Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:26

1999 ning sovuq yozidan xotiralar. “O‘zbekiston islom harakati” Qirg‘izistonda...


Botken voqealari sodir bo‘lgan kunlarda Qirg‘iziston armiyasi askari yo‘lda soqchilikda turibdi. 1999 yil.
Botken voqealari sodir bo‘lgan kunlarda Qirg‘iziston armiyasi askari yo‘lda soqchilikda turibdi. 1999 yil.

Yigirma yil oldin “O‘zbekiston islom harakati” (O‘IH) jangarilari Qirg‘iziston janubida paydo bo‘lgan va mahalliy qo‘shinlar bilan to‘qnashuvlar chog‘ida bir necha kishini garovga olgan edi.

Ular so‘nggi 60 yil ichida Markaziy Osiyo tuprog‘ida va mintaqaning postsovet tarixida eng katta xavf va tahdid tug‘dirdi. O‘IHning kirib kelishi Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasidagi umumiy tahdidga qarshi kurashishda aloqalar zaif bo‘lganini ko‘rsatdi.

Men o‘sha yerdagi voqealarning bevosita shohidi bo‘lib, hamma narsani o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan edim.

Shunday boshlanadi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi muxbiri, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, ingliz tilidagi Qishloq ovozi blogi olib boruvchisi Brus Pannierning quyidagi maqolasi.

Qirg‘iziston janubiga 1999 yil sentabrida borgan edim. Bishkekda Qirg‘iziston hokimiyatidan Botkenga borish uchun og‘zaki ruxsat oldim. U yoqqa uchoq qatnamas edi, lekin qo‘limdan kelsa, O‘shgacha uchoqda borib, janglar kechayotgan joyga eng yaqin bo‘lgan Botken shahriga yetib olishim mumkin edi. O‘sha joyda jangarilarga qarshi amaliyot o‘tkazayotgan qirg‘iz qo‘shinlarining asosiy bazasi joylashgan edi.

Markaziy Osiyo qishloqlarida tadqiqot o‘tkazayotgan paytim – 1992-93 yillarda Botkenni boshdan-oyoq kezib chiqqanman. Olgan ruxsatnomamning “agar qo‘limdan kelsa” degan qismini izohlash oson bo‘lmadi. O‘shdan Botkenga eltuvchi yo‘l O‘zbekistonning So‘x eksklavidan o‘tishini hisobga olmasa, unchalik olis emas edi, ammo shuning o‘zi boshog‘riq edi, chunki o‘sha yerdan o‘tish uchun menda – garchi rasman zarur bo‘lmas-da – O‘zbekiston vizasi yo‘q edi.

Botken sari yo‘l

Ruxsatnoma olgan kunim O‘shga jo‘nab ketdim.

“Ozodlik” radiosi Qirg‘iz xizmatining (“Azattiq”) O‘shda muxbiri bor edi. Unga oldindan tayinlangan ekan, menga haydovchi topib qo‘yibdi.

So‘x orqali o‘tish kutganimdan oson kechdi. Unga sharq tomondan kiraverishdagi bilbord “qidirilayotgan” O‘IH jangarilari bilan to‘ldirib tashlanibdi. U yerga 1996 yili oxirgi marta safar qilganimdan beri harbiylar soni ancha-muncha oshirilibdi. Chegarachilar va askarlar “Ozodlik” radiosidan kelgan amerikalik jurnalistni emas, o‘sha odamlarni qidirayotgan edi, bu yerga kelishimga oid bir necha savolga javob berganimdan so‘ng tezda o‘tkazib yuborishdi.

So‘xdan chiqish joyiga yetib borganimizda, qorong‘i tushib qolgan edi va daf’atan ikki qir o‘rtasidagi yo‘l to‘siqlariga duch keldik. Avtomobilimizga ikki tomondan yoqilgan projektorlar qaratildi va rus tilida, qo‘llaringizni ko‘taring, degan ovoz eshitildi. Tashqaridan kimdir eshiklarni ochib, tushish va qo‘llarimizni ko‘tarib turishga ko‘rsatma berdi. Yorug‘lik yuzimizga urilgani uchun ko‘p narsani ko‘ra olmadim, lekin yuzim o‘sha yerdagi o‘zbek askarlarini jangarilar emasligimizga ishontirdi. Askarlar 20 ga to‘lar-to‘lmagan katta yoshdagi o‘smirlar ekan. Ular menga o‘zbek tilida kimligimni va nega bu yerga kelganimni tushuntirganimdan so‘ng qattiqroq qiziqib qoldi.

