Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:35

Qonun loyihasi: Internetda ruxsatsiz namoyishlarga chaqiriq uchun 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi


Loyiha qonunga aylangan taqdirda¸ ruxsat berilmagan yurishni yoritgan Nafosat Olloshukurova kabi blogerlar 10 yilgacha qamalishi mumkin.
Loyiha qonunga aylangan taqdirda¸ ruxsat berilmagan yurishni yoritgan Nafosat Olloshukurova kabi blogerlar 10 yilgacha qamalishi mumkin.

O‘zbekistonda yig‘ilishlar¸ mitinglar¸ ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish¸ o‘tkazish tartibini buzish va ommaviy tartibsizlik uchun beriladigan jazo keskinlashishi va Internet orqali odamlarni ommaviy namoyishlarga chaqirish ham og‘ir jinoyatga aylanishi mumkin.

Bu me’yor Ozodlikka sizdirilganO‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatning Ozodlikka yuborilgan nusxasi tepasida “Loyiha” deb yozilgan.

Loyihada xususan¸ Ma’muriy kodeksga ommaviy axborot vositalari va Internet orqali “bila turib yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish” uchun qamoq jazosi berishni ko‘zda tutuvchi yangi band qo‘shilgan.

Hujjat¸ ruxsat berilmagan namoyishga chiqish bilan ijtimoiy tarmoqlarda shunday namoyishga chaqirishni bir xil jinoyat qilib belgilaydi.

Loyihaning qonunga aylanishi uchun u avvaliga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi¸ so‘ngra esa Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi lozim.

Ozodlik hozircha bu qonun loyihasining aynan qaysi bosqichda ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘lmadi. Senat matbuot xizmatiga ko‘ra¸ 14 dekabr kuni yakunlangan 25-yalpi majlisida Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun ma’qullangan. Ammo Senat rasmiysi Ozodlikka bu o‘zgartishlarning aynan qaysi moddalarga taalluqli ekanini ochiqlamadi.

Huquqshunos fikri

Qonun loyihasi bo‘yicha mulohaza bildirgan toshkentlik huquqshunos¸ uni xalqni hukumat siyosatidan o‘z noroziligini ijtimoiy tarmoqlar orqali ifodalash haqqidan mahrum qilish¸ bloger va jurnalistlarni esa¸ bunday e’tirozlar haqida yozishdan qo‘rqitish urinishi sifatida baholadi.

"Bu loyihaning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaganidan uning qabul qilinishini kutish mumkin. Agar bu loyiha 14 dekabr kungi Senat yig‘ilishida qabul qilinmagan bo‘lsa¸ bu ish yangi saylanadigan parlamentga qolgan. Yangi deputatlar bu loyihani qabul qilish-qilmasligiga qarab¸ ularning xalq yoki hokimiyatdan qay biri xizmatida bo‘lishini aniq ko‘ramiz" dedi Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan huquqshunos.

Maxfiy “Loyiha”

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi¸ uni Ozodlikka sizdirgan mulozimga ko‘ra¸ maxfiy hujjatdir.

Jarayonga bilvosita aloqador mulozim ta’kidicha¸ loyiha muallifi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi¸ ayni paytda¸ loyiha “ko‘rib¸ qo‘shimcha takliflar bildirish uchun” mamlakatdagi kuch ishlatish vakolatiga ega barcha strukturalarga taqdim etilgan.

Bu qonun loyihasini regulation.gov.uz (normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yiladigan hukumat sayti) saytidan qidirib o‘tirmang¸ topolmaysiz. Chunki bu hujjat maxfiy va yopiq tarzda ishlab chiqilmoqda. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaydi. Silovoy strukturadagi organlar ko‘rib chiqib¸ takliflarini bergan. Hozir bilishimcha Adliya vazirligi va Bosh prokuratura ko‘rib chiqayapti. Senatga taqdim etilgan-etilmaganidan xabarim yo‘q”¸ dedi maxfiy loyiha nusxasini Ozodlikka taqdim etgan Toshkent mulozimi.

Maxfiy hujjatni jamoatchilikka taqdim etish oqibatlaridan cho‘chigan mulozim¸ shaxsi sir qolishini so‘radi.

Unga ko‘ra¸ bu loyihaning imi-jimida qabul qilinib¸ qonunga aylanishi rejalanmoqda.

Hatto prezident qo‘l qo‘yib¸ kuchga kirgandan keyin ham¸ jamoatchilik e’tirozini chetlab o‘tish uchun¸ bu haqda aniq ma’lumot berilishiga ishonmayman. Odamlar qonunga keskin o‘zgartish kiritilganini faqat o‘zlariga yangi qonun bo‘yicha ayblov qo‘yilgandan keyingina xabar topishlari mumkin. Jamoatchilikning bu maxfiy loyiha haqida Ozodlik orqali oldindan xabar topishi va o‘z pozitsiyasini bildirishini istayman”¸ dedi maxfiy hujjatni sizdirishdan maqsadini izohlagan mulozim.

Maxfiy “Loyiha” nimani nimaga o‘zgartiradi?

