Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:35

Militsiya amaldori mashinasi bilan avariya sodir etgan 20 yoshli yigitning daragi chiqmayapti


Abdulloh Tohirov "Lacetti" mashinasi yonida.
Abdulloh Tohirov "Lacetti" mashinasi yonida.

Andijonlik dehqon Dilmurod Tohirov viloyat ichki ishlar boshqarmasining yuqori martabali amaldori mashinasi bilan yo‘l hodisasi sodir etgan 20 yoshli o‘g‘lining qaerdaligi haqida Bosh prokuratura ham Ichki ishlar vazirligi ham 12 kundan buyon ma’lumot bermayotganini aytdi.

Dilmurod Tohirovning da’vo qilishicha, o‘g‘li Abdulloh 26 oktabr kuni "Lacetti" mashinasida Andijon viloyati IIBBsi terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashev boshqarib ketayotgan​ "Nexia-2" mashinaga borib urgan.

Kechqurun ichki ishlar xodimlari Abdulloh Tohirovni xodimlari uyidan olib ketgan.

Ozodlik Abdulloh Tohirov taqdiri borasida IIVdan izoh ololmadi.

Dilmurod Tohirovning aytishicha, 26 oktabr kuni o‘g‘li Abdulloh Tohirov Andijon viloyati IIBBsi terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Qahramon Ergashev boshqarib ketayotgan mashina bilan yo‘l transport hodisasi sodir etgan va shu kuni ichki ishlar xodimlari Abdullohni uyidan ushlab ketishgan.

Bugun 12 kun bo‘lyapti Abdullohning qaerdaligi va nimada ayblanayotgani haqida bizga ma’lumot berishmayapti.

- Bugun 12 kun bo‘lyapti Abdullohning qaerdaligi va nimada ayblanayotgani haqida bizga ma’lumot berishmayapti. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston prezidenti xalq qabulxonasiga bu haqda yozma murojaat qilganman. Murojaatingiz qabul qilindi, degan javobni oldim, lekin o‘g‘lim haqida ma’lumot yo‘q, - deydi Dilmurod Tohirov.

Abdulloh Tohirovni 26 oktabr kuni militsiya xodimlari uyidan olib ketgan, o‘shandan beri oilasi uning qaerdaligini bilmaydi.
Abdulloh Tohirovni 26 oktabr kuni militsiya xodimlari uyidan olib ketgan, o‘shandan beri oilasi uning qaerdaligini bilmaydi.

Ozodlik yuqori lavozimli militsiya amaldori mashinasi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir etgan Abdulloh Tohirovni militsiya xodimlari uyidan olib ketgani haqida 2 noyabr kuni qisqa xabar bergan edi.

Dilmurod Tohirov o‘shanda avariya o‘g‘lining aybi bilan bo‘lgani sabab ular militsiya amaldoriga mashinasini ta’mirlab berishini va ustaga ko‘rsatish uchun mashinasini videotasvirga olganini aytgandi.

- Keyin bilsak, bu mashina Andijon viloyat IIBsi Terrorizmga kurash bo‘limi boshlig‘ining mashinasi bo‘lib chiqdi, mashina ichidan "VSF" kategoriyasidagi davlat raqami ham chiqdi. Ular videoga olganimizni bilib qolib, o‘g‘limning ketidan tushishdi. Hozir o‘g‘limni qaerdaligini ham bilmayman, hech kim hech narsa aytmayapti, - deydi Tohirov.

Dilmurod Tohirov o‘g‘lining qaerdaligini so‘rab Andijon viloyati IIBBsi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashevga ham bog‘langanini aytdi.

Toshkentdan buyruq bo‘lgan, Rossiyadaligi payti katta oilani a’zolarini so‘kib yozgan internetda, deb aytayapti, lekin men bunga ishonmayman

- U Abdullohni Toshkentga olib ketishgani, buning avariyaga aloqasi yo‘qligini aytayapti. Toshkentdan buyruq bo‘lgan, Rossiyadaligi payti katta oilani a’zolarini so‘kib yozgan internetda, deb aytayapti, lekin men bunga ishonmayman, - deydi Tohirov.

Dilmurod Tohirov o‘g‘lining militsiya tomonidan ushlab ketilishini mashina bagajidagi davlat raqamini tasvirga olgani bilan bog‘lamoqda.

Ammo, Ichki ishlar organi xodimlari nega videoni olgan otani olib ketmasdan o‘g‘lini olib ketgan bo‘lishi mumkin, deya so‘raganida Dilmurod Tohirov "ular videoni o‘g‘lim olgan deb o‘ylashyapti, meni olganimni bilishmayapti", deya javob qildi.

- O‘g‘limni olib ketishgan kuni uyimizni tintuv qilib telefonlarni ham olib ketishdi. Lekin, mashina videosini o‘chirib tashlagan edim, - deydi Tohirov.

Dilmurod Tohirovning aytishicha, o‘g‘li Abdulloh 2018 yil noyabrida mahalladagi tanish-bilishlari bilan birga Rossiyaga ishlagani ketib, shu yil may oyida qaytib kelgan.

Jalaquduq tumanida u dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

Abdulloh Tohirovning advokatiga ko‘ra, viloyatdagi barcha sud idoralari unga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilmaganini aytishgan.

"Andijondagi mahbuslarni vaqtincha saqlash muassasalariga ham so‘rovnoma berdik, ular ham Abdulloh Tohirov ismli shaxs ularga olib kelinmaganini ma’lum qilishdi", - dedi advokat.

Dilmurod Tohirov o‘g‘lining taqdiri haqidagi so‘roviga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Prezident xalq qabulxonasidan javob kutayotganini aytadi.

-O‘g‘ling mana bu xolat bo‘yicha ayblanyapti va shu joyda yoki mana bu yerto‘lada saqlanyapti, deb aytishsa ko‘nglim taskin topardi, hozir har kuni stress bilan yashayapmiz, - deydi Dilmurod Tohirov.

Ozodlik Abdulloh Tohirovning taqdiriga oydinlik kiritib berishni so‘rab Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.

Telefon go‘shagini ko‘targan vazirlik rasmiysi matbuot xizmatiga bog‘lanishni tavsiya qildi.

Vazirlik saytidagi matbuot xizmati telefon raqamlariga Ozodlik kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

XS
SM
MD
LG