Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:41

Prokuror Peterburgdagi portlashda ayblanayotgan o‘zbeklarga umrbod qamoq jazosi so‘radi (VIDEO)


Asosiy ayblanuvchilardan biri Abror Azimovning qo‘lga olinish payti.
Asosiy ayblanuvchilardan biri Abror Azimovning qo‘lga olinish payti.

Rossiya prokuraturasi Peterburgdagi metroda terror harakatini sodir etganlikda ayblanib sudlanayotgan to‘rt nafar o‘zbekka umrbod qamoq jazosi berilishini so‘ramoqda. Moskva okrug harbiy sudida 18 noyabr kuni o‘tgan jarayonda prokuror Nadejda Tixonova sudlanuvchilarning aybdorligi tasdiqlandi, deb hisoblashini bildirdi.

Sudda Abror va Akrom Azimovlar, Muhammadyusuf va Ibrohimjon Ermatovlar asosiy aybdorlar sifatida ko‘rilmoqda.

Ular bilan birga sudlanayotgan yana yetti kishi “Terrorchi guruh faoliyatida ishtirok etish”, “Terakt uyushtirish va rejalashtirish”, "Qurollarni noqonuniy tayyorlash va transportirovka qilish” da ayblanmoqda.

Prokuratura ularning har biriga 28 yilgacha qamoq jazosi belgilashni talab qilayotir. Agentliklarning bildirishicha, prokurorning mazkur talabidan so‘ng, sudlanuvchilardan birining ahvoli yomonlashgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun sud jarayonida tanaffus e’lon qilingan.

Sudda 11 nafar sudlanuvchidan o‘n nafari bildirilayotgan ayblovni tan olishdan bosh tortdi. Sud majlislaridan birida ular “Biz aybdor emasmiz”, “Bizni podstava qilishdi” so‘zlari yozilgan qog‘ozlarni ko‘tarib o‘tirishdi.

Peterburg Jamoatchilik nazorat komissiyasi ayblanuvchi Muhammadyusuf Ermatovning “FSB maxfiy qamoqxonasida qiynoqlarga solingani” to‘g‘risidagi arizasi tekshirilishini talab qilmoqdalar. Bu kabi arizalarni Akrom va Abror Azimovlar ham topshirgan edi.

Peterburg metrosidagi portlash yuzasidan ayblanayotganlarga nisbatan sud jarayoni 2019 yilning 2 aprel kuni boshlangan.

2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosida portlash sodir bo‘lib, 16 odam, jumladan xudkush ekani iddao qilinayotgan 22 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan edi. Portlashda 103 odam jarohatlangan. O‘lganlarning 9 nafari ayol, 7 nafari erkak edi. Mazkur hodisada gumonlanib 11 nafar o‘zbek qo‘lga olingan.

Terrorchilikda ayblanib sudlanayotganlar: Aka-uka Abror va Akrom Azimovlar, aka-uka Ibrohim va Muhammadyusuf Ermatovlar, Shohista Karimova, Mahamadyusuf Mirzaalimov, Dilmurod Mo‘ydinov, Sayfullo Hakimov, Bahrom Ergashev, Sodiq Ortiqov va Azamjon Mahmudov. Ular asosan O‘zbekiston va Qirg‘iziston, bir nafari Tojikiston fuqarosidir.

XS
SM
MD
LG