Loyihaning 1-moddasi Jinoyat kodeksiga¸ aniqrog‘i uning ikki moddasiga o‘zgartish va to‘ldirish kiritishni ko‘zda tutadi.

Loyihada shunday yozilgan:

1) 217-moddaning birinchi qismi dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Tashkilotchi tomonidan yig‘ilishlar¸ mitinglar¸ ko‘cha yurishlari va namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibini buzish¸ xuddi shuningdek ommaviy axborot vositalari¸ telekommunikatsiya tarmoqlari¸ Internet tarmoqlari¸ bundan tashqari bosma yoki matn bosishning boshqa usullaridan foydalangan holda¸ fuqarolarga aniq maqsadni ko‘zlagan holda ta’sir ko‘rsatishda ifodalanadigan ularni ruxsatsiz o‘tkazishga ommaviy chaqirish shunday harakatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa”.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining amaldagi tahririda “Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish” deb nomlangan 217-moddasining birinchi qismida shunday yozilgan:

“Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibini ularning tashkilotchisi tomonidan buzish shunday harakatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa”.

Joriy qonunchilikka ko‘ra¸ bunday jinoyat “eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ayni paytda¸ “Diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,

eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Loyiha ommaviy axborot vositalari va Internet orqali odamlarni ruxsat etilmagan ommaviy namoyishga chiqishni targ‘ib etishni ham “yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibini buzish” jinoyatiga tenglashtirib¸ unga og‘irlashtiruvchi holatlarda uch yilgacha qamoq jazosi qo‘llashni ko‘zda tutadi.

Maxfiy qonun loyihasi Jinoyat kodeksining “Ommaviy tartibsizliklar” deb nomlangan 244-moddasiga to‘ldirish kiritishni ko‘zda tutadi.

244-moddaning joriy ko‘rinishiga muvofiq¸ “Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish” o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Maxfiy loyiha 244-moddani quyidagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan to‘ldirishni ko‘zda tutadi:

“Fuqarolarga aniq maqsadni ko‘zlagan holda ta’sir ko‘rsatishda namoën bo‘ladigan hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik¸ ommaviy tartibsizliklar va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka ommaviy chaqirish¸-

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a)oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;

b) ommaviy axborot vositalari¸ telekommunikatsiya tarmoqlari¸ Internet butunjahon axborot tarmog‘i¸ shuningdek bosma yoki matn bosishning boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa¸-

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Birinchi qism uchinchi qism deb hisoblansin”.

Qonun loyihasi Jinoyat kodeksiga kiritiladigan o‘zgartish va to‘ldirishlar munosabati bilan o‘nlab qonun hujjatlarini tuzatishni ham ko‘zda tutadi.

Ma’muriy javobgarlik kodeksida ruxsat etilmagan yig‘ilishlar uchun belgilangan jazo ham keskinlashadi

Ozodlikka sizdirilgan maxfiy qonun loyihasining 2-moddasi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tuzatish va to‘ldirish kiritishni ko‘zda tutadi.

Bu tuzatishlar ham kodeksning aynan ommaviy chiqishlarga oid moddalariga taalluqli ¸ ular ham ommaviy axborot vositalari va Internet orqali qilinadigan chaqiriqlarga ham jazo tayinlashni nazarda tutadi.

Xususan¸ loyihada shunday yozilgan:

1) 201-moddaning birinchi qismi dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

Yig‘ilishlar¸ mitinglar¸ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish¸ o‘tkazish tartibini buzish¸ xuddi shuningdek fuqarolarga aniq maqsadni ko‘zlagan holda ta’sir ko‘rsatishda¸ shu jumladan ommaviy axborot vositalari¸ telekommunikatsiya tarmoqlari¸Internet tarmoqlari¸ shuningdek bosma yoki matn bosishning boshqa usullaridan foydalanishda ifodalanadigan ularni ruxsatsiz o‘tkazishga ommaviy chaqirish¸-

2)quyidagi mazmundagi 2011-modda bilan to‘ldirilsin:

2011-modda. Qonun hujjatlarini bajarmaslik yoki buzishga ommaviy chaqirish

Fuqarolarga aniq maqsadni ko‘zlagan holda ta’sir ko‘rsatish¸ shu jumladan ommaviy axborot vositalari¸ telekommunikatsiya tarmoqlari¸Internet tarmog‘i hamda bosma yoki matn bosishning boshqa usullaridan foydalanishda ifodalanadigan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini bajarmaslik yoki ularning talablarini buzishga ommaviy chaqirish-

Bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

3) quyidagi mazmundagi 2022-modda bilan to‘ldirilsin:

“2022—modda. Bila turib yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish

Bila turib yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish¸ shu jumladan ommaviy axborot vositalari¸ telekommunikatsiya tarmoqlari¸Internet tarmog‘i hamda bosma yoki matn bosishning boshqa usullaridan foydalanish fuqarolar totuvligini buzish¸ shuningdek fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan o‘z qonuniy huquq va majburiyatlarini amalga oshirishga faol to‘sqinlik qilishga sabab bo‘lsa –

Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.

XS
SM
MD
LG