ko‘p. SUD QARORI kelsa, albatta zudlik bilan o‘chiramiz. Ungacha birov yozgan sharhlar uchun men javobgar emasman! Va menda ularni mazmuniy analizini belgilashga etarli bilim yo‘q. O‘sha odamni o‘zini topib, aybini bo‘yniga qo‘yib chora ko‘rilishi maqsadga muvofiq.

Xa aytgancha muallif izohlarda yozilgan fikrlarga ma’sul emas va u mullif fikri bilan mutanosib bo‘lmasligi mumkin)))” deb yozdi bloger.

***

Taniqli boshlovchi va bloger Nozim Safari Allamjonov bayonotini "orqaga qadam" deb baholadi

Nozim Safari:

Bizning quyoshimiz, atmosferani to‘ldirib turgan kislorodimiz, borimiz va yo‘g‘imiz Komil Ismoilovich Allamjonovning bugungi bayonoti qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqda rezonanz uyg‘otdi. Bayonotda aytilishicha har bir tarmoq foydalanuvchisi, OAV hamda bloger o‘z posti ostida boshqa foydalanuvchilar tomonidan yozilgan sharhlarga javobgar ekan. Shuningdek, Komil aka post ostidagi negativ kommentlarni, tekshirilmagan ma’lumotlarni, obro‘sizlantirish va xaqoratli sharhlarni muntazam o‘chirishni so‘ramoqda.

Ushbu bayonotning g‘alatiligi, mantiqsizligi va kulguliligini chetga surib qo‘ygan holda aytish joizki, bu so‘z erkinligini cheklashga harakat sifatida baholanyapti. Bugun ko‘pchilik ushbu "skazochniy" bayonotdan norozi bo‘lishmoqda. Ularning noroziligida jon bor. Axborot sohasi bo‘yicha vakolatli organ jamoatchilikka "faqat yaxshi yoki neytral komment yozlaring" deya bergan signali orqaga katta qadam. Feruzxon to‘g‘ri aytayapti - noo‘rin fikrlashni ham taqiqlash kerak.

P. S. Nu che rebyata liberal to‘nlar yechilmoqda, konservativ asl ko‘rinmoqda.

Toshkentlik yurist O‘tkirbek Xolmirzayev esa sharh uchun bevosita javobgarlikni uni yozmagan shaxsga – sahifa (sayt) egasi (bloger)ga yuklash esa qonunchilikka ko‘ra imkonsizdir, deya ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG