Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:42

Iroqda minglab odam AQSh elchixonasiga hujum qildi (VIDEO)


Elchixonaga bostirib kirishga urinayotgan iroqliklar.
Elchixonaga bostirib kirishga urinayotgan iroqliklar.

Iroq xavfsizlik kuchlari Bag‘doddagi AQSh elchixonasini ishg‘ol qilishga uringan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘lladi. Elchixona qo‘riqchilari esa o‘q otishga majbur bo‘ldilar. Reuters agentligi namoyishchilarni tarqatish chog‘ida xavfsizlik kuchlarining 12 xodimi jarohatlanganini bildirdi.

Namoyishlarning boshlanishiga AQSh kuni kecha Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan jangarilar guruhi manzillariga havodan zarba bergani sabab bo‘ldi.

Mazkur hujum paytida jangarilar safida bo‘lgan 25 odam halok bo‘lgani aytildi. AQSh prezidenti Donald Tramp norozilik namoyishlarining yuzaga kelishida Eronni aybladi.

Minglab odamlar 31 dekabr kuni AQSh Iroq va Suriyada 29 dekabr kuni “Katoib Xizballa” guruhiga qarshi havodan zarba berganiga norozilik sifatida AQShning Iroq poytaxti Bag‘doddagi elchixonasi oldiga yig‘ildi.

Norozilar elchixonanini ishg‘ol qilishga uringani ortidan diplomatlar zudlikda evakuatsiya qilindi.

AP agentligining bildirishicha, norozilar elchixona eshigini sindirganlar. Voqea joyida o‘q ovozlari eshitildi.

Prezident Tramp 31 dekabr kuni Tvitter sahifasida “Eron AQShning Iroqdagi elchixonasiga hujum uyushtirmoqda. Ular o‘z harakatlari uchun to‘liq javob beradilar”, deb yozdi. Tramp “Iroq elchixonani himoya qilish uchun xavfsizlik kuchlarini ishga solishini kutmoqdamiz”, deb bildirdi.

Qo‘shma Shtatlar 29 dekabr kuni “Katoib Xizballa” guruhining beshta manziliga “mudofaa maqsadida aniq zarba bergani”ni e’lon qilgan. Vashington “Katoib Xizballa”ni avvalroq AQShning Iroqdagi bazalariga hujum qilganlikda, 27 dekabrda esa AQShning Iroqdagi harbiy pudratchisi bo‘lgan shaxsni o‘ldirganlikda ayblamoqda.

AQSh hujumi oqibatida 50 jangarisi o‘ldirilganini va yana 50 nafari yaralanganini bildirgan “Katoib Xizballa” AQSh bazalariga hujumlar uyushtirganini inkor etmoqda. Guruh 30 dekabrdagi bayonotida “AQShdan berilgan zarbalar uchun o‘ch olishi”ni ma’lum qilgan.

Dpa agentligining xabar berishicha, 31 dekabr kuni AQSh elchixonasiga bostirib kirmoqchi bo‘lgan norozilar “Amerikaga o‘lim”, “Amerika yo‘q bo‘l” kabi shiorlarni hayqirganlar.

Nemis agentligi namoyishchilar Iroq ko‘ngillilar qo‘shini «Xashd Shaabi»ning bayrog‘ini ko‘tarib olganlarini yozdi. «Nyu-York tayms» esa elchixonaga hujum qilganlar “Katoib Xizballa” bayrog‘ini elchixonaga o‘rnatishga harakat qilganlari haqida xabar berdi.

Iroq Bosh vaziri Odil Abdul Mahdiy 31 dekabr kungi voqealar ortidan iste’fo berdi. U “AQSh havo zarbalari uyushtirib, Iroq suverenitetiga dahl qildi”, deb aytdi. Muvaqqat hukumat esa “havo zarbalaridan so‘ng Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi”ni bildirdi. Muvaqqat hukumatning nuqtai nazaricha “AQSh Iroq siyosiy manfaatlarini hisobga olmagan holda o‘z manfaatidan kelib chiqib harakat qilgan”.

Iroq shialarining nufuzli ulamosi, mamlakat parlamentida katta ta’sirga ega bo‘lgan Muktado as-Sadr 30 dekabr kuni Eron tomonidan qo‘llab quvvatlanayotgan ko‘ngillilar qo‘shinini “mas’uliyatsiz harakatlardan tiyilishga” chaqirdi.

XS
SM
MD
LG