‒ Bu yerda harbiy holat joriy qilingan, ‒ dedi ulardan biri. ‒ Kechasi yurmasligingiz kerak.

Men bir pachka sigaret olib, ularga berdim va Botkenga yetib olmaguncha hech qaerda to‘xtay olmasligimni aytdim. Ular meni nima qilishni bilmas edi, apil-tapil bir piyola choy ichgandan so‘ng ketishim kerakligini aytdim. Ularga ikki pachka sigaret berdim-da, bir-birimizga omad tilab, qorong‘i kechada Botken sari yo‘lga chiqdik.

So‘x bilan Botkenning orasi unchalik uzoq emas, ammo qorong‘i va tuproq yo‘l bo‘lgani uchun bir necha marta qaysi yo‘ldan yurishni bilmay qiynaldik.

Evaz puli va pora

Kichik aeroport, stadion va harbiy baza yonidan o‘tib, Botkenga kirib bordik. Qo‘shimcha harbiy ulovlar, yaqinda bo‘yalgan devorlar ushbu odatda uyqusiragan bazaning ishi qizigandan-qizib ketganidan shahodat berar edi.

Aholisi 12000 kishiga yetar-yetmas Botkenda o‘sha kunlari ham odamlar xotirjam uxlayotgan va men olti yil oldin oralab o‘tgan shahardan deyarli farq qilmayotgan edi. Bitta asosiy ko‘chasi bo‘lib, bozor uning adog‘ida joylashgan, ko‘chaning ayni tarafida oddiy restoran va shahar hokimligining ma’muriyat binosi joylashgan edi. Ko‘chaning narigi betida telefon binosi, shahar teatri bo‘lib, ular ortidagi istirohat bog‘i kesib o‘tilsa, shahardagi yagona mehmonxonaga yetilar edi.

Brus Pannier (o‘ngda) mahalliy harbiy bilan) 1999 yil
Brus Pannier (o‘ngda) mahalliy harbiy bilan) 1999 yil

Mehmonxonaning nomi aniq esimda yo‘q, adashmasam, “Inturist” edi, lekin unda “Tungi klub” reklamasi bor edi. Bir kecha tunash haqi 2 dollar, kichik xonada salqib qolgan karavot va stol bor edi. Istalgan xonaning kaliti mehmonxonadagi barcha xonalarni ochishi mumkin edi. Odatim bo‘yicha o‘sha kunlari istalgan katta buyumga lash-lushimni qulflab qo‘yish uchun velosiped zanjirini olib yurar edim. Ayni holatda katta narsa salqi karavot bo‘ldi. Uni xavfsizlik kafili deyish qiyin, lekin narsalarimni o‘g‘irlab ketish uchun ancha-muncha unnash kerak bo‘lar edi.

Tungi klub turgan xonamdan kattaroq bir xona bo‘lib, unda qachon pishirilgani noma’lum sovuq tovuq go‘shti, chips, yeryong‘oq va keragidan ortiq spirtli ichimliklar bor ekan. Aynan spirtli ichimliklar sabab jurnalistlar, yordam beruvchi tashkilotlar xodimlari va harbiy xizmatchilar bu yerda yig‘ilib turadi.

Ertasi kuni ertalab Botkenda nimalar bo‘layotganini bilish uchun tashqariga chiqdim. Voqealarga aholining munosabatini bilish qiziq edi. Botken ilgari hech qachon odamlar e’tiborini tortmagan, men uni bir avtobusdan ikkinchisiga o‘tirgan joyim sifatida eslab qolganman. Ammo avgust boshida O‘IH jangarilari paydo bo‘lishi bilan shahar hammaning og‘ziga tushdi.

