Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:41

O‘quv korpusi yo‘q Rossiya "instituti"ga pul to‘lab imtihonsiz kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar chuv tushdi


IFEPOZning Moskvadagi manzili ana shu uyda joylashgan.
IFEPOZning Moskvadagi manzili ana shu uyda joylashgan.

Rossiyaning IFEPOZ institutiga O‘zbekistonda hujjat 1-semestr o‘qishga deb 400 dollardan ortiq haq to‘lagan 2 mingdan oshiq o‘zbekistonlik abiturient aldov qurboni bo‘ldi.

Mahalliy televideniedagi reklama orqali hujjat qabul qilgan o‘rtakash konsalting shirkati aldov sababini IFEPOZga O‘zbekistonda litsenziya berilmagani bilan izohladi. O‘rtakash shirkat vakili aldangan o‘zbekistonliklarga qo‘shimcha pul to‘lab Rossiya va Qozog‘istondagi boshqa oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni tavsiya qildi.

IFEPOZ yoki Zahiradagi ofitserlar Moliya, iqtisodiyot va huquq instituti faqat sirtdan ta’lim berishga ixtisoslashgan xususiy ta’lim muassasasidir.

Ozodlikka Telegram kanali orqali murojaat qilgan bir guruh o‘zbekistonlik abiturientlar 2018 yil oxiri¸ 2019 yil boshlarida IFEPOZ deb nomlangan Rossiya oliygohiga o‘qishga kontrakt asosida hujjat topshirib, aldanib qolganini xabar qildi.

“Men 2018 yil “Express consulting service”ga Rossiya Federatsiyasining nufuzli universiteti IFEPOZga dokument topshirib o‘qishga qabul qilindim. “Ular shu yilning yarmidan universitet Global degan nom bilan O‘zbekistonda ochiladi”, deb va’da berishgandi. Ammo o‘qishdan xabar yo‘q. Menga o‘xshagan 2000dan ziyod abiturient bor: hammamiz aldandik, kontrakt pulini to‘laganmiz. Hozirda Qozog‘istonga perevod qilib beramiz¸ deb yana o‘yin qilishmoqda O‘zbekistonda filiali ochiladi¸ deganligi uchungina rozi bo‘lgan edik, afsus. Iltimos, shu ish bilan mutassadi tashkilotlar qiziqib ko‘rsin,” deb yozdi Ozodlikka aldanganlardan biri.

Shikoyat qilgan abiturientning bildirishicha, IFEPOZ institutiga qabul Taraqiyot telekanalida reklama qilingan. Ozodlikka taqdim etilgan shartnoma hujjatlaridan imtihonsiz o‘qishga qabul qilingani aytilgan har bir abiturientdan birinchi yarim yillikka deb 400 dollardan ko‘proq pul olingani ko‘riladi.

IFEPOZ bilan tuzilgan shartnoma nusxasi
IFEPOZ bilan tuzilgan shartnoma nusxasi

IFEPOZ yoki Zahiradagi ofitserlar Moliya, iqtisodiyot va huquq institutiga qabul bilan O‘zbekistonda Universal Express Consulting Service va Advance Consulting tashkilotlari shug‘ullanib kelgan.

Telegram messenjerida IFEPOZga hujjat topshirgan o‘zbekistonliklar maxsus kanal ham ochilgan.

O‘zini farg‘onalik Ziyodulla deb tanishtirgan yigit¸ Farg‘ona Davlat universitetiga o‘qishga kirolmagan ukasi IFEPOZning “imtihonsiz qabul qilamiz” degan reklamasiga uchganini aytadi:

- Ukam imtihondan yiqilgan va bizni “imtihonsiz olamiz” degani qiziqtirgan. Hammani shunaqa deb qiziqtirishgan! Farg‘ona pochtasidagi e’lon bo‘yicha hujjat topshirdik. Qo‘limizga dogovor, spravkalarni berishdi. Birinchi kursda sirtdan o‘qiydi, ukamga “ikkinchi kursda O‘zbekistonga Iqtisodiyot va moliya institutiga perevod qilib beramiz”, degan. Lekin ular “litsenziya ololmadik”, deyishib, Qozog‘iston yo Rossiyadagi universitetlar ro‘yxatini tashlashdi – shu yerga borib o‘qir ekan.

