Tuyaqush fermasini rivojlantirish uchun 1 mlrd so‘m kredit so‘ragan Sirdaryo Oqoltin straus mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Doniyor Toshpo‘latov 1 oktabr kuni rad javobini oldi.
Kredit ajratishning rad etilishiga Toshkentdagi Straus House firmasi bilan bog‘liq mojarolar ham sabab bo‘lganini taxmin qilayotgan oqoltinlik Doniyor Toshpo‘latov bu firmaga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytdi.
Markaziy bank javobini olishidan bir necha kun muqaddam Doniyor ijtimoiy tarmoqlarda video e’lon qilib, unda bir necha oy oldin kredit uchun hujjatlarni rasmiylashtirgani, biroq viloyat hokimi o‘rinbosari sansalorlik qilayotganidan shikoyat qilgan edi.
Markaziy bankning Sirdaryo Oqoltin straus fermer xo‘jaligiga “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida kredit ajratish rad etilgani to‘g‘risida Sirdaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari nomiga yozilgan 27 sentabrdagi bildiruvi mazmuni Doniyor Toshpo‘latovga 1 oktabr kuni ma’lum bo‘ldi.
Doniyorning 1 oktabrda Ozodlikka aytishicha, u javobni oliboq, kredit ajratishi kerak bo‘lgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning mulozimi bilan gaplashgan va u tuyaqushchilik moliyaviy piramida ekan, deb Toshkentdagi Straus House shirkatiga ishora qilgan.
Straus House ishi
27 sentabrda Straus House MChJning ta’sischisi va bosh direktori Ibrohim Isroilov hibsga olingan edi.
Straus House MChJ rahbari Toshkent shahri va Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar bilan 2019 yilning yanvar-aprelida 90 kun muddat ichida Janubiy Afrika Respublikasidan zotli tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar rasmiylashtirish orqali ularning ishonchiga kirib, 300dan ortiq fuqaroning millionlab so‘m miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumon qilinmoqda.
"Straus Housega aloqam yo‘q!"
Doniyor Toshpo‘latovning aytishicha, 2019 yilda ish boshlagan Straus Housega uning aloqasi yo‘q, chunki tuyaqushchilikni u bundan ikki yil oldin boshlagan. Ikki yildan beri 4000 taga yaqin qush sotdi, lekin asosan nasyaga sotdi, ba’zilardan kafolat xati olib, ko‘pchilikka esa, kafolat xatisiz sotdi. Shu yil bahorda fermasida 600 dan ortiq tuyaqush bor edi. Doniyor bu ish bilan shug‘ullanishni boshlaganidan buyon Rishton tumanidagi Straus Farm bilan hamkorlik qilib keladi.
Doniyor Toshpo‘latovning tuyaqush fermasi to‘g‘risida mahalliy matbuot ham bir necha bor yozgan.
Mahalliy matbuot alqagan tuyaqushchi
Masalan, “Xalq so‘zi” 2018 yilning 10 oktabrida Doniyor Toshpo‘latov Gulistonda o‘tkazilgan “Tashabbus –2018” ko‘rik-tanlovida qatnashganini xabar qilgan.
“Oqoltin tumanilik yosh tadbirkor, “Bahodir o‘g‘li Doniyor” MChJ (Doniyorning yana bir ishxonasi - Ozodlik) rahbari Doniyor Toshpo‘latov tuyaqush boqish bilan shug‘ullanayotganligi bu yilgi tanlov tadbirida o‘ziga xos yangilik bo‘ldi”, deb yozgan edi “Xalq so‘zi”.
2018 yilning 26 oktabrida esa, O‘zA axborot agentligi Doniyor Toshpo‘latov o‘zi yashayotgan tuman darajasida to‘siqlarga uchrayotganini xabar qilgan.
Biroq o‘tgan bir yil ichida tadbirkorning tuman darajasidagi muammolari hal bo‘ldi. Bu haqda Doniyor ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videosida alohida ta’kidlab aytgan.