Avgust boshida 25-30 chog‘liq O‘IH jangarisi Zardoli qishlog‘ida paydo bo‘lgandan so‘ng qochganlar ham, hukumat keyinchalik yashab turgan joyidan ko‘chirganlar ham Botkenga keldi. BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha agentligi yetib kelib, futbol stadionida chodirlar tikdi, men borganimda u yerda faqat bitta oila turgan ekan. Boshqalar uylarida yashab turish uchun qarindoshlarini topibdi. Ular yashab turgan xonadonlarni topib olish qiyin emas edi. Hamma joyga kiyimlar osib tashlangan, ba’zi hollarda ular daraxtlar shoxlari orasiga tiqilib, o‘ralib yotar edi. Havo harorati 40 darajaning nari-berisida bo‘lani uchun hamma soya izlar, biroq yashash joyidan ko‘chirilgan, ammo shahar issig‘iga ko‘nika olmayotgan qishloq odamlari darrov ko‘zga tashlanar edi.

Qirg‘iziston hokimiyat idoralari 13 avgustda jangarilarga garovga olingan qishloq odamlarini ozod qilish va u yerdan chiqib ketishi uchun evaz puli (aytilishicha, 50 000 dollar) to‘ladi.

Botkenga olib boruvchi yo‘l. 1999 yil
Botkenga olib boruvchi yo‘l. 1999 yil

Biroq keyinchalik Qirg‘iziston O‘zbekiston hukumatidan Tojikistonga qaytib ketayotgan jangarilarni o‘qqa tutish uchun uchoqlar jo‘natishni so‘radi. Tojikiston hukumati jangarilarning Tojikistonga biror aloqasi borligini inkor qildi, lekin xaritaga qaralsa, ular faqat o‘sha mamlakatdan kelishi mumkin edi. O‘zbekiston hokimiyat idoralari Dushanbening bayonotiga umuman ishonmadi. O‘zbek uchoqlari Qirg‘iziston janubidagi hududlarni, Tojikiston hukumatidan ruxsat ham olib o‘tirmay, Markaziy Tojikistonning Tavildara yaqinidagi O‘IH jamlog‘i borligi ishonilgan tog‘li hududni bombardimon qildi. O‘zbek hukumati keyinchalik Tojikiston hududini bombardimon qilish xato bo‘lganini aytdi.

Buhron tugagani haqidagi alomatlar uzoqqa cho‘zilmadi, chunki 21 avgustda O‘IH jangarilari bu safar ko‘proq bo‘lib, Qirg‘iziston janubiga qaytdi va bir necha qishloq kishilari va o‘sha yerda ishlayotgan yapon geologlarini garovga oldi. Aynan shundan so‘ng guruh O‘zbekistonga bemalol o‘tib ketishni talab qilib, bayonot berdi, ular o‘sha yerga borib, shu vaqtda O‘zbekiston prezidenti bo‘lgan Islom Karimov hukumatini ag‘darib tashlashga urinib ko‘rmoqchi edi.

Juma Namangoniy va Tohir Yo‘ldosh

Karimov Bishkekni ular O‘zbekistonga o‘tishiga ruxsat bermaslik kerakligidan ogohlantirdi. Men Botkenga yetib borgan paytim o‘zbek uchoqlari avgust oxirida adashib bir qirg‘iz qishlog‘iga bomba tashlagan, oqibatda to‘rt kishi, jumladan, bir qiz halok bo‘lgani sabab Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan edi. O‘shanda Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston yordami ortiq kerak emasligini aytdi va ikkala hukumat o‘rtasidagi munosabatlar uzilar darajaga kelib qoldi. Ayni choqda Toshkent ham, Bishkek ham Tojikiston tog‘laridagi jamloqlarda mavjud jangarilarni yo‘q qilishni istamayotgani uchun Dushanbedan xafa edi.

Menga ish yuzasidan berilgan birinchi topshiriq yashab turgan joyidan ko‘chirilgan kishilar O‘IH haqida nimalar bilishini aniqlash bo‘ldi. O‘IH yetakchilarining ismi Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy, uning asl ismi esa Jumaboy Hojiyev ekanini bilar edim. O‘zbekiston hukumati ularni boshqa narsalar barobarida 1999 yil fevralida uyushtirilgan bomba hujumlari uchun ham ayblayotgan edi. Namangoniyga yana 1997 yil noyabri va dekabrida O‘zbekiston sharqidagi Namangan shahrida 4 nafar militsiya xodimini o‘ldirganlik aybi ham qo‘yilgan edi.

