Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:43

Turkmanistonda ayol haydovchilar guvohnomalari uzaytirilmayapti


Turkmaniston poytaxti Ashxobodda yigirma yildan beri transport vositasini boshqarib kelgan ayol guvohnomasi uzaytirilmadi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ayolning aytishicha, tegishli idoralarga o‘n martalab borgan, ammo guvohnomasi nima sababdan uzaytirilmagani haqida tayinli izoh ololmagan.

Ayol umrida biror marta qoida buzgani uchun jarimaga tortilmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, guvohnomasi uzaytirilmagani sababi ko‘rsatilgan rasmiy hujjat talab qilganida, rasmiylardan biri “yuqoridan” shunday buyruq bo‘lganini aytgan.

Ozodlikning Turkman xizmatiga yana bir necha ayol keyingi oylarda shunga o‘xshash vaziyatga duchor bo‘lganini hikoya qilib berdi.

Turkmanistonda haydovchilar 10 yilda bir marta guvohnomalarini yangilashi kerak.

Erkak haydovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan norasmiy surishtiruvda ular guvohnomalarini muammosiz uzaytirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan ayollarning aytishicha, guvohnomalarni uzaytirish bilan bog‘liq muammolar oldindan bo‘lib kelgan, ammo ayollarga uzil-kesil rad javobini berish bir necha oy oldin boshlangan.

Bu orada Turkmanistonda ayollar transport vositasini boshqarishiga qarshi kurash olib borilayotgani iddao qilinmoqda. Xususan, xabarlarga ko‘ra, politsiya ayollarni sababsiz to‘xtatib, og‘ir bo‘lmagan qoidabuzarliklar uchun ularning guvohnomasini olib qo‘ymoqda.

Guvohnomadan ayrilgan ayol boshqa ayol haydovchilar ham muammolarga duchor bo‘layotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylardan qachon guvohnoma ola olishi haqida so‘raganida, buyruq bo‘lganidan keyin shaharda mish-mish tarqalishini aytishgan.

Keyingi oylarda o‘nlab ayol qo‘shimcha g‘ildirak yoki shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish dori-darmonlar qutisi yo‘qligi uchun guvohnomasidan ayrilganini ma’lum qildi.

Joriy yilning fevral yakunida poytaxt ko‘chalaridan birida politsiya birdaniga 20 nafar ayol haydovchini to‘xtatgani xabar qilingan edi.

Xabarlarga ko‘ra, ba’zi kunlarda 100 dan oshiq ayol mashinasi chala aptechka, nosoz qo‘shimcha g‘ildirak yoki ogohlantiruvchi uchburchak belgi yo‘qligi uchun jarima maydonchasiga olib ketilgan.

Sentabr oyida Ozodlik radiosi turkman xizmati Ashxobodda politsiya ayol haydovchilarini to‘xtatib, guvohnomalarini olib qo‘yayotganini xabar qilgan edi.

Mamlakat rasmiylari Ozodlikning o‘nglab murojaatiga qaramasdan, ayol haydovchilar nishonga olinayotgani haqidagi iddaolarga rasmiy izoh bergan yo‘q.

Hatto hukumatning quyi qatlamlarida prezident ma’muriyati aralashuvisiz biror chora ko‘rilmaydigan mamlakatda ayollarning mashina haydashini cheklash buyrug‘i prezident Gurbanguli Berdimuhamedov tashabbusi ekanini taxmin qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG