Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:32

Maxfiy qaror: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi DXX raisi o‘rinbosariga tenglashtirildi


Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 4 sentabr kungi maxfiy qarori bilan mamlakatdagi diniy vaziyat va dindor qatlamni nazorat qilishni Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirildi.

Maxfiy qaror nusxasi uning ijrosiga bevosita aloqador tizimlardan biri mulozimi tomonidan Ozodlikka sizdirildi¸ bu hujjatning prezident imzo qo‘ygan nusxasini hozircha Ozodlik ko‘rgani yo‘q.

PQ-4437m deb rasmiylashtirilgan qarorga muvofiq¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistondagi diniy siyosat va uning ijrosi uchun asosiy mas’ul tizim qilib belgilangan.

Bu qo‘mita raisi lavozimi esa¸ qarorda yozilishicha¸ “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati harakatdagi zahira ofitseri bilan to‘ldiriladi va uning maqomi DXX raisi o‘rinbosari lavozimiga tenglashtiriladi”.

Qarorga muvofiq¸ mamlakatdagi kuchishlatar va hokimiyat tizimlaridan tortib masjid imomlari va otinoyilarga qadar barcha Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga “barcha zarur ma’lumot va hujjatlarni taqdim etadi va diniy vaziyatga oid muntazam hisob berib boradi".

2019 yil 4 sentabr kungi qaror DXXning bu vazifaga de-yure qaytganini ko‘rsatadi.

Ketma-ket raqamlangan biri ochiq¸ biri yopiq qaror

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëev 2019 yilning 4 sentabr kuni “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangangan qarorga qo‘l qo‘ydi.

PQ-4436 deb raqamlangan bu qaror matni jamoatchilikka e’lon qilindi.

Ayni shu sana bilan qabul qilingani unvonidan ko‘rinib turgan yana bir hujjat “Mamlakatda diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari”deb nomlanadi.

Maxfiy qarorning 1-sahifasi.
Maxfiy qarorning 1-sahifasi.

PQ-4437m deb raqamlangan bu qaror matni tepasiga “MAXFIY” deb yozilgan.

Ikkala qaror mohiyatan bir-biriga yaqin bo‘lsa-da¸ aftidan hokimiyat tizimlari ichki foydalanishiga mo‘ljallangan maxfiy qarorda O‘zbekistondagi joriy diniy vaziyatga baho berishda aniq va konkret atamalar qo‘llanilgan.

Xususan¸ ochiq qaror matnidagi “diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish” degan umumiy ibora o‘rniga¸ maxfiy qarorda hokimiyat tizimlariga “jamiyatda diniy mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish” degan konkret topshiriq berilgan.

Shuningdek¸ PQ-4436 sonli qaror matniga Davlat xavfsizlik xizmati nomi umuman kiritilmagan bo‘lsa¸ maxfiy qarorda¸ diniy vaziyatni nazorat qilish mexanizmini boshqarish vakolati birlamchi Davlat xavfsizlik xizmatiga yuklangan.

Diniy siyosat va diniy vaziyatni nazorat qilish piramidasi

Jamiyatdagi diniy radikallashuv oldini olish bo‘yicha prezident bergan topshiriqlar ijrosiga¸ asosan¸ Ichki ishlar vazirligi¸ Yoshlar ittifoqi¸ Xotin-qizlar qo‘mitasi¸ mahalla kengashlari¸ hokimlarning jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar¸ yoshlar siyosati¸ ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari jalb qilingan.

Qarorning Ichki ishlar vazirligiga oid bandida keltirilgan vazifalar orasida¸ quyidagi topshiriq ham bor:

norasmiy diniy oqimlar safiga kirib qolganlar¸ radikal va ekstremistik oqimlar yetakchilarining shaxsini aniqlash hamda faoliyatiga chek qo‘yish choralarini ko‘radi va amalga oshirilgan tezkor tadbirlar yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etadi”.