Tohir Yo‘ldosh. Surat qachon olingani noma’lum.
Tohir Yo‘ldosh. Surat qachon olingani noma’lum.

T.Yo‘ldosh ham, J.Namangoniy ham 1992-97 yillardagi fuqarolar urushi vaqtidagi Tojikiston hukumati muxoliflari – Birlashgan tojik muxolifati saflariga borib qo‘shilish uchun O‘zbekistondan chiqib ketdi. Ilk O‘IH jangarilarining Qirg‘izistonga kirib kelishi Tojikistondagi fuqarolar urushidan so‘nggi qurolsizlanishning oxirgi bosqichi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi, bu 1997 yil iyunida erishilgan tinchlik bitimi shartlaridan biri edi. O‘sha bitim kuchga kirgandan so‘ng Namangoniy guruhining Tojikistonda qolishi nomaqbul bo‘lgan ko‘rinadi.

Botkendagi yashab turgan joyidan ko‘chirilgan va O‘IHga mezbonlik qilgan qishloq odamlariga ko‘ra, jangarilar ularga yaxshi munosabatda bo‘lgan, yrgan ovqati uchun saxiylarcha pul ham to‘lab turgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq odamlari jangarilarga oziq-ovqat sotish uchun “navbatga ham” turgan emish.

Qishloqlarning biridan qochib ketmoqchi bo‘lgan keksa kishi otib o‘ldirilgan, lekin men suhbatlashgan kishilarning hech biri bu haqda eshitmagan ekan.

Namangoniy kimligini ko‘pchilik eshitgan. U Afg‘oniston shimolidan Tojikiston orqali Qirg‘iziston janubiga narkotiklar tashish uchun asosiy marshrutni nazorat qilib turgan. Tojikistondagi nisbatan kamsonli bo‘lgan o‘zbek jangarilari safi Toshkentdagi bomba hujumlaridan so‘ng kengayib ketdi go‘yo. O‘zbekiston hokimiyat idoralari boshlagan qatag‘on oqibatida minglab musulmonlar hibsga olindi, yuzlab kishilar esa Namangoniyning Tojikistondagi jamlog‘iga qochib bordi.

J.Namangoniy bilan T.Yo‘ldosh Qirg‘iziston janubiga kelmagan ko‘rinadi. Abdulaziz ismli kishi O‘IH kuchlarining o‘sha yerdagi “dala komandiri” bo‘lgan.

O‘IH tog‘ qishloqlarida qolish va Qirg‘iziston kuchlari o‘zining oldiga kelishini afzal bildi. Qirg‘iziston harbiylari jangarilarga qarshi kurashishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan edi.

Qirg‘iziston 1991 yili mustaqillikka erishgandan beri qurolli kuchlariga mablag‘ ajratmayotgan, harbiy uchoqlari yo‘q edi. Botken hududidagi askarlar 1999 yil sentabrida asosan harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlardan iborat bo‘ldi.

Bir kuni tongda yugurayotgan bo‘linma askarlari yonidan o‘tdik. Ayrim askarlarning to‘liq formasi ham bo‘lmay, sport kiyimi, ayrimlari hatto shippak ham kiyib olgan ekan. Hukumat harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, uyiga qaytganlarga, ushbu hududni yaxshi biladigan ovchilarga tashkil qilinayotgan bo‘linmaga qo‘shilish da’vati bilan chiqdi.

Botkenda g‘alati komanda paydo bo‘ldi, ular orasida yagona quroli bo‘lgan pichoqni ko‘tarib yuradigan harbiy kiyimdagi yigit ham bor edi. Boshqa safar Botken chekkasida avtomobilda ketayotganimizda, yonimizdan bir mototsikl o‘tib ketdi, uning kajavasida aftidan slavyan bo‘lgan bir kishi avtomatni yelkasi osha osib olganini ko‘rdik.

