So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Turk va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlashgan holda Tojikiston bozoridan o‘z o‘rnini egallamoqda.
Tojikiston O‘zbekistondan kiyim-bosh, poyabzal, oziq-ovqatdan tortib texnikagacha import qiladi. Ko‘plab xaridorlarning aytishicha, ularga o‘zbek mahsulotlarining sifati va narxi ma’qul kelmoqda.
Tojikiston esa qo‘shni mamlakatga asosan sement sotadi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2018 yilda ikki barobar oshgan.
Poytaxtdagi “Karvon” bozorida savdo qiluvchi tadbirkor Nargis Hafizova avvallari Xitoy va Qirg‘izistondan mahsulot olib kelardi, ammo so‘ngi yillarda u o‘zining biznes-marshrutini o‘zgartirdi va O‘zbekistondan xotin-qizlar uchun kiyim-kechak olib kela boshladi. «Xitoy va Qirg‘izistonga nisbatan O‘zbekiston qulay. Avvallari Xitoy va boshqa mamlakatlarga borishimga to‘g‘ri kelardi, yo‘lga 7-10 kun ketardi. O‘zbekistonga esa 2-3 kunga borib kelaman. Mahsulotlarning narhi ham ancha arzon», - deydi tadbirkor ayol.
Uning so‘zlariga qaraganda, ko‘pchilik tadbirkorlar Xitoy, Turkiya va Qirg‘izistondan yuk olib kelayotganlarida qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelishadi – turli sabablarga ko‘ra ular olib kelayotgan mahsulotlar yo‘lda ushlanib qoladi va tadbirkorlar haftalab va oylab o‘z mahsulotlarini kutishga majbur bo‘lishadi.
Shuhrat Salimov «Karvon» bozorida erkaklar uchun kiyim-bosh sotadi. Yuqori sifatli mahsulot qidirayotganlar uchun u Turkiya mahsulotlarini taklif qiladi. Shu bilan birga u O‘zbekiston mahsulotlarini ham sotadi, uning aytishicha, o‘zbek mahsulotlariga ham talab yuqori.
Tojikiston bozori asosan Xitoy, Turkiya va Qirg‘iziston mahsulotlari bilan to‘ldirilgan. Biroq, so‘ngi yillarda Made in Uzbekistan mahsulotlari ham paydo bo‘ldi. Avvaliga xaridorlar bu mahsulotlarga ehtiyotkorlik bilan qarashdi, keyinchalik esa ularning sifati yuqoriligi va arzonligi ularning ishonchini qozondi. «Avvaliga biz bu mahsulotlar O‘zbekistonniki desak xaridorlar qayrilib ham qaramay nari ketishardi. Keyinchalik ular o‘zbek mahsulotlari sifatiga ishonishdi va hozir bu mahsulotlarga talab yuqori», - deydi ayollar libosini sotuvchi Baxtiyor.
Uning aytishicha, mahalliy tadbirkorlar Dushanbe bozorlaridagi talabdan kelib chiqqan holda O‘zbekiston mahsulotlariga buyurtma berishmoqda. «Masalan, Turkiyada ishlab chiqarilgan ayollarning uzun ko‘ylaklari 500-600 somoni turadi. Shu kabi liboslarni O‘zbekistonga ham buyurtma qilamiz ularniki nisbatan arzon, 200 somoni (20 dollarga yaqin) turadi», -deydi suhbatdosh.
O‘zbekistondan poyabzal ham olib kelinadi. Xaridorlarning aytishlaricha, Xitoy mahsulotiga solishtirganda o‘zbek poyabzallarining sifati ancha yaxshi, ammo Rossiya va Turkiya poyabzali kabi yuqori emas.
Tojikiston-O‘zbekistn o‘rtasidagi chegaralar ochilganidan keyin nafaqat ikki mamlakat fuqorolarining o‘zaro bordi-keldisi uchun imkoniyatlar paydo bo‘ldi, balki o‘zaro tovar aylanmasi ham ko‘paydi. Hozir tojik bozorida nafaqat o‘zbek kiyimlari va oziq-ovqat mahsulotlarini, balki xonadonlar uchun ishlab chiqarilgan maishiy texnika va tovarlarni ham uchratish mumkin. Iqtisodchilar, Tojikiston ham sement bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shni mamlakatga o‘zining mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirsa yaxshi bo‘lishini ta’kidlashadi.