Doniyor Toshpo‘latovning tuyaqushchilik fermasi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilganini, unga kerakli yordam berilganini Oqoltin tuman hokimligining tadbirkorlar bilan ishlovchi yetakchi mutaxassisi ham Ozodlik savollariga 1 oktabr kuni javob berayotib bildirdi.
Kredit rad etilishidan oldin e’lon qilingan video
Doniyor Toshpo‘latovning shu kundagi tashvishlari Ozodlikka uning bundan bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videosidan ma’lum bo‘ldi.
Markaziy bankning kreditga oid rad javobidan so‘ng video eskirib qolganday ko‘rinishi mumkin. Chunki Toshpo‘latov unda Sirdaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Anvar Karimovdan shikoyat qilgan, uni kredit ajratishga doir qog‘ozlarni imzolashni paysalga solayotganlikda ayblagan.
Aftidan, video e’lon qilingach, Anvar Karimov Toshpo‘latovning qog‘ozlarini imzolab, kerakli instansiyaga jo‘natganki, ish Markaziy bankning rad javobi bilan yakun topdi. Javobning salbiy bo‘lishiga hokim o‘rinbosarining rasman aloqasi yo‘q.
Ha, viloyat hokimi o‘rinbosari Anvar Karimovning Markaziy bank rad javobiga rasman aloqasi yo‘q. Balki Toshpo‘latovning videosi ta’sirida uning Sirdaryo Oqoltin straus uchun kredit so‘rab yozgan xati ishonarli bo‘lmagandir?
Doniyor Toshpo‘latov bu savolga javob berishni istmadi. Anvar Karimovning o‘zi bilan esa, bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.
Toshpo‘latovning videosi eskirib qolganday ko‘rinsa ham, undagi asosiy gap o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
Videosida Doniyor katta-kichik rahbarlarga murojaat qilar ekan, bunday deydi:
“Bir narsani qilib beraman deyishdan oldin yaxshilab o‘ylab olinglar. Chunki sizlarning gapingizga biz ishonamiz va o‘shanga qarab reja tuzamiz. Agar qilolmasalaring, uniyam aytinglar, biz ham odammiz, shu yurtning nonini yeb yuribmiz, tushunamiz. Aytsalaring rejani katta tuzib olmay, bilib ishimizni qilamiz”.
Doniyor videosini e’lon qilgan vaqtda kreditni kuta boshlaganiga 3,5 oy bo‘lgan, umidsizlikka tusha boshlagan edi.
“3,5 oy hazilakam vaqt emas. 2 yildan beri tuyaqushchilik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, sizlar shu 3,5 oy ichida va’da beraverib sabrimni tugatdinglar”.
Videosi davomida Doniyor tuyaqushchilikni rivojlantirish uchun Rossiyada ishlab yiqqan puliga inkubator olib kelganini, jo‘jaxonalar, qushlar uchun yozgi joylar qilganini, navbatda qishki joy qilish turganini, kredit berilmaydigan bo‘lsa, fermani yopib, yana Rossiyaga ketajagini aytgan.
Prezidentning "tuyaqush" qarori
O‘zbekiston prezidenti 2018 yilning 13 noyabrida "Parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni qabul qilgan edi.
Hujjat muqaddimasida jumladan bunday deyilgan:
"...parrandachilik sohasida, asosan, tovuq yetishtirish bilan cheklanib qolinmoqda, boshqa parranda turlari (kurka, bedana, g‘oz, o‘rdak, tuyaqush, kaklik va boshqalar) yetishtirishni ommalashtirish choralari ko‘rilmayapti". Ya’ni prezident qarorida tuyaqush ham tilga olingan.
Qarorda parrandachilik bilan shug‘ullanuvchilarga kredit ajratishda alohida imtiyozlar berilishi belgilab qo‘yilgan.