Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:20

Lolaning senzurani "fosh qiluvchi" klipi tarmoqni portlatdi


Lolaning senzurani «fosh qilgan» klipidan olingan kadr.
Lolaning senzurani «fosh qilgan» klipidan olingan kadr.

O‘zbekistonlik 34 yashar qo‘shiqchi, ijodi tez-tez bahs-munozaralar keltirib chiqaruvi Lola Yo‘ldoshevaning «Sevgingni menga ayt-2» klipi Youtube va Instagramga 13 noyabr kuni qo‘yilganidan bir soat o‘tar-o‘tmas kamida 100 ming marta tomosha qilindi.

O‘zbekistonlik bloger Nurbek Alimov bu klipni “Lola inqilobi” deb atadi.

Lola Yo‘ldoshevaning o‘zi rejissyorlik qilgan bu klip Ozodlik suhbatlashgan san’atshunoslar nazarida san’atning “ijtimoiy protest” janridagi asardir.

O‘zbek pop qo‘shiqchisi Lola Yo‘ldoshevaning «Sevgingni menga ayt-2» klipida zamonaviy musiqa guruhininng “davlatninng ma’naviyat posboni” bo‘lgan "badiiy kengash nazoratidan o‘tish jarayoni" aks etadi.

7 minut davom etadigan klipda “musiqaga izn beruvchi mulozimlar”, har qanday yangilikni “mentalitetga zid bachkanalik” deya tanqid qiladigan “Oysha xolalar” va qo‘shiqchini “G‘arb ommaviy madaniyatiga ko‘r-ko‘rona taqlidda” ayblaydigan “Xeyter” obrazlari bor. Shuningdek, klipda jamiyatning barcha qatlamlari vakillari, xususan “soqol qo‘ygan”lar guruhi ham aks ettiriladi.

Eskilik va ommaviylik to‘qnashuvi?

O‘zbekistonlik rejissyor Abdulaziz Mahmudov, klipni tomosha qilgach, Ozodlikka bu klip “Ommaviy madaniyatning ibtidoiy g‘or zehniyati bilan to‘qnashuvi” haqida ekanligi haqida fikr yuritar ekan, dedi::

- Yaxshi va ma’noli klip. Bu klipning badiiy-ijtimoiy ahamiyati va albatta, chuqur falsafasi bor. Klip jamiyatimizda bugun yuz berayotgan ommaviy madaniyat bilan ibtidoiy g‘or zehniyatining to‘qnashuvini aks ettiradi. Hukumat odamlar miyasiga o‘zi istagan narsani joylamoqchi. Ammo mentalitetni zo‘ravonlik va senzura orqali joriy etib bo‘lmaydi. O‘zbek jamiyatining barcha bo‘g‘inlari, xususan “O‘zbekkonsert” va “O‘zbekkino”da ham "ma’naviyat posbonlari" bor. Men ham ular bilan to‘qnashganman. Ma’naviyat posboni deganimiz aslida senzuraning ko‘rinishidir.

Jurnalist Yegeniya Grandening Ozodlikka aytishicha¸ minglab izohlarda Lola Yo‘ldosheva klipi jamiyatning turli qatlamlari tarafidan olqishlanmoqda.

Shu kunlarda Italiyada film olayotgan o‘zbek kinosi otaxonlaridan biri Ali Hamroyev Ozodlik iltimosiga ko‘ra¸ klipni tomosha qildi.

- Lolanning rejissyorlik mahoratiga va sarkazmiga baho qo‘yish kerak bo‘lsa men 5+ qo‘yaman. Bu shunchaki hushomad emas, ishonavering. Gap va maqtovni havoga sovuradigan odam emasman. Kecha tug‘ilmadim. Zo‘r kinolarning minglab kilometrini tomosha qilgan menday band odam shu klipni oxirigacha mazza qilib ko‘rdim. Buni Lolaga yetkazing.

"Lola inqilobi"mi yoki senzura tomorqasiga otilgan tosh?

O‘zbekistonlik taniqli bloger Nurbek Alimov o‘zining Telegramdagi sahifasida bu klipni “Lola inqilobi” deb atadi.

“Lolaning jasoratiga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q. Oldin unga ham shunchaki «pop-qo‘g‘irchoqlar» kategoriyasi prizmasi orqali qaraydigan xalq unga nisbatan boshqacha ko‘z bilan qaray boshladi. Lolaning maqsadi jamiyatda hamma qonunda taqiqlanmagan xohlagan ishini qilishga, xohlagan kiyimini kiyishga, imijini o‘zi belgilashga va mustaqil erkin tanlov huquqiga ega ekanliklarini ko‘rsatish bo‘ldi”.

Toshkentlik san’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ klip sovet davridan qolgan “xudsovet” haqida pamfletdir:

- Klip bugungi shou-biznes ko‘rguliklarini fosh qiladi. O‘zbek shou biznesi G‘arb musiqiy oqimlaridan ilhomlangan yosh san’atkorlar va ularni baholash yuklatilgan “naftalin iforli” mulozimlardan iborat. Bu dissonans klipda yaqqol plakat kabi ko‘rsatib beriladi. O‘zbek musiqasida jonli ijro yo‘qligi¸ butun musiqa fonogrammaga asoslanganini klipda simi rozetkaga tiqilmagan gitara tasviri bilan fosh qilinadi. Men bu klipni inqilob demagan bo‘lardim. Ammo “Respublika ma’naviyat markazi” va “O‘zbekkonsert” bog‘chasiga otilgan tosh derdim. Qani ko‘raylikchi, mulozimlar zarbani qanday qabul qildi ekan?

Lola hayotda ham “ma’naviyat posbonlari” bilan to‘qnashgan

Sahnaga qizil ko‘ylakda chiqqan Lola Yo‘ldosheva yarim yalang‘ochlikda ayblangan edi.
Sahnaga qizil ko‘ylakda chiqqan Lola Yo‘ldosheva yarim yalang‘ochlikda ayblangan edi.

Lola Yo‘ldosheva 2015 yilda “yarim-yalang‘och” kiyinib, sahnaga chiqqani uchun mulozimlarning jiddiy tanqidiga uchragan edi.

Lola Yo‘ldosheva o‘shanda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova tarafidan tanqid qilingan edi.

Yo‘ldoshevani tanqid qilgan Bositxonova “O‘zbekiston Robinzon yashaydigan orol emas, agar kimki, bugun demokratiya, istaganimni qilaman, deb o‘ylasa, xalq, jamiyat fikri bilan hisoblashmasa, qattiq adashadi”, deya qo‘shiqchi sha’niga tanqid ëg‘dirgan edi.

Buning ortidan Yo‘ldoshevaning litsenziyasi bekor qilingan edi.

Yashovchan "Qo‘shiqchilar vazirligi"

Xonandalar orasida “Qo‘shiqchilar vazirligi” deb ataladigan “O‘zbeknavo” qo‘li bilan Karimov davrida O‘zbekistondagi taniqli san’atkorlar Farruh Zokirov, Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, Obid Asomov, Sevara Nazarxon, Shahzoda Matchonova, Shohruh rep, Feruza Jumaniyozova, Otabek Madrahimov, Ozoda Nursaidova,Farruh Soipovlarga taqiq qo‘yilgan edi.

“O‘zbeknavo" estrada birlashmasi prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yili imzolagan “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan tugatilgan edi.

Ammo O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil, 19 maydagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan qo‘shiqchilar va konsert faoliyatini nazorat qiladigan yangi idora tashkil qilindi.

XS
SM
MD
LG