Andijon viloyatida Facebook'da Otabek Nuritdinov taxallusi ostida ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabat bildirib kelgan bloger Abdufatto Nuritdinov 30 dekabrda viloyat ma’muriy sudi tomonidan 15 sutka qamoq jazosiga hukm qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, Abdufatto Nuritdinov tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari blogerga BHMning 60 barobari miqdorida jarima ham solingan.
Viloyat hokimiyati: Bu kabi postlar Andijon viloyati imijiga putr yetkazishdir
Andijon viloyat hokimligi 2 yanvar kuni Yangi yil arafasida mahalliy darajadagi to‘rt nafar amaldorni haqorat qilganlikda ayblanib 15 sutkaga qamalgan bloger - Facebook'da Otabek Nuritdinov taxallusi ostida ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabat bildirib kelgan Abdufatto Nuritdinov ishi yuzasidan munosabat bildirdi.
Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati 2 yanvar kuni tarqatgan bayonotida blogerning mansabdor shaxslarga nisbatan e’lon qilgan bloglari viloyat imidjiga putr yetkazish sifatida baholandi.
-Otabek Nuritdinov tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar o‘z isbotini topgani sababli unga qonuniy chora ko‘rilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan asossiy va tusmoniy ayblovlardan iborat postlar Andijon viloyati imijiga putr yetkazishdan boshqa narsa emas, deb hisoblaymiz. Barcha ommaviy axborot vositalari jurnalistlari va blogerlardan voqeani chuqur o‘rganib, ana shundan so‘ng munosabat bildirishlariga chaqirib qolamiz, - deb bildirdi Andijon viloyat hokimligi matbuot kotibi Mirzohid Botirov internet orqali tarqatilgan rasmiy videobayonotda.
Oliy sud: Blogerni jazolashni Asaka tuman hokimi talab qilgan
Oliy sud ham 2 yanvar kuni blogerning qamalishi yuzasidan bayonot tarqatdi. Unda aytilishicha, “Asaka tumani hokimi Erkinjon Yakubov O‘zbekiston Respublikasi IIV ishonch telefoniga murojaat qilib, Asaka tuman hokimiyati mutaxassislari tomonidan internet orqali viloyatdagi ijtimoiy–siyosiy vaziyat bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar kuzatib borilayotgani, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 2019 yil 4 avgust kuni soat 14:57da «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt foydalanuvchisi fuqarolarda hokimiyat vakillariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otuvchi, ularni obro‘sizlantirish, shuningdek viloyat hamda tuman hokimlariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan”.
Oliy sud bayonotidan ma’lum bo‘ladiki, Abdufatto Nuritdinov sudda o‘ziga bildirilgan ayblovlarni tan olgan emas.
“Sud A.Nuritdinovning aybiga iqror bo‘lmasdan bergan ko‘rsatuvlarini muqarrar jazodan qutulishga qaratilgan harakat deb tanqidiy baholadi”, deyiladi bayonotda.
31 dekabrda rasmiylar nima degan edi?
Asaka tuman prokuraturasining bildirishicha, Abdufatto Nuritdinov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi, va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
“Andijon viloyati ma’muriy sudining 30.12.2019 yildagi qaroriga asosan A.Nuriddinovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida 6.690.000 so‘m jarima jazosi, mazkur kodeksning 41-moddasi bilan 30 baravari miqdorida 6.690.000 so‘m jarima jazosi, 183-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, sudning qaroriga asosan A.Nuriddinovni qamoqda bo‘lgan har bir kuni uchun 33.450 so‘m miqdorida, jami 501.750 so‘m qamoqda saqlash harajatlari undirilishi belgilangan”, deyiladi prokuratura bayonotida.
Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi esa E.Yakubov, M.Isaqova va F.Buzrukova kabi fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga “ariza bilan murojaat qilib, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt egasi tomonidan uni obro‘sizlantiruvchi, asossiz va tuhmatdan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganligini, shu sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni” so‘rab murojaat qilganlarini bildirgan.
“Shuningdek, fuqaro A.Nuritdinov, joriy yilning 30 dekabr kuni soat 10:30da jamoat joyi hisoblangan Asaka tumani Moliya bo‘limining ma’muriy binosi yonida, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hokimiyat va davlat idoralarining vakillariga noo‘rin talablar qo‘yib, fuqaro B.Qohhorovni xaqoratli, uyatli so‘zlar bilan so‘kib, fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Blogerni qanday qamashdi?
