Ikki yosh yigit bozordan mijoz olib chiqib ketmoqchi bo‘layotgan litsenziyali taksidan zo‘ravonlik bilan 5000 so‘m undirishga urinmoqda. Haydovchidan pul talab qilayotgan yigitlar taksidagi keksa yo‘lovchilarni ham haqorat qiladi va haydovchi 5000 so‘m bermasa¸ mashinaning bozor hududidan chiqarilmasligini aytadi.
Bu voqea aks etgan video Ozodlikka 18 noyabrda keldi. Jo‘natganlarning aytishicha, video Farg‘ona viloyat Qo‘qon shahri bozorining taksilar to‘xtashi uchun ajratilgan hududida yozib olingan.
Ozodlik bir-biridan mustaqil holda gaplashgan qo‘qonlik haydovchilar¸ bu yigitlarni bozor stoyankasidan mijoz oluvchi har bir taksidan 5000 so‘mdan o‘lpon oluvchi “mafiya guruhi” deb atadi. Taksichilarga ko‘ra¸ bu guruh ikki-uch yildan beri kuppa-kunduzi shunday qaroqchilik qilmoqda¸ hokimiyat tizimlari esa bu bedodlikka ko‘z yumib kelmoqda.
Ozodlikka kelgan videoyozuvni 19 noyabr kuni ko‘rib chiqqan Qo‘qon shahar hokimligi matbuot xizmati¸ vaziyatni tezkor o‘rganib chiqish maqsadida hokimlik¸ IIB va soliq idorasi bilan hamkorlikda maxsus guruh tuzilib¸ ish boshlanganini bildirdi.
“5000 so‘mni bermasang¸ joyingdan jilmaysan!”
Ozodlikka yuborilgan videodagi voqea¸ uni yozib olgan qo‘qonlik yo‘lovchining aytishicha¸ 17 noyabr kuni ertalabki soat 8-9 lar atrofida bo‘lgan.
Unda taksi belgisi qo‘yilgan sariq mashina oldini to‘sayotgan ikki yigitning haydovchidan 5000 so‘m talab qilayotgani¸ hozir puli yo‘qligini aytayotgan haydovchining esa¸ keyingi safar kelganda berishini aytayotgani eshitiladi.
“Janjal Farg‘ona tomondan kelsa mostdan o‘tganda chap tomonda peshexod oldidagi oshxonalar oldida bo‘ldi. Qo‘qon bozoridagi zo‘ravonlar Andarxon chegara postiga qatnaydigan mashinalardan to‘lov yig‘arkan. Mashina oldini to‘sayotgan yigitlar taksi odam olgani uchun dolya so‘rayapti. Bermasa¸ odam oldirishmas ekan. Adashmasam¸ haydovchi va keksa ayolni haqoratlayotgan zo‘ravonning oti Muhammad deyishdi”¸ deydi Ozodlikka bu videoni yuborgan qo‘qonlik yo‘lovchi.
“Taksichilarni talayotgan mafiya”ni ko‘rib ko‘rmaslikka olishmoqda”
Videoda aks etgan voqea tafsilotlarini o‘rganish jarayonida Ozodlik qo‘qonlik bir necha taksi haydovchisi bilan suhbatlashdi.
Bir-biridan mustaqil holda gapirgan qo‘qonlik haydovchilar¸ Qo‘qon bozori hududida taksilar to‘xtab¸ mijoz olishi uchun ajratilgan to‘xtash joylarining¸ o‘z iboralari bilan¸ “ko‘cha bolalari, mafiya” nazoratida ekanini bildirdi.
“Bular kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Kamida ikki yil bo‘ldi. Boshida 2000 so‘m talab qilayotgan edi¸ hozirga kelib¸ 5000 so‘mga chiqarishdi. Na olgan puliga chek beradi¸ na bularning qo‘lida beyjigi bor. Kimligini birov bilmaydi. Bozor hududi hokimlikka qaraydi¸ hokimlikning bu narsadan xabari yo‘qligiga ishonmayman. Bu bolalarni bunday quturishidan ularning orqasida baquvvat akaxonlari borligi ko‘rinib turipti”¸ dedi Ozodlik gaplashgan qo‘qonlik taksi haydovchilaridan biri.
Boshqa haydovchi¸ bu bedodlik haqida Qo‘qon shahar transport boshqarmasiga shikoyat bilan murojaat qilgani¸ ammo “bozordagi qaroqchi-yo‘lto‘sarlar”ga hech qanday chora ko‘rilmaganini bildirdi:
“Davlat to‘lovlaridan tashqari bularga ham kuniga 40-50 ming to‘lash, xodimlar bilsa ham jim turishini ko‘rib¸ asabim chidamay qoldi. Hozir bozor hududiga kirmaydigan bo‘lganman. Bular litsenziyalilardan 5000 olsa¸ litsenziyasi yo‘qlardan undanam ko‘proq dolya oladi. Hech kim indamaydi. Uchastkovoy¸ bozor ma’muriyati¸ shahar hokimligi bularni bilmaydi deb o‘ylaysizmi?”
Shahar markaziy bozoridagi yo‘lto‘sarlardan mulozimlar bexabar
Ozodlik qo‘qonlik taksi haydovchilari¸ qolaversa yo‘lovchilar bergan ma’lumotlarga munosabat bildirishni so‘rab Qo‘qon shahar IIBga bog‘landi.
Ichki ishlar tizimining Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ bozor hududidagi bunday yo‘lto‘sarlik va tamagirlik haqida “birinchi bor eshitib turganini” bildirdi.
Qo‘qon bozori tegishli bo‘lgan shahar hokimligi matbuot xizmati¸ Ozodlik taqdim etgan videoyozuvni ko‘rib chiqqach¸ quyidagicha javob berdi:
“Shahar hokimligi, ichki ishlar, soliq idorasi bilan hamkorlikda masalani tezkor o‘rganishni boshladi. Masalaga oydinlik kirishi bilan rasmiy ma’lumot yo‘llaymiz”.
Ozodlik mazkur ishchi guruhning o‘rganish natijasida kelgan xulosalari taqdim etilishi bilan¸ uni jamoatchilikka e’lon qiladi.