Botkenliklarga insonparvarlik yordami yetib keldi. 1999 yil.
Botkenliklarga insonparvarlik yordami yetib keldi. 1999 yil.

U yerda BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha agentligi (UNHCR) xodimlari ham bor edi. Oldin eslab o‘tganimdek, men u yerga borganimda shahar stadionidagi chodirlarda faqat bir oila yashayotgan edi. Biroq jangarilarni tog‘lardan haydab chiqarish bo‘yicha amaliyotlar davom etgani sari stadion yangi yashash joylaridan ko‘chirilgan qishloq aholisi bilan to‘lib bordi. Men Botkendalik vaqtimda UNHCR xodimlarining qo‘li qo‘liga tegmas edi.

U yerda 20-30 chog‘li jurnalist bo‘lib, aksariyati Qirg‘izistonning o‘zidan edi. Botkenga borganimda, bir guruh rossiyalik jurnalistlar ham bor ekan, lekin ular keyinchalik Chechenistondagi ikkinchi urushga debocha bo‘lgan Buynaksk, Moskva va Volgodonskdagi dahshatli bomba portlashlarini yoritish uchun qaytib ketdi.

Qirg‘iziston harbiylari jangarilarga qarshi kurashda Rossiyadan yordam olishi mumkinligi haqidagi umidlar o‘sha odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan portlashlar ortidan chippakka chiqdi.

Botkenda 4 nafar geolog garovga olingani sabab voqeani yoritayotgan bir necha yapon jurnalisti ham bor edi.

Yana men bor edim.

“Azattiq” bilan RFE/RLning O‘zbek xizmati (“Ozodlik”) men Botkendan tayyorlagan material asosida xabarlarni efirga uzata boshlagach, Bishkekdagi hokimiyat vakillari menga, siz Botkenga borish uchun akkreditatsiya olmagansiz, deb shikoyat qilib qoldi. Mana sizga og‘zaki kelishuvning oqibati.

“Kimligingizni bilaman”

Tog‘dagi janglarga bag‘ishlangan kunlik brifingda qatnashish uchun Botken ma’muriyati binosiga borsam, mer meni kutib turgan ekan. U yaxshi inson bo‘lib, avgust boshida jangarilar bilan muzokara qilish uchun Zardoliga borganida, yana uch amaldor bilan qisqa muddat garovga ham olingan edi.

− Siz akkreditatsiya olishingiz kerak, − dedi u menga.

− Yaxshi, akkreditatsiya olish uchun nima qilishim kerak? – dedim men.

− Menga 50 dollar bering, ishni o‘zim hal qilaman, − deya javob qaytardi u.

Gapi jo‘yali tuyuldi. Men Botkenda ko‘p pul sarflamayotgan edim.

Ertasi kuni shaharning bosh ko‘chasidan ketib borayotsam, qarama-qarshi tarafdan mer o‘zim tomon kelayotganini ko‘rib qoldim.

− Menga akkreditatsiya oldingizmi? – deb hayqirdim.

− Kimligingizni bilaman, − dedi u tabassum bilan qo‘lini silkir ekan.

O‘sha kuni ish juda ko‘p bo‘ldi. KamAZ yuk mashinalari gumanitar yordam olib kelgan, yaqinda tashkil etilgan “Ata meken” partiyasi rahbari Feliks Kulov qandaydir tadbir uyushtirayotgan edi.

Kulov bir necha oy oldin Bishkek shahri meri bo‘lgan. Tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi veterani, sobiq vitse-prezident prezident Asqar Akayevni lavozimidan chetlashtirishni rejalashtirayotgan ekan. Kulov bilan partiyasi gumanitar yordam tashkil qilibdi, ammo tez orada uning Botkenga kelishi sababi ma’lum bo‘ldi – 2000 yil fevralida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oldidan kampaniya o‘tkazish ekan.

Kulovning odamlari meni izlab topib keldi. Uning “G‘arb” jurnalisti bilan gaplashish imkoniyatini qo‘ldan boy bergisi kelmayotgan edi. Kulov bilan uchrashgan paytim vanna yoki dushni ko‘rmaganimga bir haftadan ko‘p bo‘lgan edi, biroq u o‘zaro hurmatga putur yetmaydigan masofadan turib, nazarida juda yumshoq o‘tkazilayotgan harbiy kampaniya, jangarilar chiqib ketishi uchun evaz puli to‘lash bilan kelisha olmasligini aytdi.

