Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:21

«Narxoz» da keng ko‘lamli «tozalash» o‘tkazilmoqda. Xodiyevdan keltirilgan zararni qoplash so‘raldi


Davlat Iqtisodiyot universiteti sobiq rektori Bahodir Xodiyev.
Davlat Iqtisodiyot universiteti sobiq rektori Bahodir Xodiyev.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi (TDIU) korrupsiya holatlari bo‘yicha DXX va prokuratura organlari 5 noyabrdan beri taftish o‘tkazmoqda.

Taftish davom etar ekan¸ 6 dekabr kuni universitet professor va o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish boshlandi.

Attestatsiya davomida 5 noyabr kuni ishdan olinib¸ jinoyat ishi figurantiga aylangan sobiq rektor Bahodir Xodiyevga yaqin sanalgan kadrlarning ishdan olingani iddao qilinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda Oliy ta’lim vazirligi¸ TDIU va taftish tafsilotlaridan bilvosita xabardor mulozimlar xabar berdi.

Attestatsiya komissiyasiga yaqin xodimlardan birining Ozodlikka bildirishicha¸ komissiya «Xodiyev asos solgan tarmoq a’zolarini» oliy ta’lim tizimidan uzoqlashtirishga urinmoqda.

TDIU ikkinchi binosining birinchi qavati Majlislar zalida O‘zbekiston prezidentining PQ-4391 sonli qarori va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 1063-sonli buyrug‘i asosida joriy yilning 6 dekabridan ishlayotgan komissiya faoliyatiga oid hujjatlar to‘plami Ozodlikda mavjud.

Hujjatlar to‘plami
Hujjatlar to‘plami

Attestatsiya jarayoni 1063-sonli buyruqning uchta ilovasi asosida olib borilmoqda.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ Narxoz(TDIUning eski nomi - tahr.)da bu uchta ilova to‘riga ilinmaydigan o‘qituvchi-xodim deyarli yo‘q.

- Chunki Narxozga yillar mobaynida tanish-bilishchilik asosida o‘qituvchi olingan. Aksar o‘qituvchilar oddiy diktantdan ikki oladigan darajada savodsiz¸ degan manba oshkor qilmaslik sharti bilan ba’zi hujjatlarni Ozodlikka taqdim qildi.

Manba taqdim qilgan hujjatda «Attestatsiyadan o‘tmadi» degan xulosa asosida egallab turgan lavozimidan ozod qilinganlar haqida ma’lumot bor.

Masalan¸ bitta kafedradan 5 o‘qituvchi¸ yana bir kafedradan 9 o‘qituvchi attestatsiyadan o‘ta olmagan.

Ozodlik tanishib chiqqan hujjatlarda ishdan olinganlarning aksar qismi "savodsizligidan" tashqari «Xodiyevga yaqin» bo‘lgani bois ham lavozimidan ozod qilingani yozilgan.

Attestatsiyadan o‘tish jarayoni kuzatuv kamerasiga yozib olingan. Attestatsiyadan o‘ta olmay ishdan bo‘shaganlardan atestatsiya komisiyasiga e’tirozi yo‘qligi haqida video iqroqlik yozdirib olingani haqida Ozodlikda ma’lumot mavjud.

"Chap bermoqchi bo‘lganlar ham bor"

TDIU xodimlaridan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ «eski rahbariyat attestatsiya komissiyasini chalg‘itishga harakat qilmoqda».

- Ayrim rahbarlarning lavozimiga noqonuniy ravishda qayta-qayta tayinlangani aniqlandi. Biroq eski rahbariyat ishni “bosti-bosti” qilish harakatida. Eski rahbariyat asosan oddiy professor-o‘qituvchilarni qurbon qilish evaziga eski korrupsion elitasini (kafedra mudirlari, dekanlar, o‘quv boshqarma, magistratura, sirtqi va boshqa bo‘lim boshliqlari hamda ichki o‘rindoshlarni) saqlab qolish payida.

Eks rektor Xodiyev jinoyat ishi figuranti

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 5 noyabr kuni ishdan olingan rektori Bahodir Xodiyevning o‘zi universtitetdagi korrupsiya tizimi bois ochilgan qator jinoyatlar figuranti sifatida uyidan tergovga qatnamoqda.

Tergovga yaqin manbaning Ozodlikka iddao qilishicha¸ Xodiyevga keyingi o‘n yil ichida davlatga uning faoliyati oqibatida yetgan zarar summasi aks etgan xulosa berilgan. Ozodlikka aniq summasi ma’lum bo‘lgan bu raqam o‘nlab million dollarni tashkil qiladi.

Iddaoga ko‘ra¸ agar Xodiyev o‘zi yetkazgan zararning uchdan birini qoplab bersa¸ unga nisbatan yengillik qo‘llanishi va’da qilingan.

Tergovga yaqin manba iddaosiga ko‘ra¸ Xodiyevning 2010 yil martidan 2014 yilning apreligacha O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri bo‘lgan davri ham tekshirilgan.

Ayni o‘sha davrda tergov guruhiga yaqin manba fikricha¸ «O‘zbekiston oliy tizimida poraxo‘rlik konveyer usuliga o‘tkazilgan».

Shuningdek¸ Xodiyevning 2014 yilning aprelidan 2015 yil iyuligacha fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi sifatida ishlagan, 2015-2016 yillarda Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha majmua rahbari hamda tegishli ravishda bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan davridagi «jinoiy sxema asosida pul yuvgani» tekshirilib¸ zarar miqdori aniqlangan.

Virtual sazoyi

Jinoyat ishi tergov qilinayotgan bir paytda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy Telegram kanalida sobiq rektor Xodiyevni virtual "sazoyi qilish" kampaniyasi olib borilmoqda.

Vazirlikning rasmiy Telegram kanalida chiqish qilgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Bobiromon Qodirov “rektor korrupsiya bois” ishdan olinganini yozdi.

Rasmiy Telegram kanalida Chirchiq¸ Buxoro¸ Nukus va Toshkentdagii Oliy o‘quv yurti o‘qituvchi va talabalari “bir ovozdan” “Narxozdagi korrupsionerlarni “ la’natlab, boshqalarni “hushyor bo‘lishga” chaqirishga o‘tdilar.

Navbatdagi attestatsiya?

Ozodlik Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida o‘tkazilayotgan attestatsiya tadbiridan ko‘zlangan maqsad haqida universitet rahbariyatiga murojaat qildi.

O‘zini ilmiy kotibiyat vakiliman deb tanishtirgan suhbatdosh «bu attestatsiyaning favqulodda emasligi va ilgaridan rejalanganligini» aytdi.

Uning ta’kidlashicha¸ davlat granti asosida institutni tugatib¸ yangi ishga kelgan o‘qituvchilar attestatsiyadan ozod qilingan.

XS
SM
MD
LG