Qashqadaryo viloyat, Koson tumanida yashaydigan, 21 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan 40 yashar ayol 15 sentabrda bo‘yniga arqon solib, joniga qasd qildi.
O‘sha payt maktabdan qaytgan qizi arqonni kesib yuborib, onasini qutqarib qoldi.
Bundan avval, bu o‘qituvchi ayol 2018 yilning oxirida o‘ziga o‘t qo‘yib, tanasining 40 foizi kuyib ketgan edi.
Ona 14 yashar qizini zo‘rlagan shaxs jazoga tortilmagani, mahallada bu oilaga nisbatan tahqirlovchi gap-so‘zning ko‘paygani uchun o‘z joniga qasd qilganini uning singlisi Ozodlikka aytdi.
Qiz otasining aytishicha, tuman prokuraturasi gumonlangan shaxs qolib, qizning qarindoshlaridan DNK analizi olib tekshirmoqda.
Tuqqan bolasini boshqa qaytib ko‘rmagan qiz, maktabda unga nisbatan masxara va tahqirlash tinmayotganini aytdi.
Tug‘ilgan qiz bola o‘sha kunning o‘zida boshqa shaxsga farzandlikka berib yuborilgan.
Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosarining aytishicha, 14 yashar qiz bilan jinsiy aloqa qilishda gumonlangan yigitning oilasi avval qizni kelin qilishga rozi bo‘lgan, keyin esa bu fikridan qaytgan.
O‘z joniga ikki marta qasd
Koson tumanida yashaydigan 40 yashar o‘qituvchi (o‘qituvchi, uning qizi va boshqa qarindoshlarining ismi, ular yashaydigan qishloq va boshqa ma’lumotlar Ozodlikka ma’lum – tahririyat.) 15 sentabr kuni tushdan keyin o‘z uyining ayvonida o‘zini osib, joniga qasd qilgan.
O‘qituvchining qizi so‘zlariga ko‘ra, maktabdan qaytgan paytda onasi o‘zini osayotganini ko‘rib qolgan:
“Shunday hovliga kirishim bilan, onam ayvon to‘siniga o‘zini osayotganini ko‘rib qoldim. Dodlab yugurib borib, oshxonadan pichoqni olib chiqdim. Onamning tepasidagi arqonga bo‘yim yetmay, bir necha marta onamning peshonasini ham kesib oldim. Bir balo qilib arqonni kesdim. Onamni ikkinchi marta asrab qoldik”.
Qizning aytishicha, onasi bundan avval 2018 yilning 2 dekabrida ham o‘ziga o‘t qo‘yib, joniga qasd qilgan:
“Onam bizga bor, ko‘chadan benzin olib kel deb aytaverardi. Biz olib kelmasdik. Bir kuni hammomga kirib, ustidagi ko‘ylak va lozimiga shunday o‘t qo‘yib yuboribdi. Ko‘ylak sintetikadan bo‘lgani uchun lovullab yonib ketgan. Duxturlarning aytishicha, qariyb 40 foiz badani kuygan”.
O‘quvchi qizning so‘zlariga ko‘ra, onasining o‘z joniga qasd qilishiga u bilan bog‘liq hodisa sabab bo‘lgan.
Nomusga tajovuz
O‘quvchi qizning Ozodlikka iddao qilishicha, 2017 yilning avgust oyida o‘sha paytda 20 yashar bo‘lgan qo‘shni yigit uning nomusiga tajovuz qilgan:
Orqamdan yugurib kirdida, og‘zimni yopib nomusimga tegdi
“Men uyda bir o‘zim o‘tirgan paytda u temir so‘rab keldi. Qo‘shni bo‘lgani uchun qachon nima so‘rab chiqsa berardik. Men o‘sha temirni olib chiqish uchun podvalga kirganimda orqamdan yugurib kirdida, og‘zimni yopib nomusimga tegdi. Keyin buni biror kishiga aytsang, seni o‘ldiraman, deb qo‘rqitdi. Devorimiz tepasiga chiqib, menga o‘qrayib qarar, barmog‘ini bo‘yniga olib borib, o‘ldiraman deb tahdid qilardi. Bu voqeadan ikki hafta o‘tib, u meni yana zo‘rladi. Bu safar "onamning mazasi yo‘q, yordam berasan", deb onamdan so‘rab uylariga olib chiqdi. Borganimdan keyin onasi uyni pilesos qilib ber, dedi. Keyin onasi qaergadir ketdi. Men pilesos qilayotganimda yana kelib shunday qildi”.
Qizning aytishicha, u homilador bo‘lib qolganini tug‘ishga yaqin vaqt qolganda bilgan:
Duxtur bu qiz 9 oylik homilador, dedi.
“2018 yilning aprel oyi oxirida mazam bo‘lavermadi, keyin xolam xususiy poliklinikaga olib borib, UZI qildirdi. Duxtur bu qiz 9 oylik homilador, dedi. Men ham hayron qoldim. Chunki qornim yo‘q edi, jismoniy tarbiya darslarida 200tadan aerobichka sakrardim, ozayin deb ko‘chada yugurardim”.
15 yashar o‘quvchi qiz 2018 yilning 10 mayida Koson tug‘ruqxonasida qiz farzand ko‘rgan.
Ammo, aytishicha, farzandi unga umuman ko‘rsatilmagan...
Maqolaning 1- qismi tugadi.
O‘quvchi qiz tuqqan bola qaerda, balog‘atga yetmagan qizni zo‘rlagan yigit nega jazodan qutulib qolmoqda, maktab direktori, prokuratura, xotin-qizlar qo‘mitasi nima dedi, kabi savollarga maqolaning keyingi qismidan javob topasiz.