Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:55

Belarusda saylov: muxolif nomzodlar qo‘yilmadi, tarafdorlar norozilikka chiqdi


Belarusda - 17 noyabr kungi parlament saylovlarida - bir necha muxolifat vakili nomzodini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, joriy prezident Aleksandr Lukashenkaga sodiq siyosatchilar g‘olib chiqishi kutilmoqda.

Saylov Belarus o‘ziga xos qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Moskva mamlakatni iqtisodiy va harbiy hamkorlikni kuchaytirishga chorlar ekan, Lukashenka Yevropa Ittifoqi, AQSh hamda Xitoy bilan yaqindan aloqa o‘rnatish ustida bosh qotirmoqda.

25 yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan Lukashenka 2020 yilda prezident saylovida yana bellashadi.

Avtoritar yetakchining yana qancha vaqt hokimiyat tepasida qolishi noma’lum.

Saylovda Belarus parlamentning quyi palatasi bo‘lmish Milliy assambleyadagi 110 o‘rin uchun 500 nomzod kurashmoqda.

Muxolifatga aloqador 200 dan oshiq nomzod saylovdan chetlatildi. Ularning aksari yetarlicha imzo to‘play olmagani uchun ro‘yxatga olinmadi.

Saylovda nomzodini ko‘rsata olmaganlar orasida “Birlashgan fuqaroviy partiya” a’zosi Hanna Kanapatskaya hamda mustaqil nomzod Alyona Anisimlar bor. Ularning ikkisi ham 2016 yilda parlamentga saylangan edi.

Bugungi saylov haqida Lukashenka 5 avgust kuni e’lon qildi. Reja bo‘yicha joriy parlamentning mandati yanagi yil tugashi kerak edi.

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o‘z kuzatuv missiyasi dastlabki hisobotini 18 noyabr kuni e’lon qilishini ma’lum qildi.

2016 yilgi parlament saylovlari ortidan tashkilot ko‘plab protsedura qoidalari buzilgani va saylov jarayoni yetarlicha shaffof bo‘lmaganini xulosa qilgan edi.

12-16 noyabr kunlari o‘tkazilgan erta ovoz berish jarayonida saylovchilarning choragi ovoz berib bo‘ldi. Muxolifat vakillari erta ovoz berish jarayonida topshirilgan saylov qog‘ozlari nazorat qilinmaganini hamda kuzatuvchilar ishtirokisiz sanalganini aytmoqda.

13 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Lidiya Yemoshina erta saylov kunlari qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini rad etdi. Yermoshina, shuningdek, talabalarga muayyan nomzodlarga ovoz berishga undab, bosim o‘tkazilayotganini rad etdi.

Mustaqil kuzatuvchi Brest shahrida noma’lum ayol saylov qutisiga bir necha saylov qog‘ozini tashlashga urinayotganini videoga yozib oldi. Yermoshina bu holatga javoban hodisani yozib olgan kuzatuvchi akkreditatsiyasidan ayrilishi kerakligini ta’kidladi.

Saylov arafasida 1000-1500 odam Minskning Mustaqillik maydoniga namoyishga chiqib, demokratik o‘zgarishlarni talab qildi. Norozilik aksiyasi NEXTA nomi bilan mashhur bo‘lgan vlogger Ssyapan Svyatloo‘ tashabbusi bilan o‘tkazildi.

15 noyabr kuni esa 200 muxolifat tarafdori Minskda norozilik aksiyasiga chiqdi.

Ayni damda Lukashenka hukumati qaltis vaziyatga tushib qolgan. Moskva harbiy va iqtisodiy integratsiyani jadallatishga undamoqda, ammo Belarus Rossiya bilan muzokaralarda o‘z manfaatlarini yaxshiroq himoya qila olishi uchun boshqa joydan tayanchiq izlamoqda.

2014 yilda Ukrainada boshlangan bo‘hron Lukashenkani tashvishga soldi, natijada u Rossiyaga qaramlikni ozaytirishga kurasha boshladi.

Minsk Rossiyadan arzon neft sotib oladi. Ikki mamlakat 1999 yilda ittifoq kelishuvini imzolagan. Kelishuvda yagona valyuta, bank va soliq tizimini joriy qilish nazarda tutilgan.

2016 yilda Lukashenko uch yil deganda Yevropa Ittifoqi davlati – Avstriyaga xizmat safari bilan bordi. Belarus va AQSh munosabatlari ham yaxshilanmoqda. 17 sentabr kuni ikki davlat 11 yillik tanaffusdan keyin bir-biriga elchi yuborishi e’lon qilindi.

Bu orada Xitoy ham Belarus bilan aloqalarini mustahkamlamoqda. Sentabr oyida Xitoy taraqqiyot banki mamlakatga 500 million dollar qarz ajratdi. Xitoy, shuningdek, Belarusdagi eng yirik xorijiy sarmoya loyihasi bo‘lmish “Buyuk tosh” sanoat parkini qurmoqda.

XS
SM
MD
LG