Aytilishicha¸ Rossiya oliygohi deb aytilgan IFEPOZga hujjat topshirganlarning ko‘pi rus tilini bilmaydi va bu "institut" haqidagi reklamaning haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishini boshqa manbalar¸ xususan¸ Internetdagi ochiq manbalardan tekshirib ham ko‘rmagan.

Ziyodullaning aytishicha, yarim yillikka pul o‘tkazib qo‘yganlarning aksari ilojsizlikdan Qozog‘istonning Muxtor Avezov nomidagi universitetiga sirtqi bo‘limga kontrakt asosida hujjatlar topshirmoqda. Suhbatdosh¸ Qozog‘istonga hujjatlarni o‘tkazayotgan konsalting shirkati “xizmat haqi” deb qo‘shimcha mablag‘ yig‘ayotganini ham bildirdi.

IFEPOZning televideniedagi reklamasi
IFEPOZning televideniedagi reklamasi

Ziyodulla¸ Telegramdagi raqamlardan kelib chiqib¸ ukasi kabi IFEPOZ reklamasiga ishonib aldanganlar sonining 2 mingdan ko‘proq ekanini aytadi. Ozodlik ixtiyorida bu iddaoni tasdiqlovchi aniq dalillar hozircha yo‘q.

O‘qishga kirish masalasida abiturientlardan kelib tushgan e’tirozlar munosabati bilan Ozodlik Universal Express Consulting Service shirkatiga murojaat qildi.

O‘zini Oybek deb tanishtirgan shirkat vakili IFEPOZ institutiga O‘zbekistonda litsenziya berilmagani va konsalting shirkatining o‘zi ham aldanib qolganini bildirdi.

- 2017 yili Rossiya vakillari kelib, “Talabalar 1 yil masofada o‘qiydi. Keyin ularni O‘zbekistonga perevod qilib, bu yerda Global nomli universitet ochamiz”, deb va’da qilgan. O‘quv dasturi to‘g‘ri kelmagani sababli ular litsenziya ololmadi! Bizlar ham ishonib qoluvdik. Pul to‘g‘ridan-to‘g‘ri institutga to‘langan – biz faqat hujjat jamlab berish bilan shug‘ullanganmiz, dedi bu suhbatdosh.

Konsalting firmasi vakili hozirda talabalarning Qozog‘istonning Muxtor Avezov, “SilkWay” universitetlari, Moskva va Sibirdagi qator oliygohlarga hujjat ko‘chirish bilan mashg‘ul ekanini ham tasdiqladi.

U shuningdek¸ Qozog‘iston va Rossiyada tahsil olishni istamayotgan abiturientlarga mablag‘larini bevosita IFEPOZ rahbariyatidan olishni tavsiya qildi.

Ozodlik Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan Zahiradagi ofitserlar Moliya, iqtisodiyot va huquq instituti saytida ko‘rsatilgan raqamlar orqali institut rahbariyati bilan ulana olmadi.

Institut direktori o‘rinbosari va institut ta’sischilaridan biri Leonid Aleksandrovich Kaplinning shaxsiy telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlar ham javobsiz qoldi.

Ochiq manbalardan IFEPOZ institutining 1996 yilda litsenziya olgani va uning “Rossiya zahiradagi ofitserlari ittifoqi” jamoatchilik tashkiloti tomonidan tuzilgani ko‘riladi.

Rossiya poytaxtining Aviamotornaya mavzesidagi binoda joylashgan bu institut faqat sirtdan o‘qitish va asosan zahiraga chiqarilgan ofitserlarni qayta tayyorlash, qo‘riqchi va tan soqchilarni o‘qitishga mutaxassislashgan.

Institut o‘z saytida o‘quv korpusiga ega emasligi va talabalar “masofaviy ta’lim texnologiyalari yordamida”gani o‘qitilishini ma’lum qilgan.

Ta’sischi shirkat egalari¸ asosan¸ Rossiyaning Qorachoy-Cherkesiya respublikasidan bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimlari va harbiylardir.

XS
SM
MD
LG