Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:21

Bog‘bon: eksportga yetishtirgan anorlar nest-nobud bo‘layapti, yordam bering!


Qashqadaryolik Avrayevlar oilasi
Qashqadaryolik Avrayevlar oilasi

Kitob tumanilik (Qashqadaryo viloyati) bog‘bon, 10 yildan ortiq eksportga anor yetishtirayotgan ota-bola Shukrullo va Xayrullo Avrayevlar bu yilgi hosili nobud bo‘layozganidan shikoyat qildi.

OzodMikrofon rukni bilan suhbatda, oilaning da’vo qilishicha, 16 yil avval ekilgan bog‘ sud qarori bilan tortib olinmoqda, g‘arq pishgan hosilni terib olishga esa, imkon berishmayotir.

Oilaga ko‘ra, ular mehnat qilib kelayotgan 60 sotixlik bog‘da mamlakatda nomi tanilgan Dashnobod anori yetishtiriladi.

Avrayevlar 16 yildan beri ishlatib, anor hosilini 10 yildan beri eksport qilib kelayotgan bog‘ tumandagi "Sevinch yulduzi" nomli fermer xo'jaligiga tegishli.

- Biz bu yerni fermer bilan og‘zaki kelishuv asosida ishlatib kelayapmiz. Yer solig‘i va mahsulot pulini fermerning bank hisobiga o‘tkazib kelganmiz. Lekin, fermer pulni to‘lamagan, yerni majburan egallab olgan, deb bizni sudga berdi. Sud ham bizni eshitmadi. Hozir fermer bizni dalaga umuman yaqinlashtirmayapti. Hosil rosa pishgan - hozir terib olinmasa, nobud bo‘ladi. Ikki marta yomg‘ir yog‘ib, meva yorilishni boshlagan, - deb da’vo qildi keksa bog‘bon Shukrullo Avrayev.

Bog‘bonning o‘g‘li Xayrullo Avrayevning aytishicha, ular kabi yana 4 bog‘bon g‘arq pishgan hosilini terib ololmayotir:

- Hammamiz shu hududda 2003 yildan beri anor ekamiz. Mehnat bizdan, sarf-harajat o‘zimizdan - har yili fermerning bank hisobiga mahsulot puli va yer solig‘ini to‘laganmiz. Bankdan to‘lov qog‘ozlari bor - lekin na fermer, na sud quloq soladi bizga.

U sud hukmi va bankka to‘lov qog‘ozlari nusxalarini Ozodlikka yo‘lladi.

Ozodlik bu shikoyat ortidan "Sevinch yulduzi" nomli fermer xujaligi raisi Sayfulla Azizov bilan bog‘landi.

Fermer haqiqatan ham 4 bog‘bon oiladan yer sud qarori bilan olingani, bunga uning arizasi sabab bo‘lganini tan oldi. Mikrofonsiz suhbatda fermer bu oilalar mahsulot pulini to‘liq yoki umuman to‘lamayotgani, murosa yo‘li ish bermagach, sudga arz qilishga majbur bo‘lganini da’vo qildi.

Ammo, 1 gektardan ortiq yerdagi eksportga mo‘ljallangan anorning nobud bo‘layotganiga oid shikoyatni rad qildi.

Ayni paytda uning aytishicha, mamlakatda ijaraga olingan yerni ikkilamchi ijaraga berish taqiqlangan. Shu bois, qo‘lidagi bog‘bonlar bilan og‘zaki kelishuv asosida ishlashga majburdir. Boshqa turdagi mehnat shartnomalarini imzolash uchun esa, bog‘bonlar rozi bo‘lmayotganini da’vo qildi.

Avrayevlar oilasining da’vosicha, Kitob tumani hududida ular kabi og‘zaki kelishuv asosida ishlaydigan bog‘bon oilalar soni o‘nlab.

- 40 gektarga yaqin yer bor - birimiz anor, birimiz uzum yetishtiramiz. Hosil Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga eksportga ketadi. Avval sovxoz vaqtida bu yer bizga o‘xshagan oilalarga bo‘lib berilgandi. Keyin fermer xo‘jalikka aylanganda, shu fermerga biriktirilganmiz. Lekin, fermer bilan bizning o‘rtamizda hech qanaqa shartnoma imzolanmagan. Endi esa bog‘dan chiqarishmoqda, - deydi Xayrullo Avrayev.

Quyida bu bog‘bon bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:21 0:00
Бевосита линк

* * * * * * * * * * * * * * * * *
OzodMikrofon​ rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG