Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:44

O‘zbekistonda bir oy ichida is gazidan zaharlanib o‘lganlar soni kamida 15 nafarga yetdi


Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirishicha, Namangan viloyatining Uychi tumanida bir oilaning is gazidan zaharlangan uch a’zosi vafot etdi.

Xabarda aytilishicha, 17 noyabr kuni tungi soat uchlarda Uychi tumani «Do‘stlik» mahallasidagi uyda to‘rt kishining gazdan zaharlanish holati qayd etildi. Ularning barchasi bir oila a’zolari bo‘lgan. Ona va ikki farzand vafot etgan, ota kasalxonaga yotqizilgan.

“O‘tkazilgan tekshiruvlarda uy rezina quvur orqali propanli ballonga ulangan qo‘lbola pech orqali isitilgani aniqlandi. Oila a’zolari uxlayotgan vaqtda is gazidan zaharlangan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Bosh prokuratura esa 15 noyabr kuni taxminan soat 14:30da Jizzaxning Do‘stlik tumani, G‘ofur G‘ulomov mahallasida yashagan bir oilaning uch a’zosi – er, xotin va farzand uyning oshxonasiga o‘rnatilgan gaz plitasidan chiqqan is gazidan zaharlangani haqida xabar bergan.

Hodisa oqibatida ota vafot etgan, uning turmush o‘rtog‘i va farzandi shifoxonaga yotqizilgan.

17 va 15 noyabr kuni yuz bergan bu voqealar so‘nggi bir oy ichida is gazidan zaharlanib o‘lish bilan bog‘liq Ozodlikka ma’lum bo‘lgan yettinchi hodisadir. Bu hodisalarda jami 15 odam vafot etgan.

12 noyabrda Bosh prokuratura 11 noyabr kuni Farg‘ona viloyat, Rishton tumani “Zarariq” mahallasida voyaga yetmagan ikki qiz gazdan zaharlanib vafot etgani haqida ma’lum qilgandi.

Bundan avval Nukusda 10 noyabr kuni er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etgani xabar qilingan edi.

9 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Bog‘dod mahallasida yashovchi ayol, uning 2 nafar farzandi hamda mehmonga kelgan 5 nafar qarindoshi – jami 8 kishi is gazidan zaharlanib kasalxonaga yotqizilgan.

28 oktabrda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida uch kishilik oila, 22 oktabrda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida to‘rt kishilik oila is gazidan zaharlanib vafot etgani bildirilgandi.

O‘zbekistonda har yili kuz va qish mavsumida o‘nlab odamlarning is gazidan vafot etgani yoki zaharlangani yuzasidan xabarlar beriladi.

"O‘ztransgaz” 2018 yilning yanvar-aprel oylari oralig‘ida O‘zbekistonda 58 odam is gazidan zaharlanib vafot etgani, 54 odam esa jabrlanganini bildirgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2017 yilda is gazidan zaharlanib o‘lganlar soni 83 nafarni, jabrlanganlar soni 110 nafarni tashkil etgan.

Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi 2019 yilning olti oyida birgina poytaxtda 15 odam is gazidan zaharlanganini bildirgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, "O‘ztransgaz” va boshqa mutasaddi tashkilotlar is gazidan zaharlanish xavfsizlik hamda istish tizimlaridan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuz berayotganini bildirgan. Mazkur tashkilotlar muntazam ravishda bu borada aholini ogohlantirib kelayotganliklarini aytadilar.

XS
SM
MD
LG