Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:44

Namanganda ayol ikki chaqaloqni ikkinchi qavat derazasidan uloqtirdi


Illyustrativ surat. Namangandagi voqeaga bu suratning aloqasi yo‘q.
Illyustrativ surat. Namangandagi voqeaga bu suratning aloqasi yo‘q.

9 sentabrga o‘tar tunda, soat taxminan 04:30 larda Namangan tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksiga qarashli binoning orqa hovlisidan 1996 va 1997 yilda tug‘ilgan ikki ayol 2 sentabrda tuqqan qiz chaqaloqlar tirik holda topilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloqlar vafot etgan.

Ozodlik o‘rganishni boshlagan bu voqea tafsilotlarini Bosh prokuratura o‘z Telegram kanalida ochiqladi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 9 sentabr, soat taxminan 03:30 larda fuqaro D.X. 2 sentabrda tuqqan farzandi yotgan palataga kirib, uning "oyoqlari notekis (nuqsonli) tug‘ilganligidan achchiqlangan".

Shundan so‘ng chaqaloqdan qutulish maqsadida u o‘z chaqalog‘i bilan birgalikda shu xonada yotgan M.T.ning qiz chaqalog‘ini ham olib, ularni tug‘ruq kompleksining 2- qavati deraza oynasidan pastga uloqtirib yuborgan. Oqibatda chaqaloqlar og‘ir tan jarohatlari olgan va jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, ayol bu ishni (ya’ni boshqa birovning chaqalog‘ini ham oynadan otib yuborishni) "kelgusida sodir etayotgan qilmishi fosh bo‘lib qolishining oldini olish maqsadida" qilgan.

Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, mazkur holat yuzasidan 9 sentabrda tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro D.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-kismi “a,v” bandlari hamda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq kompleksi mas’ul shaxslariga nisbatan 116-moddasi 4-kismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. D.X. protsessual tartibda ushlangan.

Dastlabki tergov harakatlari davom etayotgani xabar qilindi.

Namangan viloyat huquq tizimi mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ tergov harakatlari davomida tug‘ruqxonaning to‘rt nafar hamshirasi so‘roq qilinmoqda.

Bu haqda matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan bu mulozim¸ hamshiralarning voqea paytida uxlab yotgani taxmin qilinayotganini qo‘shimcha qildi.

"Ayol avval ham ikkita farzand ko‘rgan¸ ikkalasi ham nogiron tug‘ilgan va vafot etgan. Bu farzandi ham nogiron bo‘lgan¸ shifokorlar bu bola odam bo‘lmaydi¸ degan. Ayol qattiq tushkunlikka tushgan.Nogiron bola kimga kerak¸ deb shu ishni qilgan"¸ dedi tergov tafsilotlaridan xabardor mulozim.

XS
SM
MD
LG