Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:17

Domla talabalarini dars paytida onasidan so‘kayotgani aks etgan video tarqaldi (VIDEO)


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan olingan kadr.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan olingan kadr.

O‘zbekistondagi oliygohlarning birida domlaning dars paytida o‘z talabalarini onasidan so‘kayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqadi.

Videoda domla jinsiy aloqani ifodalovchi so‘z birikmalarini aytayotgan paytda doska oldida qiz talaba turgani ko‘rinadi.

Ozodlik videoda aks etgan voqea Toshkent Agrar universitetining Andijon filialida sodir bo‘lganini aniqladi.

39 sekund davom etadigan videoda taxminan 60 yoshlardagi o‘qituvchi qaysidir bir talaba darsga kelmaganini bilgach, "nega darsga kelmaydi onangni s...y, k...ga q....g‘im?" deb so‘kinadi.

Ozodlik ushbu videodagi voqea Toshkent Agrar universitetining Andijon filialida sodir bo‘lganini aniqladi.

Videoda talabalarni haqoratlayotgan domla esa tilga olingan o‘quv yurtining nazariy mexanika o‘qituvchisidir. (Ozodlikka o‘qituvchining ism-familiyasi ma’lum)

Ammo, video qachon olingani Ozodlikka ma’lum emas.

Ozodlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan izoh olish uchun Toshkent Agrar universiteti Andijon filialining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Komiljon Komilovga bog‘langanida, u savolni eshitishi bilanoq, telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Keyin Komilovning uyali telefoniga kun davomida qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Toshkent Agrar universitetining Andijon filialida o‘qiyotgan talabalardan biri videoda talabalarni tahqiromuz so‘zlar bilan haqoratlayotgan domla nazariy mexanika o‘qituvchisi ekanini tasdiqladi, uning ism-familiyasini aytdi.

- Qattiqqo‘l domla. Tiliga istagancha erk beradigan odati bor, bu yerda ayol kishi bor deb o‘tirmaydi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan talaba.

Ozodlik o‘qituvchining o‘zi bilan bog‘lana olmadi.

Ayni paytda video ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozara mavzusiga aylandi.

Mana hokimlar kimdan o‘rnak olishar ekan. Ta’lim bergan ustozingdan ayrilma, deb shuni aytishsa kerak

Facebook tarmog‘ining Jamshid Nazirzoda ismli foydalanuvchisi "Mana hokimlar kimdan o‘rnak olishar ekan. Ta’lim bergan ustozingdan ayrilma, deb shuni aytishsa kerak" deb yozdi.

Atk Kat ismli foydalanuvchi esa "Hurmatli ta’lim vazirlari, bu video xalqning sizlarga qo‘ygan bahosi" deb fikr bildirdi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video xususida hozircha rasmiy bayonot bermadi.

Vazirlik matbuot kotibi Farhod Babashevga Ozodlik muxbiri kun davomida bog‘lana olmadi.

  • O‘zbekiston bilim yurtlarida muallimlar o‘quvchilarni haqoratlashi yoki kaltaklashi aks etgan videolarni Ozodlik avvallari ham e’lon qilgan.
  • Shu yilning fevralida Andijon Transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisini muallim haqoratlagani aks etgan video Ozodlikda e’lon qilingach, o‘qituvchiga xayfsan berildi.
  • O‘tgan yili esa Xorazmdagi kollejda muallim o‘quvchini oyoq kiyimi bilan urayotgani aks etgan video ortidan o‘qituvchi ishdan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG