Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:56

Chegaradagi otishma paytida halok bo‘lgan qirg‘iz chegarachisi dafn etildi


Ravshan Mo‘minovning dafn marosimi.
Ravshan Mo‘minovning dafn marosimi.

Qirg‘iz-tojik chegarasida 16 sentabrda sodir bo‘lgan otishmada vafot etgan qirg‘izistonlik chegarachi Ravshan Mo‘minov dafn etildi. Uning janozasida Qirg‘iziston hukumati rahbarlari ishtirok etdilar.

Toshkentda tug‘ilgan va Qirg‘izistonda ulg‘aygan 41 yoshli Ravshan Mo‘minov ortida betob onasi, rafiqasi va uch nafar farzandi qoldi.

Davlat chegara xizmatining “Bo‘ri” maxsus guruhi hodimi, praporshchik Ravshan Mo‘minov Isfana shahrida istiqomat qilgan.

Chegarachining akasi Husan Mo‘minovning aytishicha, u farzandlari bilan ijara uyida yashagan va uy qurishni rejalayotgan edi.

-Ravshanbek beg‘ubor, rahmdil odam edi. Birovga qattiq gapirib, ko‘nglini og‘ritgan emas. Uch kun avval gaplashgandik. Uy quraman deb harakat qilayotgan edi. Bu peshonasiga yozilgan taqdir ekan. Hech kimni ayblay olmaymiz. Joyi jannatdan bo‘lsin,-dedi marhumning akasi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ravshanbekning 1976 yilda tug‘ilgan akasi ham chegarachi bo‘lgan va u 2003 yilda chegarada xizmat vazifasini o‘tab turganida halok bo‘lgan.

-Ravshanbek 1,5 yosh bo‘lganida otasi vafot etgan. 6 nafar farzandi qolgan. Opam barchasini yolg‘iz katta qildi. 2003 yili Dilshod Mirzahmedov degan o‘g‘li chegarada o‘qqa uchib qaxramonlarcha vafot etgan. U ham Arka hududida sodir bo‘lgan jangda o‘q yegan. Mana endi Ravshan ham vatan uchun, xalqi uchun jonini qurbon qildi, - deydi marhumning xolasi Xosiyat Haydarova.

Marhum Ravshan Mo‘minovni so‘nggi safarga kuzatish marosimi 17 sentabr kuni Isfana shahrida o‘tdi. Unda Bosh vazir Muhammedqaliy Abilg‘aziyev boshchiligidagi rahbarlar ishtirok etdi.

Abilg‘aziyev janoza marosimida marhum oilasiga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini aytdi.Ravshan Mo‘minov yaqinlariga prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov ham hamdardlik bildirdi.

2019 yilning 16 sentabrida qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lgan otishmada Tojikistonning ham uch nafar chegarachisi vafot etgan. Ular: Ovchi-Qal’acha chegara bekatining 35 yoshli yetakchisi Rustam Ubaydulloyev, 21 yoshli askar Ramazon Islomov va 19 yoshli Giyosiddin Suvanovdir.

Otishma paytida har ikki tomondan kamida 25 odam yaralangani ham bildirilgan. Hodisada Tojikiston Qirg‘izistonni, Qirg‘iziston esa Tojikistonni ayblamoqda.

XS
SM
MD
LG