Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:36

Milliy gvardiya ham paxta tergani jo‘nadi


Samarqand viloyatidagi Milliy gvardiya paxta terimiga jo‘namoqda
Samarqand viloyatidagi Milliy gvardiya paxta terimiga jo‘namoqda

O‘zbekiston Milliy gvardiyasining viloyatlardagi xodimlari paxta terimiga majburan olib ketilmoqda.

Ozodlik olgan xabarlarga ko‘ra, Samarqand viloyati Milliy gvardiya xodimlariga 4 oktabrdan boshlab paxta terimiga safarbarlik e’lon qilingan.

Surxondaryo viloyati Milliy gvardiya xodimlarining aytishlaricha, ular 5 oktabr kuni poezdda Jizzax viloyatiga olib ketiladi.

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi bu holatdan xabari yo‘qligini aytmoqda.

O‘zbekiston Milliy gvardiyasining Samarqand viloyati qo‘riqlash xizmati xodimlari 4 oktabr kuni Jizzax viloyatiga paxta terimiga jo‘nab ketdi.

Bu haqda ishdan haydalishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan Milliy gvardiya xodimlaridan biri Ozodlikka xabar qildi va gapining isboti sifatida bir necha surat taqdim etdi:

Organ xodimlari ortidan paxta terimiga chiqish Milliy gvardiyaga ham yetib keldi.


“Ichki ishlar vazirligiga qarashli malaka oshirish kurslarida o‘qiyotgan organ xodimlari ortidan paxta terimiga chiqish Milliy gvardiyaga ham yetib keldi. Samarqand viloyati tumanlaridagi bo‘limlarda 4 oktabr kuni ertalab hammani yig‘ilishga chaqirgan va paxtaga safarbarlik e’lon qilingan. Shu kuni Milliy gvardiya xodimlari fuqarolik kiyimida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumaniga paxta tergani jo‘nab ketishdi”

Samarqand viloyatidagi Milliy gvardiya paxta terimiga jo‘namoqda
Samarqand viloyatidagi Milliy gvardiya paxta terimiga jo‘namoqda

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mahalla oqsoqollaridan biri Milliy gvardiya xodimlarining paxta terishga olib kelinganini tasdiqladi.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 4 avgust kuni Surxondaryo viloyati Milliy gvardiya xodimlariga ham paxtaga safarbarlik e’lon qilingan. Bu haqda ismi sir qolishini so‘ragan xodimlardan biri Ozodlikka xabar qildi:

Bizning zamnachalnik ham 20 kishining ro‘yxatini berdi


“Viloyatdagi har bir tumandan 20 nafardan xodim paxtaga borishi aytildi. Bizning zamnachalnik ham 20 kishining ro‘yxatini berdi. 5 oktabr kuni poezdda Jizzax viloyatiga olib ketishadi ekan. Hozir shunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Telefonlarimiz olib qo‘yilishi mumkin, balki boshqa xabar yozolmasman”.

5 oktabr kuni bu xodimning telefoni o‘chirilgani bois, Ozodlik u bilan bog‘lana olmadi.

Surxondaryo Milliy gvardiya xodimlari paxta tergani jo‘namoqda
Surxondaryo Milliy gvardiya xodimlari paxta tergani jo‘namoqda

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondonligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, xodimlarning paxta terimiga olib chiqilganiga hech qanday izoh berolmasligini aytdi va matbuot xizmati bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Milliy gvardiyaning matbuot xizmati esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ozodlik 30 sentabr kuni O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bir-biridan mustaqil holda kelgan xabar¸ surat va videolarga tayanib yuzlab IIV xodimining o‘z asosiy ishini qo‘yib¸ paxtakorlikka majburlanaëtgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi xizmati tizimidagi 2100 kishi majburiy ravishda Jizzax viloyatiga paxta terimiga yuborilgan edi.

XS
SM
MD
LG