Taniqli aktyor va jang san’ati ustasi Stiven Sigal O‘zbekiston Prezidentining kuyovi Otabek Umarovni yangi lavozim bilan tabrikladi.
"Do‘stim Otabek Umarov O‘zbekiston MMA federatsiyasining rahbari etib tayinlandi. Tabriklayman, og‘ayni!" deb yozdi Sigal o‘zining Instagramdagi sahifasida.
Prezidentning kichik kuyovi Otabek Umarov O‘zbekistonda yangi ochilgan MMA assotsiatsiyasi prezidenti etib tayinlangani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.
Otabek Umarov Instagram tarmog‘idagi sahifasida bu tashkilotning ochilishiyu unga o‘zining prezident etib saylanishida - prezident Shavkat Mirziyoyev "beqiyos ko‘mak" berganini alohida urg‘ulagan.
8 noyabr kuni Aralash jang san’atlari - MMA assotsiatsiyasi va uning prezidenti Otabek Umarovning taqdimoti Buka GYM sport markazida bo‘ldi.
Taqdimotga O‘zbekiston tarixida ilk bor - 23 noyabr kuni Toshkentda bo‘ladigan MMA GFC-20 turnirida qatnashadigan sportchilar va ularni tayyorlayotgan ustalar yig‘ildi.
Otabek Umarov tadbir haqida Instagram tarmog‘idagi sahifasida xabar qoldirdi.
Stiven Sigalning postidan u Otabek Umarovning taniqli do‘stlaridan yana biri ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Umarovning do‘stlari orasida Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maktum ham bor.
1 noyabr kuni Otabek Umarov bojasi Oybek Tursunov bilan birga Hamdam bin Muhammad al-Maktumga ziyofat bergan, oldinroq 36 yoshli valiahd shahzoda o‘z lochinlari bilan Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloqlarni ovlagan edi.
Otabek Umarovning yana bir do‘sti rossiyalik bloger Guseyn Gasanovdir.U 15 sentabr kuni Toshkentdagi Central park’da o‘zbekistonlik muxlislari bilan uchrashdi
Guseyn Gasanov O‘zbekistonga safari davomida Samarqand va Qo‘qonda ham bo‘lgan. U mamlakat prezidentining kuyovi Otabek Umarov taklifiga ko‘ra kelgani xabar qilingan. Jumladan, bloger ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga O.Umarov bilan birga tushgan suratini joylagan.
Xabarlarga qaraganda, Otabek Umarovning nufuzi kundan kunga ortib bormoqda. Yaqinda u terimchi ayolni haqoratlagan fermerni jazolagani to‘g‘risida ham Ozodlik xabar qilgan edi.
Otabek Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi raisi, O‘zbekiston MMA federatsiyasi raisidir.