Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:41

2019 yil ilmiy yutuqlari:Oyda o‘stirilgan paxta, qora tuynukning ilk surati, Yerga o‘xshash ekzosayyora


Qora tuynukning ilk surati.
Qora tuynukning ilk surati.

2019 yil ilm-fan va texnologiya olamida yirik yutuqlarga erishildi. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin.

Yil boshida tarixda birinchi marta Xitoyning “Chan’e-4” stansiyasi oyning orqa tomoniga qo‘ndirildi. Bundan oldin Yer yo‘ldoshining orqa tomoniga insoniyat biror apparat yubormagan edi. Yanvar oyida, shuningdek, “Chan’e-4” stansiyasi bortidagi paxta urug‘i o‘sib chiqqanini va o‘sishda davom etayotganini e’lon qilindi.

Yil davomida NASAning InSight robot Marsdagi zilzilalarni qayd etdi. Bunday ma’lumot yordamida olimlar Qizil sayyora haqida ko‘proq bilib olishga umid bog‘lagan.

Fevralda esa Yaponiya fazo agentligining (JAXA) uchirgan Hayabusa2 stansiyasi olis Ryugu asteroidiga qisqa vaqtga qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Stansiya hayot hamda Quyosh tizimi kelib chiqishi haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida Yerdan 300 million kilometr uzoqlikda joylashgan asteroiddan namuna olish uchun uchirilgan edi. Iyul oyida Hayabusa2 stansiyasi ikkinchi marta ayni asteroidga muvaffaqiyatli qo‘ndi.

Sentabr oyida Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan Yerga o‘xshash sayyora atmosferasida ilk marotaba suv borligi aniqlangani e’lon qilindi. Vazni Yernikidan sakkiz marta og‘ir bo‘lgan K2-18b ekzosayyorasi o‘z yulduzlari atrofida hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan masofada aylanadi.

Aprel oyida esa xalqaro ilmiy guruh insoniyat tarixida birinchi marta qora tuynuk soyasining suratini e’lon qildi. Olimlarning aytishicha, Event Horizon teleskopi yordamida suratga olingan qora tuynuk bizning olamdan tashqarida, Yerdan 50 million yorug‘lik yili uzoqligidagi M87 galaktikasida joylashgan.

Joriy yilda xususiy fazo shirkatlari ham yutuqlarga erishdi. Xususan, mart oyida Amerikada joylashgan SpaceX shirkatining Crew Dragon ekipaj tashuvchi kapsulasi Xalqaro fazo stansiyasiga (XFS) yetib bordi. Crew Dragon Yerdan uchirilgan ilk tijoriy fazo apparatidir.

Yil davomida olimlar kishini tashvishga soluvchi tadqiqot natijalarini ham e’lon qildi. Yangi to‘plangan ma’lumotlar Grenlandiya va Antarktida muzliklari oldin ishonilgandan ancha tezroq suratda eriyotganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, 2019 yilda olimlar o‘simlik va jonivorlarning to‘rtdan biri yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida ekanligi haqida ogohlantirdi. Iqlim o‘zgarishi va yo‘q bo‘lib borayotgan jonzotlar haqidagi ilmiy maqolalar ortidan jahon bo‘ylab iqlim o‘zgarishiga qarshi chora ko‘rish talabi bilan rekord aksiyalar bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda ma’lumot texnologiyalari sohasida ham yirik yutuqlarga erishildi. Oktabr oyida Google shirkati hozirgi eng kuchli superkompyuter 10 ming yilda bajaradigan operatsiyani 3 minutda bajara oladigan qvant kompyuteri qurilganini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG