Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ma’muriyati “Neftchi” sport majmuasidagi seksiyalar trener va xodimlarini 21 oktabrdan boshlab chaqirtirib, ular bilan mehnat shartnomasi tugaganligini e’lon qilmoqda.
Zavod ma’muriyati bunga stadion qoshidagi sport majmuasi shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazilganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.
Sport majmuasi xodimlarining aytishicha, hokimlik shu paytgacha trenerlarga ish topib berolmagan, texnik xodimlarni esa zavod ma’muriyati ishga olmayapti.
Turli seksiyalarda mashg‘ulot o‘tkazayotgan 2000dan ortiq bolaning keyingi taqdiri ham noma’lum qolmoqda
Farg‘ona shahar hokimligi bu masaladagi savollarga javob berishdan bosh tortdi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tasarrufidagi “Neftchi” sport majmuasidagi seksiyalar trener va xodimlar ishdan bo‘shatila boshlagani to‘g‘risida Ozodlikka xabar bergan sport majmuasi trenerlaridan birining aytishicha, 18 nafar xodim zavodga chaqirtirilib, ular bilan mehnat shartnomasi tugaganligini ma’lum qilingan:
80 ga yaqin xodimlar endi qaerdan ish topadi, hayronmiz.
“Kadrlar bo‘limidan shu oyning oxirigacha ishlaysizlar, buyruq tayyorlanyapti, boshqa ishlamaysizlar, dedi. Biz sizlarni ikki oy oldin ogohlantirganmiz, deyishdi. To‘g‘ri ogohlantirishgan, lekin 80 ga yaqin xodimlar endi qaerdan ish topadi, hayronmiz. Bo‘lmasa, texnik xodimlarimizni zavodning o‘ziga ishga olinglar desak, unashmayapti”.
Trenerning aytishicha, 19 nafar murabbiy-trener va 60 nafar texnik xodimlar ikki mingdan ortiq bolaga mashg‘ulot o‘tib kelyapti:
Bunday keng qamrovli kompleks viloyatda yagona hisoblanadi.
“Bizda asosan 7-16 yashar bolalarga boks, sambo, voleybol, basketbol, futbol, tennis, karate, futbol, suzish va boshqa sport turlaridan bepul mashg‘ulot o‘tkaziladi. Zavod ishchilari ham kelib, mashq qilishadi. Bunday keng qamrovli kompleks viloyatda yagona hisoblanadi. Zavod yaxshi homiylik qilib kelayotgan edi. Endi, tap etib, nol qiymatda hokimlik balansiga o‘tqazib qo‘yishdi. Lekin hech kimga kerak emasmiz shekilli, hokimiyatdan ham hech kim so‘ramaydi”
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa trenerning aytishicha, joriy yilning boshida, hokimlik majlis o‘tkazib, barcha shtatlar saqlanib qolishi, homiy o‘zgarishi mashg‘ulotlarga salbiy ta’sir o‘tkazmasligi to‘g‘risida va’da bergan:
“Fevral oyida hokimiyatdan, sport boshqarmasidan vakillar kelib bu sportshkola bo‘ladi, hech kim ko‘chada qolmaydi, hamma ish bilan ta’minlanadi, degan edi. O‘sha paytdagi zavod direktori Abdukarim aka edi. U hammanglarni sport boshqarmasi ishga joylaydi, kim joylanmasa biz zavodga ishga olamiz, deb va’da bergan edi. U direktor ham ishdan ketdi, va’dalar ham unutildi. Hozir hech qanday gap yo‘q”.
Ismi sir qolishini so‘ragan majmua farroshlaridan biri ham ishdan bo‘shatilganini aytdi:
“Zavodga tashqaridan ishga qabul qilishyaptiku, bizni ham oling desak, unashmayapti. Bizning ham tirikchiligimiz bor, endi bola-chaqamizni qanday boqamiz?”
“Neftchi” sport majmuasi direktori Rohatali Hamraliyevning aytishicha, hozircha hokimiyatdan bu muammoni hal qilishga hech qanday taklif aytilmagan:
Hozir murabbiylar ham qisqaryapti. Ular bo‘lmasa, bolalar ham kelmaydi.
- O‘tgan yili Vazirlar Mahkamasining qarori chiqib, stadionimiz va sport majmuasi zavodning balansidan chiqarilib, bizning shtatlar qisqartirilgan. Hokimiyat endi sportkomitetga berishi kerak. Sportkomitet shtat ochib, bu yerda maktab bo‘lishi kerak. Biz, mayli yangi yilgacha ishlab turishsin, yangi yildan shtatlar joriy qilsanglar o‘shanga o‘tib ishlashadi, deb hokimiyatga taklif bergan edik. Hozir murabbiylar ham qisqaryapti. Ular bo‘lmasa, bolalar ham kelmaydi. Shahar hokimligi sport bo‘limiga murabbiylar ro‘yxatini berdik, maktablarga biriktirib bering, bolalar shug‘ullanib turishsin, ko‘chada qolib ketmasin, deb. Lekin hozircha hech qanday ish ko‘rinmayapti.
Farg‘ona shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Farhodjon Abdillazov qabulxonasiga Ozodlik kun davomida bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Birinchi bor, Ozodlikdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini eshitgan mulozim, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Bir soatdan keyin esa go‘shakni ko‘targan mulozim Ozodlikning bu savoliga javob beradigan shaxs idorada yo‘qligini aytdi.
Joriy yilning fevral oyida “Neftchi” sport majmuasi xodimlari ishsiz qolishi mumkinligi haqida Ozodlikka yozgan edi.
O‘shanda shahar hokimligi va viloyat sport boshqarmasi hech kim ishsiz qolmasligiga va’da bergan bo‘lsa, o‘tgan 9 oy davomida bu masala yechimini topmadi.
Prezidentning maxsus qarori bilan Farg‘ona vodiysidagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodining 100 foizlik ulushiga egalik haqini Indoneziyaning «RT Trans Asia Resources» shirkati olgan.
Uning egalari asli o‘zbekistonlik Aslanovlardir.
Asli o‘zbekistonlik deb aytiladigan Aslanovlar va ularning biznesiga oid ochiq manbalarda deyarli ma’lumot yo‘q - Farg‘ona zavodiga 875 million dollardan ko‘proq investitsiya kiritishi aytilayotgan «RT Trans Asia Resources» shirkatining rasmiy sayti ham mavjud emas.
2018 yilning 12 iyun kuni viloyat faollari bilan yig‘ilishda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining “kalamushlar”¸ “farg‘onalik kelinlar” va “Farg‘onani o‘g‘irlagan to‘da” qo‘lida bo‘lganini aytgan Mirziyoyev¸ bu sifat berilganlar shaxsini ochiqlamagan edi.
Farg‘ona vodiysidagi serdaromad ishlab chiqarish va xizmatlarning Islom Karimovning qayinsingli Tamara Sobirova va uning o‘g‘li Akbarali Abdullayev tomonidan nazorat qilingani aytiladi.
Farg‘ona neftni qayta ishlab zavodi bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan Akbarali Abdullayev hozirda qochqinlikda yashamoqda.