Men unga qishloq aholisi bilan yapon geologlarini eslatdim.

− Agar ularni haydab chiqarmasangiz, yana qaytib kelaveradi, − dedi u menga.

Feliks Kulov (chapda) va Brus Pannier
Feliks Kulov (chapda) va Brus Pannier

Kulov Botkendan ketdi, ertasi kuni esa hukumatning gumanitar yordami ortilgan boshqa KamAZlar yetib keldi.

Sovet davrida Qirg‘izistonni uzoq yillar boshqargan rahbar, o‘sha paytlar 80 ni qoralab kolgan Turdoxun Usubaliyev yordam olib kelayotgan delegatsiyaga boshliq ekan. Amaliyot komandiri, general Abdigul Cho‘tboyev u bilan birga keldi, ikki yonida – harbiy kiyimdagi ikki ayol. Manzara o‘ta karnavalbop edi.

Tog‘dagi jangarilar

Usubaliyev ham men bilan qisqaroq gaplashishga vaqt ajratib, hukumatning jangarilarga qarshi kurashayotganini olqishladi. Lekin u Botkenga teatrda shahar hokimligi vakillari bilan uchrashuvga raislik qilgani kelgan ekan.

Qurolli kuchlarning sara bo‘linmasi “Skorpion” ham paydo bo‘lib qoldi. Ko‘rinishidan o‘ta jiddiy ko‘ringan harbiy xizmatchilar teatrning orqa qatorlarini egalladi. Usubaliyev so‘zga chiqib, Qirg‘iziston O‘IHni yengishini va’da qildi. U O‘IH jangarilari o‘ldirgan kishining o‘g‘liga tovon puli berdi.

UNHCRning yonimda o‘tirgan rus millatiga mansub vakili men tomon egilib shivirladi: “Jangarilar unga bunlan ko‘proq pul bergan bo‘lsa kerak”. Afsuski, u haq edi. Qirg‘iziston hukumati avgustda evaz pulini O‘IHga qishloq aholisining xayrixohligi va roziligini qozonishda jangarilarga yordamlashish uchun to‘laganiga shubha qolmagan edi.

Men Botkenda qariyb ikki hafta yashab turgan, endi qachon lash-lushimni olib, ketish vaqtim bo‘lishimni bilishga qiziqayotgan edim. Ketish qarorini o‘rnimga boshqalar qabul qildi.

Bir kuni ertalab mehmonxonaning ro‘yxatga olish stolida ishlaydigan juvon xonam eshigini taqillatdi.

‒ Jangarilar bugun kechasi tog‘dan pastga tushibdi, ular O‘shga boradigan yo‘lni to‘sib qo‘ymoqchi emish, ‒ dedi u.

Ma’muriyat binosiga borib, merdan bilganlarini so‘rab olish uchun vaqtim bor edi. O‘IH tog‘dan tushib kelgan edi. Yo‘l hozircha ochiq bo‘lsa-da, jangarilar Botkenni qurshab ola boshlagan va yo‘l tez orada yopilib qolishi mumkin edi. Dala komandiri Abdulaziz o‘ldirilibdi.

Bir kecha oldin haydovchim bilan tungi klubga borgan edik. Men undan oldinroq chiqib ketdim. Uni ko‘ndirib, yo‘lga chiqqunimizcha bir choynak choy icharlik vaqt o‘tdi.

Yo‘lda hech kim yo‘q ekan. Qishloqlar oralab o‘tdik, ertalabki choy damlash uchun yoqilgan olovning ko‘kka o‘rlayotgan tutuni ko‘zga tashlanib qolar, atrofda na odamlar va dahshatlisi, na podani ko‘rish mumkin edi. Haydovchim bilan yo‘ldan bizni to‘xtatmoqchi bo‘lgan qurolli kishilar chiqib qolsa, nima qilishimiz kerakligini gaplashdik. Unda ham, menda ham bunga javob yo‘q edi.

