Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:30

O‘zbekistonlik muhojir 30 000 rublga advokat yollab, Peterburg politsiyachilariga qarshi kurash boshladi (VIDEO)


Farg‘onalik Abror politsiyachilarni sudga bermoqchi
Farg‘onalik Abror politsiyachilarni sudga bermoqchi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 29 yashar farg‘onalik Abror, barcha hujjatlari joyida bo‘lganiga qaramay, 12 sentabrda ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Bir sutka sovuq kamerada ushlab turilgan o‘zbek muhojiri politsiyachilar ustidan Tergov qo‘mitasiga arz qildi.

Abror 30 ming rublga advokat yolladi.

Bir necha yildan buyon Sankt-Peterburgda ishlayotgan farg‘onalik Abror 11 sentabr kuni politsiya xodimlari tomonidan to‘xtatildi. Politsiyachilar shahar restoranlaridan birida ishlovchi migrantdan hujjat talab qildi.

Abror o‘sha kungi voqea haqida gapirarkan, dedi:

- Men kuryer bo‘lib ishlayman. Odamlarga buyurtma qilgan ovqatni tashlab chiqib, mashinamga o‘tirsam, yonimga politsiya kelib, hujjat so‘radi. “Qaerda yashaysan?”, dedi. Esimdan chiqib qolgandi yashash manzilim, chunki yaqinda registratsiya qilgandim. “Sen bilmas ekansan!”, deb qo‘limni qayrib, bo‘limga olib ketdi.

Abrorni politsiya xodimlari unga “qayd etilgan joyida yashamaydi” degan aybni qo‘yib, jarimaga tortadi.

O‘zbekistonlik muhojir yigit Ozodlikka uni hibsga olgan politsiyachi bilan bo‘lgan muloqot videotasvirini ham taqdim etdi. Unda politsiya xodimi Abrorni nima uchun hibs etayotgani sababini tushuntirishdan bosh tortayotganini ko‘rish mumkin.

Ўзбек муҳожири уни ноҳақ ҳибс этган полициячини судга берди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:56 0:00

Abrorning aytishicha, politsiya bo‘limiga u bilan birga olib kelingan boshqa muhojirlarning aksari hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, 5000 rubldan jarimaga tortilgan:

- Politsiyada “Sen registratsiya bo‘lgan joyingda yurishing kerak”, deyishdi. Xuddi shu “registratsiya joyi bo‘yicha yurmaganlik” ayblovi bilan bo‘limga yana 10-15 o‘zbek olib kelindi va ularga ham jarima solindi.

Jabrlanuvchining so‘zlaricha, u bir sutka politsiya bo‘limida ushlab turilgan va politsiyachilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga qo‘l qo‘yishga majburlangan.

Navbatchi ofitserlardan biri u bilan yakka suhbatda noqonuniy hatti-harakatlarini “yuqoridan buyruq borligi” bilan izohlashga uringan.

Muhojir yigit politsiyachilarga ular ustidan shikoyat qilmoqchiligini aytgan. Bunga javoban Nevskiy tuman 23- politsiya bo‘limi navbatchisi “Bu katta mexanizm - arz qilsang seni chaynab, tupurvoradi!” degan:

- Bilasizku, biz o‘zbeklar qo‘rqamiz, gap qaytarsak urib tashlashi ham hech gap emas. Bunday bosim faqat o‘zbeklarga bo‘layotganini ko‘rdim. Ular mening kamarimni, oyoq kiyimdan bog‘ichlarni yechib olib, sovuq, siyib tashlangan kichkina kamerada boshqa 8 o‘zbek bilan bir sutka ushlashdi. “Nega bizni qiynayapsan?”, deb savol bersam, politsiyachi “Bu siyosat! Senlar to‘xtamasdan kelyapsan – ko‘payib ketding. Shunday qilib senlarni kamaytirishga tepadan buyruq bo‘lgan”, dedi.

Nihoyat, hujjatlarga tarjimonsiz qo‘l qo‘ydirib va protokol nusxasini bermasdan, politsiya Abrorni bo‘limdan chiqarib yuborgan.

Abror iddaosicha, politsiya asosan markaziy osiyolik ishchilar hisobiga byudjetni to‘ldirish bo‘yicha shu tariqa “plan” bajarmoqda.

Ozodlik 23- politsiya bo‘limiga registratsiya bahonasida ushlab keltirilayotgan muhojirlar, jumladan farg‘onalik Abror masalasida izoh so‘rab, murojaat qildi va quyidagi mazmunda javob oldi.

- Hujjatlari joyida bo‘lmasa olib kelishadi bizga. Hujjatlari joyida bo‘lganlarni politsiya xodimlari olib kelishga haqlari yo‘q, - dedi Abror ishi yuzasidan biror ma’lumotga ega emasligini aytgan navbatchi.

Ayni damda, o‘zbekistonlik migrant ichki ishlar xodimlari do‘q-po‘pisalariga qaramasdan 30 ming rublga advokat yolladi.

Farg‘onalik muhojirning peterburglik advokati Nikolay Novikovning fikricha, Abrorni ushlab qolgan va jarimaga tortgan politsiyachilar hatti-harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud:

- Biz politsiya va Tergov qo‘mitasiga shikoyat tayyorladik. Arzimiz politsiya xodimlarining jabrlanuvchini ushlashda yo‘l qo‘ygan “vakolatlar doirasidan chetga chiqish” fakti asosida tayyorlandi. Biz tekshiruv o‘tkazilib, politsiyachilarga nisbatan 285-286 moddalar asosida jinoyat ishi ochilishini talab qilmoqdamiz. Shikoyatimizni politsiya bo‘limida qayd etishdi, ammo hozircha javob berganlari yo‘q.

Himoyachi ariza bilan shaxsan 23- politsiya bo‘limi boshlig‘i Sergey Kolonistovdan yana bir hafta javob ko‘tishi, tekshiruv boshlanmasa, yuqori instansiyalarga shikoyat bilan chiqishini bildirdi.

“Levada-markaz” o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, oxirgi vaqtlarda mehnat muhojirlariga nisbatan Rossiya jamiyatida yana salbiy kayfiyatlar kuchaygan.

Ijtimoiy so‘rov markazi olib borgan so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, 72 foiz rossiyalik mamlakatga ishlagani kelayotgan mehnat muhojirlari sonini qisqartirish tarafdori ekanini bildirgan.

Bundan ikki yil oldin migrantlarga qarshi chiqqan ruslar soni 58 foizni tashkil etgan.

“Levada” markazi ekspertlari iqtisodiy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan Rossiya jamiyatida millatlararo va migratsiya masalalari yana dolzarb mavzularga aylanayotganini qayd etmoqda.

XS
SM
MD
LG