Buxoro shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyidagi bemorlarga yillar davomida muddati o‘tgan dorilar berib kelingan.
Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan internat hamshiralarining aytishlaricha, ruhiy xastaligi bo‘lgan bemor ayollar kir-yirtiq ko‘rpa-yostiqlarda yotgan, yangi kiyimlar berilmagan.
Internat xodimlarining viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qilgan shikoyatidan so‘ng, internat direktori ishdan olinib, internat homiylik kengashining raisi vazifasiga tayinlangan.
Internat bosh hamshirasi va xo‘jalik bulimi mudiri o‘z vazifalarida qolgan.
Internat bosh hamshirasi muddati o‘tgan dorilarni saqlagani uchun jarimaga tortilganini aytmoqda.
Buxoro shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyi hamshira va sanitarkalaridan Ozodlikka yuborilgan suratda “Aloe” va “Flusam” dorilari aks etgan.
Ozodlik suhbatlashgan hamshiralarning iddao qilishicha, internat bosh hamshirasi Gulshan Rahmatova muddati o‘tib ketgan bu dorilarni bemorlarga berishga ularni majbur qilgan.
Internatda 250 nafar nogiron ayol yashab, davolanadi.
Ularning aksarini ruhiy xastaligi bor ayollar tashkil etadi.
Ularga kechayu-kunduz 157 nafar hamshira va sanitarkalar navbati bilan qaraydi.
Ismi sir qolishini so‘ragan hamshiralardan birining aytishicha, qimmat dorilarning talon-toroj qilinishi, bemorlar oziq-ovqati sifatining yomonligi, ko‘rpa yostiqlarning kir, yirtiqligi haqida ular Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga shikoyat qilganidan so‘ng, may oyida tekshiruv o‘tkazilgan. Lekin asosiy aybdorlar ishdan olinmagan:
“Bosh hamshira bizlarga qanaqadir yo‘q qimmat dorilarni qildik deb bemorlarni nomiga yozdirib olardi. Bular bu dorilarni aptekadan olishganmi yoki yo‘qmi, buni bilmaymiz. Biz bu haqda ko‘p joylarga murojaat qilganmiz, lekin tekshiruvchilar kelsa ham hammasini bosti-bosti qilib yuborishdi. Oxirgi marta hokimiyatga murojaat qilgan edik, lekin ular bir oy ichida sizlarga xat bilan javob beriladi, dedi. Lekin javob kelmadi”.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa hamshiraning iddao qilishicha, ularga muddati o‘tgan dorilarni ukol qilishga bosh hamshira majburlagan:
“Mana shu muddati o‘tib ketgan “Aloe” ukoli yaqinda to‘xtatildi. Uzog‘i bilan ikki haftacha bo‘ldi. Biz rasmga oldik eski dorini. Avgust oyida uchta o‘lim bo‘ldi, keksalik, kasallik deb yopib yuborishdi. Ularga ham muddati o‘tgan ukollar qilingan. Lekin, eski dorilar ularni o‘limiga ham sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Buni endi hech kim bilmaydi”.
Hamshiraning aytishicha, sobiq direktor Bahodir Oltiyev ishdan olingan bo‘lsa ham, u hozirgacha internatni boshqarib kelyapti:
“Uch oycha bo‘ldi, direktorni ishdan olishdi. Lekin hech narsa o‘zgarmadi. Chunki u internat homiylik kengashining raisi bo‘ldi. Har kuni shu yerda. O‘rniga direktorlikka qo‘yilgan Alimardon Boboyev ham faqat uning aytgani bilan ish yurityapti. To‘g‘ri, so‘nggi o‘n kunda eski dorilar berilishi to‘xtatildi, bemorlarning postellari yangilanyapti, lekin asosiy aybdorlar bosh hamshira bilan xo‘jalik mudiri o‘z o‘rnida ishlamoqda. Hozir Oltiyev sal hovurni bosish uchun ikkalasini ham ta’tilga chiqartirib yuborgan”.
Ismi sir qolishini so‘ragan sanitarkalardan birining iddao qilishicha, xo‘jalik bekasi Muhabbat Rahimova bemorlarga insondek munosabatda bo‘lmagan:
“Bemorlar doim eskirgan kiyimlarda yurishadi. Qachonki bir komissiya kelmoqchi bo‘lsa, yangi kiyimlar berishadi. Komissiya ketganidan so‘ng yana yechib olishadi. Hatto paypoqlar ham poyma-poy bo‘lib ketgan. Yaqinda bosh oshpazni bir tog‘ora go‘sht, guruch, makaron mahsulotlarini olib chiqib ketayotganda ushladilar. Lekin u bosh hamshiraning akasi bo‘lganligi uchun hech narsa demadilar, ishlab yuribdi. Yolg‘on bo‘lmasin, so‘nggi haftada bemorlar kosasida go‘sht ko‘ryapman. Biz bu haqda qancha shikoyatlar yozdik, lekin kelgan tekshiruvchilarni sobiq direktor og‘zini moylab jo‘natmoqda”
Suhbatdoshning aytishicha, Mehnat kodeksida javobgarlik lavozimida yaqin qarindoshlar ishlashi mumkin emas deyilgan, lekin bu qoida internatda amal qilmaydi.
Ozodlik bilan suhbatlashgan boshqa bir hamshira esa, bosh hamshira va xo‘jalik bekasi jamoada nosog‘lom muhitni yuzaga keltirganini aytadi:
“O‘zidan katta yoshdagi hamshiralarga juda qo‘pol munosabatda bo‘ladi. Muomala degan narsa yo‘q. 11 yildan buyon bosh hamshira bo‘lib ishlaydi, juda o‘zidan ketib qolgan. Boshqarma ham bularni rotatsiya qilmaydi. Rag‘batlantirishda esa faqat o‘zlariga yaqin odamlarni yozib beryapti, tajribali hamshiralar esa chetda qolyapti. Hamma norozi bu ikkisidan. Masalan, shahar hokimligi o‘tgan yil 31 dekabrda bemorlar uchun 500ta yangi yil sovg‘asi berdi. Bosh hamshira boshchiligida bu sovg‘alar ichi bo‘shatilib, bir dona pechenye va olma qoldirilgan. Shokolad va boshqa shirinliklar olib qo‘yilgan. Bemorning haqqiga ko‘z olaytirgan odamdan boshqa nima ham kutish mumkin”
“Muruvvat” ayollar internat uyi direktori Alimardon Boboyev Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng aloqani uzib qo‘ydi.
Internat bosh hamshirasi Gulshan Rahmatova esa Ozodlik bilan suhbatda bemorlarga eski dorilar berganini tan oldi:
“Bu, to‘g‘ri, dorilarning muddati o‘tib qolganligi uchun e’tiborsizlik qilganman. Buning uchun nazorat inspeksiyasi may oyining oxirida kelib meni jarimaga tortgan. Hayfsan ham berilgan”
Ammo internat hamshiralaridan biri, bu voqeadan keyin ham muddati o‘tgan dorilardan foydalanilganini aytadi:
“U hayfsanni shkafda dorilarni bemorlarga bermay saqlagani uchun olgan edi. Lekin, bu keyin ham davom etgan. Muddati o‘tgan “Aloe” ukoli bemorlarga yaqinda qilingani haqida men yuqorida aytgan edim”.