Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:48

Toshkentdagi plastik jarrohlik klinikasida o‘lgan ayol ekspertizasiz dafn etildi


Gulshan Sharifova Moliya institutining 3 kurs talabasi bo‘lgan
Gulshan Sharifova Moliya institutining 3 kurs talabasi bo‘lgan

Joriy yilning 24 avgustida Toshkentning Mont Blanc xususiy plastik xirurgiya klinikasida jarrohlik amaliyotidan o‘tayotgan 20 yashar samarqandlik homilador Gulshan Sharifova vafot etdi. Gulshan Mont Blanc vrachlari xatosi bilan 10 kun ichida nobud bo‘lgan ikkinchi mijozdir.

Ushbu klinika faoliyatidan xabardor mutaxassislar Mont Blanc klinikasidagi o‘limlar yuzasidan hech kim javobgarlikka tortilmagan, ish yopti-yopti qilib yuborilgan demoqda. Klinika o‘limlar ortidan o‘z nomini o‘zgartirgan.

Gulshan Sharifovani operatsiya qilgan vrach Faxriddin Obloqulov aybni anesteziologga to‘nkadi va "yuzlab qilinayotgan tibbiy jarrohlik amaliyotlari davomida organizmi kuchsiz bo‘lgan 1-2 bunday mijozlar o‘limi odatiy holatdir" dedi.

2019 yilning 24 avgustida Toshkentning Bunyodkor prospektida joylashgan Mont Blanc xususiy plastik shifoxonasiga samarqandlik 20 yashar Gulshan Sharifova murojaat qiladi: Gulshanning burnida chiqqan mayda o‘simta uning nafas olishiga xalaqit berib kelgan.

Gulshan Sharifovaning otasi Umid Abdushukurovning Ozodlikka so‘zlashicha, ko‘rinishidan oddiy bo‘lgan va boshqa klinikalarda 500 ming so‘m turadigan bu jarrohlik amaliyotiga u 8 million so‘m pul bergan:

- Do‘xtir 14 avgustda ko‘rib, “Bo‘ldi, 20 minutlik operatsiya. Shundoq operatsiya qilamiz – uyingizga olib ketaverasiz!”, dedi. 24 avgust kuni operatsiyaga olib kirishdan oldin do‘xtiriga ham, anesteziologiga ham aytdim – “Faqat tekshirib olinglar – allergiyasi bor!”, desam “Biz ishimizni bilamiz, xavotir olmang, pulini to‘lang”, deyishdi. 20 minut o‘tmasdan “Qizingiz komaga tushib qoldi!”, deb aytishdi.

Gulshan Sharifovani komadan chiqarishga 2 soat uringan vrachlar, uni “AGFA MedLayn” shifoxonasiga jo‘natadi. Ammo u yerda ham vrachlar ayolni o‘ziga keltira olmadi.

Umidning aytishicha, qizi o‘limidan bir necha kun oldin bu klinikada xuddi shu vrachlar qo‘lida yana bir ayol nobud bo‘lgan:

- 3 kun komada yotgan qizim o‘sha yerda tamom bo‘ldi. Biz tekshirib ko‘rsak, 19 avgust kuni xuddi shunaqa operatsiya paytida 42 yashar ayolni o‘ldirishgan ekan. Prokuratura keldi, jinoyat ishi ochamiz, dedi, faqat “Ish ochilsa o‘lik shu yerda qoladi, uni yorib tekshiramiz!”, deyishgandan keyin Samarqandga olib borib ko‘mdik, - dedi Umid.

Jasadning ekpertizaga qoldirilishiga ko‘nmagan yaqinlari vrachlarga e’tirozi yo‘qligi to‘g‘risida hujjatlarga qo‘l qo‘yib bergan va o‘lim munosabati boshlangan tergovgacha surishtiruv ishi to‘xtatilgan.

Gulshan Sharifovadan bir o‘g‘il qoldi
Gulshan Sharifovadan bir o‘g‘il qoldi

Samarqandlik Gulshan va qozog‘istonlik Liliyani jarrohlik amaliyotidan o‘tkazgan xirurg Faxriddin Obloqulov Ozodlik savollariga javob berib, bularni dedi.

