Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi targ‘ibot guruhlari tumanda uyma-uy yurib, ro‘molli ayollar va soqol qo‘ygan erkaklarni milliy udumlarga mos ravishda kiyinishga targ‘ib qilmoqda.
Qo‘mitaning Telegram kanalida berilgan foto-xabarlarda targ‘ibot natijasida ro‘molini orqasidan o‘ragan va soqolini olganlar aks etgan.
To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari bu amaliyot prezident qarori asosida bajarilayotganini bildirdi.
To‘raqo‘rg‘on xotin-qizlar qo‘mitasi Telegram kanalida berilgan foto-xabarlarda hijob o‘ragan bir necha ayolning ro‘molini orqasidan o‘ray boshlagani aytilgan.
Bu suratga ilova qilingan matnda: "Zulxumor tushuntirishlar natijasida o‘zbek milliy urf-odatlariga amal qilib ro‘molini milliy holda o‘rab oldi", deyiladi.
Yana bir suratda esa, qo‘mita targ‘ibot guruhi bilan uchrashuvlardan so‘ng soqolini olishga rozi bo‘lgan erkak aks etgan.
"Zulxumorning turmush o‘rtog‘i bilan ham ish joyida ko‘rishdik. 1992 yilda tug‘ilgan Xalilaxonov Azimxon avval udumlarimizga mos bo‘lmagan holda soqol qo‘yib yurganligi, tushuntirishlardan so‘ng soqolini doim oldirib yurishini bildirdi", deb hisobot beradi qo‘mita.
To‘raqo‘rg‘on Xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘ra, uyma-uy yurib aholi orasida "ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy aqidaparastlikka berilmaslik, noqonuniy diniy ta’lim olishdan saqlanish" bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilmoqda.
Kanalda e’lon qilingan bu foto-xabarlar, oradan bir kun o‘tib, negadir olib tashlandi.
Ozodlik bunga izoh so‘rab, tuman hokimining Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shohista Qambarovaga bog‘lanishga urindi. Hokimlikning o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi Qambarova bandligi bois, u bilan gaplashish imkoni yo‘qligini bildirdi.
Ammo, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari Zohidaxon Kenjayeva ayni foto-hisobotlarni tasdiqladi, qo‘mita mulozimlari boshchiligidagi maxsus guruhlar shu kunda uyma-uy yurganini ma’lum qildi.
Qo‘mitaning Telegram kanalida berilgan bayonotda u "haqiqatan ham ular xonadonma-xonadon yurishibdi", deb tasdiqladi.
Uning bildirishicha, tumandagi bu targ‘ibot ishlari prezident shu yil 4 sentabrda imzolagan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4436-qaror bilan bog‘liq.
Aytishicha, shu qaror asosida tumanda ishchi guruhi tuzilgan.
"... men ommaviy axborot vositasi xodimi sifatida ishchi guruhning yig‘ilishlari va yurishlaridan to‘la xabardorman. Shohista Qambarova va boshqalar xonadonlarga kirganlarida aholini dunyo siyosat maydonida global muammo bo‘lib turgan diniy ekstremizm va terrorizm xavfidan ogoh etib, yoshlarni internet bilan ishlashda ziyrakroq bo‘lishi, ota-onalar farzandini nazoratga olishi haqida suhbatlashishdi", deb ma’lum qildi Zohidaxon Kenjayeva.
Shuningdek, Kenjageva hokim o‘rinbosari Shohista Qambarova ayollarning ro‘molini yechmadi, deb ta’kidladi:
"Sh. Qambarova yuz-ko‘zini ro‘mol bilan berkitib olgan ayollarga o‘zbekona ro‘mol o‘rashni (butunlay o‘ramaslik emas) taklif qildi va ko‘pincha o‘zi buni amaliy o‘rgatib qo‘ydi. Buning nimasi yomon? Tasavvur qilaylik, ro‘mol bilan yuzini yopib yurish odatga aylansa, hamma ayollar shu ko‘rinishda yursa, bizning mustaqil, rivojlangan, madaniyati yuksalgan O‘zbekiston xotin-qizlari ekanimiz qaerda qoladi? Yoki hali “suyagi qotmagan”, oqni qoradan durustroq ajrata bilmagan yigitchalar qop-qora bir tutam qilib soqol qo‘ysa, ortidan butun yoshlarni ergashtirsa nima bo‘ladi?" deb ma’lum qildi To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari Zohida Kenjayeva.
U tilga olgan 4436-qaror O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ishini qayta tashkil qilish munosabati bilan imzolangan.
“Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda jumladan shunday deyiladi:
"Ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, ular orasida ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish maqsadida respublika, viloyat, tuman (shahar), mahalla darajasida davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining targ‘ibot guruhlari faoliyatini tashkil etish orqali o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi".
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, prezident qarorining ayni bandiga asoslangan mahalliy hokimlik organlari ishchi guruhlar tuzgan.
4 sentabrdan boshlab, tuzilgan ishchi guruhlar tarkibiga - Xotin-qizlar qo‘mitasi, IIV, Mahalla qo‘mitalari, ta’lim muassasalari kabi tashkilotlar vakillari biriktirilgan.
Xususan, Qo‘qon shahridagi maktablarda o‘qiyotgan ro‘molli qizlar ro‘yxati tuzilgani va maxsus ishchi guruhlar ular bilan tushuntirish ishlarini olib borayotgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev esa, 29 sentabr kuni audioyozuvi tarmoqqa tushgan majlisida, ayni ishchi guruhlar zimmasiga viloyatda "beo‘xshov soqol" qo‘ygan va ro‘mol o‘raganga qat’iy chora ko‘rish vazifasini yuklagan.