Farg‘ona viloyat, Toshloq tumani hokimi “Saidbek Sardorbek Fayz” fermer xo‘jaligining 18 gektar bog‘ini kesib tashladi.
Fermerning aytishicha, hokim bunga Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni asos qilib ko‘rsatgan.
Ammo bog‘ni bunyod qilgan dehqonning aytishicha, tuman hokimligi tashkil etgan komissiya kesish haqida xulosa bermagan va hech qanday ogohlantirishsiz qariyb 1000 tup endi hosilga kirgan eksportbop olma, 400 tup bodom va 350 tup olxo‘ri yo‘q qilingan.
Bog‘ni kestirib tashlaganini inkor etmagan tuman hokimi bu masalani fermer bilan 29 dekabrda muhokama qilishini aytdi.
49 yashar Tojiamad O‘rmonov uzoq yillar Rossiyada qora ishchilik bilan topgan pulini O‘zbekistonga yuborib, bog‘ bunyod qilishga sarflagan.
2015 yilda qizi Gulhayoxon Mirzaliyeva nomiga “Saidbek Sardorbek Fayz” bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligini tashkil etgan.
Ishni 2015 yilda 4,27 gektar yerga bog‘ qilishdan boshlagan. 2019 yil esa atrofdagi kichik bog‘larni birlashtirib, yeri 18,5 gektar bo‘lgan.
Hokimlik bilan 49 yilga ijara shartnomasi tuzgan.
Qariyb 1000 tup eksportbop “Krepson” navli qizil olma, 400 tup oliy navli bodom, 350 tup olxo‘ri, pilla uchun 3800 tup tut ekkan.
Ammo, 2019 yilning oktabrida, Tojiamad O‘rmonov O‘zbekistonda bo‘lib turgan paytda, tuman hokimi boshchiligidagi komissiya uning bog‘ini kelib ko‘rgandan so‘ng bog‘ni kesish boshlangan.
- Oktabr oyida hokim komissiya bilan kelib bog‘ni ko‘rdi. Bog‘ingiz qoladi dedi. Bog‘da 80 tup katta o‘rik bor edi. Hokim, shu o‘riklarni bog‘cha va maktablarga o‘tin uchun bering, dedi. Men shuni so‘rayapti, demak bu yog‘i kesilmasdan qolsa kerak deb o‘ylab, rozilik berdim. Noyabrning boshida 63 dona o‘rikni o‘zlari kesib, o‘zlari butab shox-shabbasigacha olib ketishdi. Qaerga olib ketishdi, men buni bilmayman.
Tojiamad O‘rmonovning aytishicha, dekabr oyining boshida uning bog‘ini qolgan daraxtlarini kesish boshlangan:
- Mening bog‘imni kesish haqida hech qanday qaror ko‘rsatmasdan, kesamiz deb ogohlantirmasdan, bir boshdan kesishni boshlashgan. U payt men Rossiyaga, ishimga qaytgan edim. Uydagilarim avval ikki kun dod-voy qilib qo‘ymagan, qizim qarorni ko‘rsatinglar deb hokimlikka borgan. U yerda unga bir umumiy qarorni ko‘rsatishgan. Bu qarorda mening bog‘im haqida gap ham bo‘lmagan.
Tojiamad O‘rmonov Rossiyadan har bitta ko‘chat uchun pul jo‘natganini aytadi:
- Rossiyada bog‘ qilay deb ikki smenada ham ishlaganman. Taksichilik qilganman, g‘isht terganman, suvoqchilik qilganman, topganimni faqat shu boqqa sarfladim. Yuzlab odamlarni ishlatdim, ya’ni ish joyi bilan ta’minladim. Kuniga 30-40 ming so‘mdan pul to‘ladim. Davlatdan bir so‘m ham pul olmaganman. Suv chiqarish uchun 500-600 metr elektrni o‘zimni mablag‘im bilan tortdim. Orttirib, shu yil yozda 13 million so‘mga nasos qo‘ydirgan edim. Qorovulimga har oyda 600 ming so‘mdan o‘z yonimdan maosh to‘ladim. Xullas, peshona terim hisobiga bunyod qilgan bog‘imni vahshiylarcha kesib tashlashdi.
Tojiamad O‘rmonovning aytishicha, pilla uchun ekilgan 3800 tup tut daraxtining 600tasi ham kesib tashlangan.
Fermer huquqini himoya qilayotgan, ismi sir qolishini so‘ragan huquqshunoslardan birining aytishicha, tuman hokimligi Vazirlar Mahkamasining qarorini o‘z manfaati yo‘lida qo‘pol ravishda buzgan:
“Tuman hokimi 30 oktabrda hokim 6419 sonli qaror chiqaryapti. Bu qarorda tumanda samarasiz foydalangan bog‘larni monitoring qilinglar, deyapti. Shuning bir punktida eksportbop, sifatli bog‘larni alohida ko‘rsatinglar, deyilgan. Bor qaror shu. Boshqa hech narsa yo‘q. Ana shu qaror asosida hokim oadmlari bog‘ni kesib yuboryapti. Fermer esa, mayli mana bu yerda 5 gektar to‘rt yillik “krepson” degan eksportbop olma bor, shu qolsin hech bo‘lmasa desa, xo‘p deb tashlab ketyapti. Lekin bir haftadan keyin kelib o‘sha olmani ham kesib ketyapti. Komissiyaning aynan qaysi bog‘lar kesilishi haqidagi xulosasi ham yo‘q. Hokim endi hosilga kirgan, eksportbop hosil beradigan daraxtlarni kestirib tashladi. Buning o‘zi insoniylik yuzasidan ham, qonun yuzasidan ham jinoyat, bu Vazirlar Mahkamasining qarorini qo‘pol ravishda buzilishi. Men jabrdiyda tomonga advokat yollab, hokimni sudga berishni taklif qildim”.
Ozodlik bu masalaga izoh berishni so‘rab, Toshloq tuman hokimi Shuhrat Abdusalomov bilan bog‘landi. Hokim bu masala xususida 28 dekabr kuni fermer bilan uchrashishini aytdi:
- Bu fermer bilan ertaga men shaxsan yuzlashib, gaplashaman. Bugun tadbirimiz ko‘p bo‘ldi.
Ozodlik: Bog‘ni kestirib yuboribsiz, endi nimani gaplashasiz?
Hokim: Endi uni joyida ko‘ramizda. Bo‘pti, oldimda odam bor edi. Xayr.
Ozodlik bir kun avval Farg‘ona viloyat, O‘zbekiston tumani hokimi bog‘ qilish uchun fermerga yer bergani, fermer 10000 ko‘chat ekkandan keyin bog‘ni tortib olib, boshqa fermerga berib yuborgani haqida xabar bergan edi.