Nihoyat, Qorato‘qay degan chog‘roq joyga yetib keldik. U yerda qirg‘iz chegarachilarining nazorat punkti bor ekan, ammo armiyaga ko‘zim tushishi bilan hurram uchib ketdi.

Barcha ulovlar tekshirilayotgan ekan. O‘sha paytda narsalarim orasida endi rasm bo‘la boshlagan sun’iy yo‘ldosh telefoni bor edi. U solingan metall quti yozuv mashinkasi qutisicha kelar edi. Kerakli sun’iy yo‘ldoshga to‘g‘rilangan quti antenna vazifasini o‘tar va undan dunyoning istalgan joyiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin edi. Qorato‘qaydagi askarlar (botkenliklar ham) bunaqa narsani umrida ko‘rmagan ekan.

‒ Bu sizniki ekanini qanday bilamiz? – deb so‘radi askarlardan surbetrog‘i.

Gap qaerga qarab ketayotganini tushundim, lekin o‘tib olish uchun “sovg‘a” taklif qilmaslik fikrida qat’iy edim.

‒ Bu yerda shunga o‘xshash narsani sotib olish uchun kimning puli bor? – deb javob qaytardim.

‒ Bu o‘zingizniki ekanini isbotlang, ‒ degan javob bo‘ldi. Men ularga RFE/RLga tegishli press-kartamni ko‘rsatdim va RFE/RL logotipiga ishora qildim. Quti ustida telefon shitrix-kodidagi singari qo‘ng‘iroq rasmi bor edi. U mening kartamdagi taniqlilik raqamiga va shtrix-kodga qaradi va dedi: ‒ Raqamlar har xil ekan.

‒ Jiddiy gapiryapsizmi? – deb baqirdim men.

‒ Jiddiy gapiryapman, ushbu telefon, kamera va diktofonni musodara qilaman, ‒ deya javob berdi u.

‒ Yaxshi, ‒ dedim men. ‒ 28 soatda narsalarimni olib ketish uchun MENING elchixonam bilan SIZNING hukumatingiz odamlari bilan birga qaytib kelaman.

Bu katta xato bo‘lgan edi.

U bir-ikki qadam nari yurib, ko‘kragimga tirashdan oldin Kalashnikov avtomatini qo‘liga oldi.

‒ Sizni hech bir sababsiz bu yerda 15 kun ushlab turishim mumkin, ‒ dedi u.

Gapi to‘g‘ri edi. Harbiy holat.

Men asta-sekin kaftlarim ochiq holda qo‘llarimni yuqori ko‘tardim va kulib dedim:

‒ Bu suhbatni juda qo‘pol boshladik. Keling, yo‘l chetiga chiqib, odob bilan gaplashib olaylik.

Gapni qisqa qilib aytmoqchimanki, oradan ko‘p o‘tmay, barcha narsalarimni olib, u yerdan ketdim.

Muammo shu bilan tugab qolmadi.

Biz So‘xga yetib keldik. O‘sha yosh o‘zbek askarlari postda turar edi. Bryus, deb baqirdi ulardan biri. Do‘stona yuzlarni ko‘rib xursand bo‘ldim, to‘xtab, sigaret chekib, ular bilan gaplashdik. Ularni xursand qilmaydigan gap aytganim o‘zimga ham noqulay bo‘ldi. Bilganimdek, shu yaqin atrofda janglar bo‘layotgan, jangarilar O‘zbekiston hududiga yetib olishga umid qilayotgan, bunga mos keladigan eng yaqin maskan So‘x edi.

Men So‘x tomon yo‘l oldim, lekin sharqiy chegaraga yetib borganimizda harbiylar menga juda qiziqib qoldi. Biz to‘xtab, mashinadan tushishimiz kerak edi. Qirg‘iz haydovchim qattiq xafa edi. Men ham. Kutib turishni tayinlashdi, oradan ko‘p o‘tmay, o‘zini So‘xdagi qo‘shinlar komandiri deb tanishtirgan zobit paydo bo‘ldi.

‒ Siz ichkariga kiring, savollarga javob berishingiz kerak, ‒ dedi u.