4437m-sonli qarorda yozilishicha¸ unda belgilangan kompleks vazifalar yuzasidan bu tizimlarning barchasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga hisobot beradi.

Bu qo‘mita esa¸ qarordan tushunilishicha¸ Davlat xavfsizlik xizmatining jamoatchilikdan sir tutilayotgan maxsus tarmog‘idir.

“Belgilab qo‘yilsinki¸ Qo‘mita raisi lavozimi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati harakatdagi zahira ofitseri bilan to‘ldiriladi va uning maqomi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari lavozimiga tenglashtiriladi”¸ deyiladi prezident maxfiy qarorida (qoraytirish asl matnga oid – tahr.)

Qarorning “O‘zbekiston Respublikasida diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish MEXANIZMI” deb nomlangan ilovasida bu piramida aniq chizib berilgan.

Maxfiy qarorning 1-ilovasi.
Maxfiy qarorning 1-ilovasi.

Diniy siyosatning ijro mexanizmiga kiritilgan tizimlarning diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish uchun amalga oshirilishi lozim chora-tadbirlariga oid ikkinchi ilova Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ma’lumot va hisob beruvchilar ro‘yxati kengayib boradi.

Jamiyatda diniy mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish hamda mavjud vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha 2019 yilning sentabr-dekabr oylariga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” deb nomlangan ikkinchi ilovada jami 80 ta vazifa belgilab berilgan.

Bu vazifalarning 68 tasiga bevosita DXX yoki bu xizmat raisi o‘rinbosari boshqaraëtgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul etib tayinlangan.

Maxfiy qarorni taqozo qilgan sakkiz omil

Jamoatchilikka ochiqlanmagan qarorning “Mamlakatda diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari” deb nomlangani mantiqan O‘zbekiston hukumatida vaziyatning nosog‘lom va beqarorlashuv yo‘nalishida ketayotganiga oid ma’lumot va tahlillar mavjudligi ifodasidir.

Qaror muqaddimasida “fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani”¸ ayni paytda “respublikadagi diniy vaziyatning tahlili olib borilayotgan o‘zgarishlar natijalari jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etuvchi qator omillar saqlanib qolayotganini” ko‘rsatayotgani ta’kidlanadi.

Prezident qarorida sakkizta shunday omil tilga olinadi.

Birinchidan¸ diniy sohada yaratilayotgan erkinlik va sharoitlarni suiiste’mol qilib¸ ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanishning ko‘payishi;

ikkinchidan¸ kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berayotgan¸ o‘z shaxsiy qarashlarini majburiy diniy qoida sifatida talqin qilib¸ ularni aholi orasida keng yoyishga harakat qilayotgan guruhlar faoliyatining kuchayishi;

uchinchidan¸ axborot maydonida diniy masalalarni yoritishning nazorat mexanizmlari sustligi¸ Internet va mobil messenjerlardagi ma’lumotlarni qamrab olish imkoniyatining mavjud emasligi oqibatida ularda diniy mutaassiblik va ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi kontentning ko‘payishi;

to‘rtinchidan¸ aholi¸ ayniqsa¸ yoshlarning diniy ehtiyojlarini qondirishda¸ dunyoda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning mohiyatini odamlarga to‘g‘ri tushuntirib berishda chekka va chegara hududlardagi masjid imomlarining bilimi va dunyoqarashi sayozligi¸ diniy sohadagi islohotlarning mohiyatini to‘liq tushunmasligi;

beshinchidan¸ diniy soha xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirishga oid o‘quv-metodik dasturlarda ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha materiallarning yetishmasligi;

oltinchidan¸ xorijga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolarning ekstremistik oqimlar ta’siriga tushishi¸ O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng o‘z yaqinlari va qarindoshlari orasida radikal g‘oyalarni targ‘ib qilishi;

yettinchidan¸ kundalik hayotda ko‘zga tashlanayotgan noodatiy libos va qiyofa ko‘rinishlari¸ ayollar orasida milliy rasm-rusumlarga diniy tus berish;

sakkizinchidan¸ afv etilgan yoki jazo muddati tugashi bilan ozod qilingan ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy faoliyatni davom ettirish va o‘zlarining ekstremistik yo‘ldagi hamfikrlari bilan aloqa o‘rnatish kabi holatlar kuzatilmoqda”.