O‘zini tanishtirishni istamagan manbaning aytishicha: “Abdufatto Nuritdinov asosan Andijon viloyati va Asaka tumani xokimlik vakillarining byudjet pullarini talon-toroj qilishlarini ayovsiz yoritib kelgan”.
Manbaga ko‘ra, Abdufatto Nuritdinov 30 dekabr kuni 10:30da Asaka tuman Moliya bo‘limiga Asaka tuman Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan “aldov yo‘li bilan olib kelingan”. Uni “byudjet pullarining qanday sarflanayotganini muhokama qilamiz”, degan asosda Moliya bo‘limiga chaqirishgan.
“Otabek aka Moliya bo‘limiga kirib ketganicha, qaytib chiqmagan. Onalari Mo‘’tabar xola kechki soat 20:30largacha o‘g‘lini hech qaerdan topa olmaganlar. Soat 20:30larda mahalla uchastka noziri mahalladagi xodimlarga qo‘ng‘iroq qilib, Otabek akani mashinasini oila a’zolari Moliya bo‘limidan olib ketishlarini aytgan”, dedi manba.
Shundan so‘ng blogerning onasi tuman Ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘lanib, o‘g‘li Andijon viloyat Ma’muriy sudiga olib ketilganini aniqlagan.
Jamoatchilikning munosabati qanday bo‘lmoqda?
Blogerning qamoqqa olinishiga ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munosabat bildirilmoqda. O‘nlab mulohazalar orasidan ayrimlarini e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.
“Bilishimcha, Otabek Nuriddinov o‘z pullarini sanab qo‘ymoqchi bo‘lganligi uchun shu kuyga solingan. Ya’ni byudjet pulini. Byudjet esa - xalqning puli. Bundan keyin o‘zini hurmat qilgan Ommaviy Axborot vositalari aynan o‘sha byudjet pulining sarflanishini aniqlash uchun jurnalistik surishtiruv o‘tkazishi kerak, shart va zarur!” deb yozdi Telegramdagi Fayzbog.uz kanali tashkilotchisi Temur Malik.
“Andijonda bloger Otabek Nuriddinov qamalibdi. Uni tanimas ekanman. FBdagi sahifasiga kirib, u ko‘targan mavzular bilan tanishib chiqdim. O‘ta jiddiy muammolarni - yaqinda bo‘lgan saylovdagi katta soxtakorliklarni, jamiyatdagi huquqiy buzulishlarni ko‘targan ekan. Har kuni 2-3 talab mavzu va muammolarni ko‘targan ekan. Endi bu blogerni ham, boshqalari kabi, qamab, uni faolligini so‘ndirishmoqchi bo‘lishyapti”, deb munosabat bildirdi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Otabek Fayziy ismli bloger esa Facebook'da “Otabek Nuritdinovni haqiqiy haqparvar deb bilaman! O‘g‘ri muttahamlarni paytavisiga qurt tushirib qo‘ygani aniq! "Adolat"apa qaydasiz”, degan post qoldirgan.
"Otabekning postlarida qizishish, ehtiroslar ko‘p ekan, falonchi poraxo‘r, o‘qituvchilar har oy uning kartasiga pul o‘tkazishadi, o‘tkazmalar tarixini tekshirsa, bu isbotlanadi, degan gap hali dalil ham, fakt ham emas, taxmin. Shu asosda falonchi poraxo‘r deb yuborsangiz, tilingizdan ilinasiz va bu butun dunyoda shunday (AQShda bir advokatlik firmasi "Sen jinoyat qilding, ammo sen aybdor emassan" degan mazmunda o‘zini reklama qilgan.Chunki jinoyatchiligi ayon bo‘lsa-da, isbotlab berilmasa, ozod qilib yuborishgan holatlari ham bor ularda).
Umuman, jurnalistik tekshiruv qilib, dalillarni gapirtira olmasangiz, fosh qiluvchi emas, mulohaza bildiruvchi bo‘ling. Tekshiruv qilayotgan bo‘lsangiz, oxiriga yetmay turib hidini chiqarmang.
Otabekka noprofessionallik va shoshmashosharlik pand bergan ko‘rinadi. Adolat uchun hislar emas, aql bilan kurashish kerak.(Yanayam bilmadim, bu men o‘qigan bir-ikki postlaridan chiqargan xulosam)", deb yozdi Shaxnoza Soatova..