Abdulaziz halok bo‘lgan

Menga bunaqa takliflar yoqmagani uchun qattiq e’tiroz bildirdim, lekin komandirning buyrug‘i bilan bir necha askar atrofimni qurshab oldi. “Bu shu bugun ikkinchi marta ish bermadi”, deb o‘ylashdan o‘zga choram qolmadi.

Komandir o‘ta xushmuomala ekan, so‘roq qilishga xonaga olib kirgani uchun uzrxohlik ham qildi.

‒ Qirg‘iziston tarafi nimalar bo‘layotgani haqida bizga hech narsa aytmayapti. Siz hozirgina o‘sha yoqdan keldingiz, bilganlaringizni bizga gapirib bersangiz.

U meni bu yerda ushlab turish huquqi borligini eslatib gapini tugatdi.

Ichkariga kirib, o‘tirdim, komandir sigaret chekishni taklif qildi.

‒ Bu – Amerika sigaretlari, – dedi va “Pine” sigareti pachkasini berdi, o‘zbek va rus tillarida uning “AQSh”da ishlab chiqarilgani reklama qilingan edi. Qo‘shma Shtatlarda 30 yil yashab, bunaqa brendli sigaret borligini eshitmaganimni aytish mavridi emasday tuyuldi.

Biz bir necha daqiqa O‘IH va Botken atrofidagi janglar haqida gaplashdik, suhbatimizga boshqa bir kishi kelib qo‘shildi. Oddiy kiyimdagi turqi soquv galstukli kishi kirib kelib, stulga o‘tirdi. Yuragim qattiq urib ketdi: SNB keldi.

U savol berishni davom ettirdi. Men Abdulaziz o‘lganidan qanday xabar topdim? Menga buni kim aytgan edi? Buni o‘sha kishi qaerda va qachon aytgan edi? Hokazo va hokazo. Biz faqat bir joyda aylana boshladik – so‘roq uchun almisoqdan qolgan savollar edi bular. Agar savolni qaytarsam va dastlabki izohlarimdan adashib ketsam, to‘xtab, yana hammasini boshidan takrorlashimiz kerak edi. Askarlar mashinadan sumkamni olib keldi. U diktofondagi har bir suhbatni eshitib ko‘rdi, ba’zi joylarda to‘xtatib, kim gapirayotganini, suhbat qachon va qaerda yozilganini mendan so‘rar edi.

Oradan 3 soat o‘tib, orada 7-8 ta sigaret chekilgach, ishni tugatdik va katta laganda osh keltirildi. Ikkalasi ham noqulaylik uchun uzr so‘radi va men har doim bo‘lganidek, kompaniyamning sodiq xodimi sifatida, agar sizlar “Ozodlik” radiosining O‘zbek xizmati xabarlarini tinglab borganingizda, hozir aytgan gaplarimning hammasini o‘sha yerdan bilib olar edingiz, deb aytdim.

Men jo‘nab ketdim, ammo qirg‘iz askarlari bilan O‘IH jangarilari o‘rtasidagi janglar oktabrgacha davom etdi. Qish boshlangach, O‘IH tog‘lar tomon chekindi.

Nihoyat, Yaponiya hukumati tovon puli to‘ladi va qolgan garovdagi kishilar, jumladan, yapon geologlari ham qo‘yib yuborildi.

1999 yil yozidan so‘ng O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarani yopa boshladi. Botken 1999 yil yozida ham O‘sh viloyatiga qarar edi, lekin oktabrda hukumat Botken viloyatini tashkil qildi, Botken shahri viloyat markazi bo‘ldi. Bunday yo‘l tutilishidan maqsad viloyat ma’muriyati kelgusida shunga o‘xshash vaziyatlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishidan umidvorlik edi.

O‘IH Tojikistonga qaytdi, bir necha tomon ishtirokidagi muzokaradan Rossiya chegarachilari boshqargan Tojikiston chegarachilari vertolyotlarida Afg‘oniston shimoliga o‘tkazib qo‘yildi.

Ko‘pchilik O‘IH 2000 yilda qaytishiga ishongan edi, ular qaytdi ham. Men ham qaytdim. Lekin bu hikoya kelasi yil yozigacha kutib turadi.

Brus Pannier (Bruce Pannier)

XS
SM
MD
LG