Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:27

"O‘zdavkarantin" meva-sabzavot eksportini taqiqlamoqchi bo‘lgan Qirg‘izistondan dalil so‘radi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

"O‘zdavkarantin" inspeksiyasi qo‘shni Qirg‘izistonga meva va sabzavot eksporti davom etishini ma’lum qildi.

13 noyabr kuni Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi, O‘zbekistondan fitosanitar talabga javob bermagan mahsulotlar kelayotgani bois, vaqtincha taqiq qo‘yishidan ogohlantirgan edi.

"O‘zdavkarantin" inspeksiyasi 16 noyabr kuni bergan xabarga ko‘ra, Qirg‘izistondan bu taqiq uchun "asosli dalillar" so‘ralgan.

Inspeksiya shu kunga qadar “Do‘stlik” chegara nazorati punktidan o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish davom etayotgani va biror yuk orqaga qaytarilmaganini ta’kidlamoqda.

Inspeksiya shu yilning 15 noyabr kuni, Qirg‘izistondan Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligidan maktub borganini ma’lum qildi. Aytilishicha, maktubda O‘zbekistondan fitosanitar sertifikatisiz mahsulot olib kirishga urinish bo‘lgan 356 ta holat aniqlangani bildirilgan.

Shuningdek, bu maktubda Qirg‘iziston tomoni, “Do‘stlik” chegara nazorat punktida shu yilning 12 noyabr kuni O‘zbekistondan 35 tonna nok, behi, no‘xat va ziravorni chegaradan kiritmaganini ma’lum qilgan.

Bunga sabab sifatida fitosanitar sertifikat va maxsus etiketkalar bo‘lmagani aytilgan.

"O‘z navbatida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi mazkur masala yuzasidan javob xati yo‘llagan bo‘lib, unda Inspeksiya yuqoridagi kabi holatlarga qarshi hamkorlikda kurashishga tayyor ekani qayd etilgan hamda qirg‘iz tomonidan ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan asoslangan dalillar va ma’lumotlar tezkorlikda yuborilishi so‘ralgan", deyiladi "O‘zdavkarantin" inspeksiyasi bayonotda.

Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi O‘zbekistondan boradigan meva-sabzavotni vaqtincha taqiqlashi mumkinligi haqida 13 noyabr kuni ogohlantirgandi.

Qirg‘iziston tomoniga ko‘ra, to‘xtatib qolingan ayrim mahsulotlar, jumladan anorda "O‘zbekistonning fitosanitar nazorati sertifikati bo‘lgan", biroq O‘shdagi laboratoriya ayni mahsulotda “Grapholitha molesta Busck” hasharoti borligini aniqlagan.

"O‘zdavkarantin" inspeksiyasi, shuningdek, Qirg‘iziston tomoni 2019 yil boshidan buyon aniqlagan holatlardan vaqtida rasman ogohlantirmagan, demoqda.

"Import qiluvchi davlatning karantin xizmati fitosanitariya talablari buzilganligi yuzasidan mahsulotni eksport qilgan davlatga notifikatsiya (bildirishnoma) yuborishi lozim. Biroq, shu kunga qadar hech bir holat yuzasidan Qirg‘iziston karantin xizmati tomonidan asoslantirilgan rasmiy notifikatsiyalar (bildirishnomalar) kelib tushmagan", deyiladi inspeksiya bayonotida.

Inspeksiyaga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston karantin xizmatlari o‘rtasida 2019 yil 1 avgustda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi hukumati o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik Bitimi” asosida hamkorlik qilinadi.

Shu yilning 19 fevralida Qozog‘iston ham O‘zbekistondan mahsulotlar olib kirilishiga vaqtinchalik taqiq qo‘ygandi.

O‘shanda Qozog‘iston qishloq xo‘jalik vazirligi O‘zbekistondan boradigan anorda "Komstok qurti" aniqlanganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG