Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:47

Samolyot bortida vafot etgan muhojir jasadi yaqin orada O‘zbekistonga yuboriladi


G‘.Tursunov Moskva-Farg‘ona bortida vafot etdi (Suratni Samara shahar, Kuybishev tuman prokuraturasi taqdim etdi)
G‘.Tursunov Moskva-Farg‘ona bortida vafot etdi (Suratni Samara shahar, Kuybishev tuman prokuraturasi taqdim etdi)

Moskvadan Farg‘onaga uchayotgan samolyot bortida vafot etgan farg‘onalik 52 yoshli mehnat muhojiri jasadi tekshiruvdan keyin Samaradan O‘zbekistonga yuboriladi.

Jasadni yuborish bilan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Tashqi ishlar vazirligi xodimlari shug‘ullanmoqda.

Ozodlik o‘z manbalaridan Moskva-Farg‘ona uchog‘i bortida nobud bo‘lgan shaxs Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 1967 yilda tug‘ilgan G‘ayratjon Tursunov ekanini aniqladi.

8 noyabr kuni Moskva-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan uchoq yo‘lovchilardan biri o‘zini yomon his qila boshlagani tufayli Rossiyaning Samara shahridagi Qurumoch aeroportiga shoshilinch qo‘ngan edi.

“Ural Airlines” aviashirkatiga tegishli uchoq Moskvaning Domodedovo aeroportidan kunduzgi 12:30da ko‘tarilgan va 16:00larda Samara aeroportiga qo‘ngan.

- Afsuski, yo‘lovchi uchoq qo‘nguniga qadar vafot etdi. Uchoqni kutib olgan Tez tibbiy yordam xodimlari aeroportda uni vafot etganini tasdiqlashdi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, uning o‘limiga o‘pka infarkti sabab bo‘lgan, deb bildirdi Qurumoch aeroporti navbatchisi.

Privoljskiy transport prokuraturasi mulozimi nobud bo‘lgan o‘zbekistonlik jasadi tibbiy ekspertizadan o‘tkazilayotganini Ozodlikka bildirdi.

Prokuratura xodimlariga ko‘ra, vafot etgan G‘ayratjon Tursunov jasadi tegishli tekshiruvlar yakunlanganidan keyin O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ko‘magida vataniga jo‘natiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida ham bu haqda ma’lumot berildi.

Ozodlik o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari qaytayotgan uchoqlarning turli sabablarga ko‘ra yo‘lda to‘xtashga majbur bo‘lgani borasida oldin ham xabar bergan.

2019 yilning 4 noyabrida Sankt-Peterburgdan Urganchga ketayotgan yana bir uchoq Samaraning Qurumoch aeroportida qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Boeing 752 uchog‘ida o‘z yurtiga ketayotgan o‘zbekistonlik muhojirlardan birining qon bosimi oshib ketgan va bort komandiri uchoqni Samaraga qo‘ndirishga majbur bo‘lgan. 1976 yilda tug‘ilgan xorazmlik yo‘lovchining onkologiya bilan kasallangani va u hozirda Samara onkologik shifoxonalaridan birida qolayotgani xabar qilingan edi.

“Ural Airlines” aviashirkati vakili, Ozodlik so‘roviga javoban, G‘ayratjon Tursunov vafot etgan samolyotdagi qolgan yo‘lovchilar shu kuniyoq O‘zbekistonga jo‘natilganini tasdiqladi

- Uchoq shu kuniyoq O‘zbekistonga jo‘natildi va Toshkent vaqti bilan 21:10 da qolgan yo‘lovchilar bilan o‘z manziliga yetib bordi.

XS
SM
MD
LG