Qaror va unga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”¸ qarorda yozilishicha¸O‘zbekistonda “qonun ustuvorligiga asoslangan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etish¸ mamlakatdagi “mavjud barqaror taraqqiyot¸ tinchlik va osoyishtalikni saqlash¸ diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida” qabul qilingan.

Qaror ijrosi bormoqda; natija dekabrda sarhisob qilinadi

4437m raqamli maxfiy qaror ijrosi u rasmiylashtirilgan kunning ertasigayoq - 5 sentabrdan boshlangan. Unga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra¸ 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar natijalari uch oydan so‘ng - 5 dekabr kuni tahlil qilinadi.

Ozodlik ixtiyoridagi boshqa hujjatlar¸ qolaversa¸ o‘zbekistonliklardan kelayotgan xabarlar ayni kunlarda¸ qaror ijrosiga jalb etilgan tizimlar¸ xususan¸ DXX va IIV joylarda prezident qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosiga qattiq kirishganini tasdiqlaydi.

Xususan¸ Farg‘ona viloyat hokimining o‘tgan oy ijtimoiy tarmoqda yoyinlangan maxsus selektor yig‘ilishida “beo‘xshov soqol qo‘yganlar va ro‘mol o‘raganlarga” nisbatan chora ko‘rish haqidagi chiqishida berilgan topshiriq va ishlatilgan aksar iboralarning PQ4437 raqamli maxfiy qarordagi bilan ayni ekani ko‘riladi.

Bunday qaror borligidan xabari yo‘q bo‘lsa-da¸ uning joylardagi ijrosi ayni kunlarda O‘zbekiston jamoatchiligi orasida ziddiyatli munosabat uyg‘otmoqda.

Karimov boshqaruvi davrida diniy idora va masjidlarda Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) kuratorlari ishlaganiga ishonilgan bo‘lsa-da¸ Ozodlik ixtiyoridagi maxfiy qaror diniy vaziyatga aloqador barcha davlat va jamoatchilik tizimlarining bevosita DXX nazoratida ekanini ilk bor rasman tasdiqladi.

2018 yil 31 yanvar kuni Rustam Inoyatov MXX raisligidan olinib¸ idora nomi MXX dan DXXga aylangani ortidan Toshkent mulozimlari Ozodlikka O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va masjidlarga biriktirilgan MXX kuratorlari chaqirtirib olinganini bildirgan edi.

Diniy vaziyat ustidan nazoratning DXXga qaytarilishi nimani anglatadi?

Ozodlik bu savol bilan o‘zbekistonlik ikki tahlilchiga murojaat qildi.

AQShda yashayotgan xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassis Rafael Sattorov¸ uch yillik nisbiy erkinlikdan so‘ng Mirziyoyev hukumatining diniy vaziyat ustidan yana jiddiy nazorat o‘rnatishi tashqi va ichki omillar tug‘dirgan tabiiy qaror ekanini aytadi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:08 0:00
Бевосита линк

Maxfiy qarorga izoh berish oqibatidan cho‘chigani bois shaxsi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik blogerning Ozodlik savoliga yo‘llagan javobi quyidagi bo‘ldi.

"Barcha rivojlangan davlatlarda radikal dindorlar bilan maxsus xizmatlar shug‘ullanishi hech kimga sir emas. Ammo biz va ularning farqi shundaki, bizda bu narsa ochiq oshkora qilinadi. Mening fikrimcha¸ dinga chuqur berilib ketgan insonlar nazorat ostida bo‘lishi kerak va buni kim nazorat qilishi menga unchalik qiziq emas. Muhimi ulardan zarar ko‘rmaylik."

XS
SM
MD
LG