- Ha, Sharifova mening patsientkam bo‘lgan, faqat operatsiya bo‘lmasdan, narkoz berish paytida nimadir bo‘ldiyu, operatsiya qilinmasdan, “AKFA MedLayn”ga olib bordik “Tez yordam” mashinasida. Taxminlarimizga ko‘ra, yo doridan reaksiya berib “anafilaktik shok” yoki yurak sistemasidagi fibrillyatsiya, ya’ni qaltirab qolishi oqibatida nobud bo‘ldi. Bu savollarning hammasini anesteziologga berib ko‘rish kerak.

Vrach Liliyani ham operatsiya qilganini, u ham o‘lganini tan oldi.

Faxriddin Obloqulovning aytishicha, "yuzlab qilinayotgan tibbiy jarrohlik amaliyotlari davomida organizmi kuchsiz bo‘lgan 1-2 bunday mijozlar o‘limi odatiy holatdir".

Vrach Gulshanning otasidan olingan pullar qaytarib berilgani, ammo boshqa hech qanday kompensatsiya berilmaganini ma’lum qildi.

Ozodlik marhumalar Gulshan Sharifova va Liliya Apostolovalarni anesteziyasi bilan shug‘ullangan vrach-anesteziolog O‘lmas Xolbekovga ham ayni savollar bilan murojaat qilib, undan javob ololmadi.

Mont Blanc xususiy plastik xirurgiyasi klinikasi rasmiy saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlari orqali ulanishning iloji bo‘lmadi.

Ozodlikka vrach Obloqulovning ma’lum qilishicha, bu hodisa ortidan unga va vrach-anesteziolog O‘lmas Xolbekovlarga xayfsan e’lon qilinib, ular klinikadan ishdan bo‘shatib yuborilgan.

Ozodlikka Umid Abdishukurovdan ma’lum bo‘lishicha, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Gulbahor Nuriddinova Mont Blanc klinikasida bir muddat ishlab, klinika talabga javob bermasligi uchun ishdan bo‘shab ketgan va o‘shandan beri mazkur muassasa faoliyatini taqiqlashni talab qilib keladi.

Gulbahor Nuriddinovaning iddao qilishicha, hozirda “Mukammallik” (ilgarigi “Mont Blanc”) nomi bilan tanilgan plastik xirurgiya klinikasi rahbariyati zaruriy tibbiy ma’lumoti yo‘q vrachlarsiz va zaruriy tibbiyot uskunalarisiz patsientlar hayotini xavf ostida qoldirib operatsiyalar o‘tkazmoqdaki, bir oyning ichida ikki patsient halok bo‘ldi.

Gulbahor Nuriddinovaning fikricha, Gulshan Sharifova va Liliya Apostolovalarni klinika vrachlari oldindan reaktsiyaga tekshirtirmasdan, normal tibbiy muolaja bermasdan narkoz holatiga kiritishga uringan.

U bu holatlarning oldini olish mumkinligi, ayollar vrachlik xatosidan o‘lganini iddao qildi:

- Negadir prokuratura ikkala o‘lim yuzasidan tekshiruv o‘tkazmadi, hech kim javobgarlikka tortilmadi. Sharifova burniga ukol qilinganidan keyin komaga tushgan, Apostolovaning ham doriga bo‘lgan reaksiyasini hisobga olishmasdan komaga tushirib qo‘yishgan. Ikkala holatda ham bitta xirurg va bitta anesteziolog bo‘lgan. Klinika rahbarlari hatti-harakatlari tufayli men avgust oyining o‘zida 3 kishi o‘lgan deyapman – keyinroq Gulshan Sharifova homilador ekani aniqlangan. Buni ota-onasi ham bilmagan.

Gulbahor Nuriddinova plastik jarrohlik amaliyoti vaqtida o‘lgan ikkala ayolning jasadi O‘zbekiston qonun-qoidalariga xilof ravishda sud-tibbiy ekspertizasiz yaqinlariga dafn etishga berib yuborilganidan afsuslandi.

Mazkur holatlar yuzasidan hozircha O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasidan javob olishning iloji bo‘lmadi.

Toshkent Moliya institutining 3- bosqich talabasi bo‘lgan 20 yashar Gulshan Sharifovaning bir o‘g‘il farzandi yetim qoldi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG