Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:31

Turkmanistonda uy hayvonlari kasallanmoqda, rasmiylar Berdimuhamedov tabobatini tavsiya qilmoqda


O‘tgan haftada Turkmaniston davlat telekanalida uy hayvonlarining xavfli kasalliklarini shifobaxsh o‘simliklar bilan davolash mumkinligi ta’kidlandi. ​

Oktabr oyida Ozodlik radiosi turkman xizmati Mari viloyatida qora mollar jigar kasalidan halok bo‘layotganini xabar qildi. Mahalliy veterinarlar jonivorlar sil kasalligidan (tuberkulyoz) o‘layotganini xulosa qilgandi.​

Turkmanistonni 2006 yildan beri boshqarib kelayotgan Gurbanguli Berdimuhamedovni Foreign Policy xalqaro nashri jahondagi eng yomon diktatorlar qatoriga kiritgan.

Berdimuhamedov yetakchiligidagi hukumatning siyosati aholi turmushini mushkullashtirishda davom etmoqda.

Masalan, mamlakat aholisi uchun yetarli miqdorda dori-darmon import qilmaydi yoki o‘zi ishlab chiqarmaydi.

Buning o‘rniga rasmiylar aholini prezident qalamiga mansub ekanligi aytilayotgan va mamlakatdagi shifobaxsh giyohlar haqidagi tabobat kitobini o‘qishga undamoqda.

Rasmiylarning bunday mas’uliyatsiz xatti-harakatlari esa achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Turkmaniston bo‘yicha 2016 yilda e’lon qilgan hisobotda “zoonoz kasalliklari yuqumli kasalliklar bo‘lib, hayvonlar va odamlar o‘rtasida tarqalishi mumkin. Insonlar orasidagi yaqinda tarqalgan yuqumli kasalliklarning 75 foizi hayvonlarda boshlangan; barcha inson patogenlarining 60 foizi esa zoonozdir”, deyiladi.

Ebola, parranda grippi (qush grippi), kuydirgi, salmonella va boshqa o‘nlab kasallik hayvonlar orasida tarqaladigan va ba’zan odamlarga yuqadigan zoonoz kasalliklardir.

Turkmaniston rasmiylari tavsiya qilayotgan shifobaxsh o‘tlar esa bunday kasalliklar yuqtirishda va ularning tarqalishi oldini olishda hech qanday samara bermaydi. Agar giyohlarning o‘zi yetarli bo‘lganida, zamonaviy vaksinalarga ehtiyoj bo‘lmagan bo‘ladi.

Bundan ham muhimi, Turkmaniston rasmiylari aholi erkin harakatlanishini cheklay olgani bilan, qushlar, kemiruvchilar va boshqa cho‘l jonzotlari erkin harakatlanishini cheklay olmaydi. Hatto qora mollar va qo‘ylar ham Turkmaniston chegarasidan qo‘shni mamlakatlarga o‘tishi mumkin.

Keyingi yillarda Turkmanistonda turli hayvon kasalliklari tarqalayotgani haqida ma’lumot kelib tushmoqda. Oktabr oyida Ozodlik radiosi turkman xizmati Mari viloyatida qora mollar jigar kasalidan halok bo‘layotganini xabar qildi. Mahalliy veterinarlar jonivorlar sil kasalligidan (tuberkulyoz) o‘layotganini xulosa qildi.

Iyun oyida Ahal viloyatida qora mollar halok bo‘layotgan xabar qilindi. O‘shanda buning sababi odatda kanalar orqali tarqaladigan piroplazmoz kasalligi ekanligini aytildi. Bu tashxisni qo‘ygan mahalliy veterinarlar kasallik vaqtida aniqlanganida, uning oldini olish mumkin bo‘lgan bo‘lardi, deyishdi.

Mart oyida esa Bolqon viloyatida tuyalar o‘layotgani xabar qilingan edi. O‘shanda rasmiylar bu holatni izohlamadi. 2018 yilning oktabrida ham bir necha tuya halok bo‘lgan, buning sababi chechak deya taxmin qilingan edi. O‘shanda bu kasallik insonlarga ham yuqqan.

2016 yil yakuni, 2017 yil boshida Dashoguz viloyatida ko‘plab qora mol hamda parranda halok bo‘ldi. Mahalliy veterinarlar halok bo‘lgan jonivorlarga kuydirgi tashxisini qo‘ydi, ammo rasmiylar bu holatni izohlamadi.

Turkmaniston bo‘ylab keyingi uch yil davomida uy hayvonlari halok bo‘lgan holat ko‘p kuzatildi. Ayrimlar butunlay quruq qolmaslik uchun infeksiya yuqqan qoramol va qo‘ylarini so‘yib, mahalliy bozorlarda sotmoqda.

Turkmaniston rasmiylari buni tan olmasa-da, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakat keskin iqtisodiy inqirozga yuz tutgan. Ko‘p hududlarda oziq-ovqat uchun navbatlar yuzaga kelgan. Shu sabab arzon narxda sotilayotgan go‘sht mahalliy aholi e’tiborini tortmay qolmaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Turkmanistonda 2016-2020 yillarda zoonoz kasalliklarga qarshi kurashish rejasi qabul qilingan, ammo unda faqat brutsellyoz va quturish haqida so‘z yuritiladi.

Turkman telekanallarida jonivorlarni davolash uchun Berdimuhamedovning shifobaxsh giyohlar haqidagi kitobidan foydalanish maslahati berilganidan Ashxobod hayvonlarni vaktsinatsiya qilish niyatida emasligini xulosa qilish mumkin.

Bu esa Turkmanistonni zoonoz kasalliklar uchun inkubatorga aylantiradi va nafaqat Turkmaniston, balki qo‘shni mamlakatlar aholisi sog‘lig‘iga tahdid soladi.

Jonivorlarni va aholini emlash uchun Turkmanistondan mablag‘ yo‘q, deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. 2018 yilning iyulida The Economist nashri Germaniya banklarida turkmanistonliklarga tegishli 23 milliard dollar borligini xabar qilgan edi.

Berdimuhamedov keyingi yilgacha Ashxobodda itning Olaboy zotiga 15 metrli haykal o‘rnatishni buyurdi. Bu bachkanalikka sarflanadigan mablag‘ning o‘zi bilan ko‘plab uy hayvonlarini emlash mumkin bo‘lardi.

XS
SM
MD
LG