Qo‘shma Shtatlar Iroqdagi havo hujumi vaqtida Eronning sara “Quds” maxsus bo‘linmasi qudratli komandirini o‘ldirdi. Ayni fojia Eronning “shafqatsiz o‘ch olish” to‘g‘risidagi tahdidiga sabab bo‘ldi. Iroq bosh vaziri ayni holatni “o‘taketgan qonunbuzarlik” deb atadi.
Ham Vashington, ham Tehron rasmiylari Erondagi eng qudratli generallaridan biri Qosim Sulaymoniy 3 yanvar erta tongida Bag‘dod xalqaro aeroportida ikkita avtomobilga qilingan hujum vaqtida o‘ldirilganini tasdiqladi.
Sulaymoniy o‘ldirilishidan bir kun oldin AQSh qo‘shinlari Iroq va Suriyadagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan militsiya – xalq jangarilariga zarba bergan va bu vaziyat taranglashiga olib kelgan edi. Vashington militsiyani Iroqda joylashgan AQSh qo‘shinlariga hujum qilishda aybladi. Eronparast yarim harbiy guruhlar AQShning o‘sha bomba hujumlaridan so‘ng Qo‘shma Shtatlarning Bag‘doddagi elchixonasiga bostirib kirgan edi.
Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Sulaymoniyni o‘ldirganlardan “shafqatsiz o‘ch olinishi”ni aytib do‘q urdi va mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi.
Shialar yetakchiligidagi eronparast “Hashd Shaabi” militsiyasi (Xalq safarbarlik kuchlari – XSK) bildirishicha, havo hujumi vaqtida XSKning komandiri o‘rinbosari Abulmahdiy al-Muhandis ham halok bo‘lgan.
Iroq bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Odil Abdulmahdiy “ikki shahid Islom davlati ustidan qozonilgan g‘alabaning ulkan timsoli bo‘lgani”ni aytdi.
AQSh elchixonasi havo hujumi haqidagi xabarlardan so‘ng o‘z vatandoshlariga zudlik bilan “Iroqdan ketish”ni tayinlagani aytilmoqda.
Hujumdan so‘ng ko‘p o‘tmay neftning narxi 4 foiz qimmatladi.
Xabarlarga ko‘ra, Tramp bilan Pentagon hujumga 2 yanvarda ruxsat bergan.
AQSh harbiylari tarqatgan bayonotda Sulaymoniy so‘nggi oylar mobaynida AQSh yetakchiligidagi qo‘shinlarning Iroqdagi bazalariga hujumlar uyushtirgani va 27 dekabrda bir harbiy xizmatchini o‘ldirgani bildiriladi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy televidenie orqali chiqishida Sulaymoniyning o‘ldirilishi Tehronni Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashda yanada qat’iyroq bo‘lishga undashini aytdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi AQShning Erondagi manfaatlarini tamsil qiladigan Shvetsiya elchisini chaqirib, unga “keskin norozilik” bildirdi.
Suriya hukumati AQSh hujumini “qo‘rqoqlik” va “Amerikaning dog‘uli va jinoyatkorona tajovuzi” deb atadi.
Moskva general o‘limi bilan bog‘liq qotillik “vaziyatni keskinlashtirishi”dan ogohlantirdi.
AQSh matbuoti xabariga ko‘ra, havo zarbalari uchuvchisiz uchoqdan berilgan.
Respublikachilar partiyasi vakillari hujumni maqtagan bo‘lsa, demokratlar tanqid qildi.
Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, hujum vaqtida Iroqdagi eronparast yarim harbiy guruhlarning 5 a’zosi va Livan “Hizbulloh” harakatning bir a’zosi o‘ldirilgan.
2018 yil iyulida Tramp Tehronni Qo‘shma Shtatlarga tahdid qilsa, “yomon oqibatlarga duchor bo‘lish”dan ogohlantirgan paytda Sulaymoniy o‘z qo‘shinlari AQSh bilan jang qilishga tayyor ekanini aytgan edi.
31 dekabrda shialarning XSK tarafdorlari AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga bostirib kirdi. Ular bunga AQShning havo hujumi oqibatida eronparast jangarilar guruhining 25 nafar a’zosi o‘ldirilgani sabab bo‘lganini aytdi.
2 yanvarda Eronning harbiy yetakchilari Vashingtonni Tehronga po‘pisa qilishdan ogohlantirdi.
‒ Biz mamlakatni urush domiga tortayotganimiz yo‘q, lekin hech qanday urushdan qo‘rqmaymiz hamda biz Amerikaga Eron xalqi bilan o‘ylab gaplashishni aytamiz, ‒ dedi Islom inqilobi soqchilari korpusi brigada generali Husayn Salomiy 2 yanvarda.
Ayni chog‘da armiya qo‘mondoni, general-mayor Abdulrahim Musoviy mamlakat qurolli kuchlari “dushman”ga qarshi kurashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Bag‘oddagi havo hujumidan oldingi xabarlarda qayd etilganiga ko‘ra, AQSh mudofaa vaziri Mark Esper Eron va uning yetovidagi qo‘shinlar AQShning Yaqin Sharqdagi manfaatlariga zarba berishni rejalashtirishi, Qo‘shma Shtatlar bundan xabar topgan taqdirda, oldindan hujum qilishi mumkinligini oshkor qilgan.