Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:42

TIVning ruhiy xasta ekanligi aytilgan sobiq mulozimi davlatga xiyonatda ayblanib 5 yarim yilga qamaldi


Tashqi ishlar vazirligining sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov (suratda) davlatga xoinlikda aybdor topilib, 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Tashqi ishlar vazirligining sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov (suratda) davlatga xoinlikda aybdor topilib, 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasida (Davlatga xoinlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan sobiq diplomat K. Yusupovga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida K.Yusupovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rish 9 yanvarda nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Xabar qilinishicha, bir necha oy davomida o‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilingan, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchining vajlari tekshirilgan.

"Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi K. Yusupov davlatga xoinlik qilish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topdi", deyilgan Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

Aytilishicha, sudlanuvchiga nisbatan jazo chorasini tayinlashda sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslangan.

"Sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli kabi jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar e’tiborga olinib, K. Yusupovga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi", deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

  • O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “davlatga xoinlik qilish”da ayblanayotgani to‘g‘risida Ozodlik 2019 yilning martida xabar qilgan edi.
  • O‘shanda yaqinlari Ozodlikka uzoq yillardan beri ruhiy xastalikdan aziyat chekib kelayotgan 67 yashar Yusupov 2018 yilning 3 dekabr kuni tongda Toshkent metropolitenining Pushkin bekatida o‘zini poyezd ostiga tashlagani, ammo tasodif bilan omon qolganini aytib bergan edi.
  • Boshidan qattiq lat yegan sobiq diplomat¸ oila-a’zolariga ko‘ra¸ bu voqeadan keyin tushib qolgan ruhiy trans holatida “o‘zining G‘arb davlatlarining josusi” ekani haqida aljiray boshlagan va kasalxonaga yetib kelgan DXX xodimlari ana shu “iqror” asosida unga qarshi jinoyat ishi ochib¸ sobiq mulozimni Jinoyat Kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblagan.
  • Yaqinlariga so‘nggi marta 9 dekabr (2018) kuni kasalxonada ko‘rsatilgan Qodirjon Yusupov¸ 10 dekabr kuni DXX tergov izolyatoriga o‘tkazilgan. Shundan beri uning salomatligi¸ qo‘yilayotgan ayblov mohiyati haqida yaqinlariga hech qanday ma’lumot berilmagan, oilasi yollagan advokatning uni himoya qilishi ham rad etilgan (2019, martdagi ma’lumot).
  • O‘sha paytda Yusupov ishini tergov qilayotgan DXX tergovchisi Ozodlik bilan suhbatda bu haqda izoh berilmasligini¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi esa “ishning protsessual qonunchilikka muvofiq olib borilayotganini” bildirgan.

2019 yil, 12 martda e’lon qilingan maqolani mana bu yerda o‘qing.

  • 2019 yilning iyunida Xyuman Rayts Votch tashkiloti O‘zbekiston hukumatini ruhiy kasal ekani aytilayotgan sobiq diplomat Qodirjon Yusupovni zudlikda qamoqdan ozod etishga chaqirgan.
  • “U diplomatik xizmatdan 10 yil avval ketgan va ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkentdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Yusupovni sud hukmi o‘qilguniga qadar ozod etish lozim (sudning birinchi majlisi 17 iyunga belgilangan). Hukumat, shuningdek, unga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘lingani, jumladan, qiynoq qo‘llanilgani borasidagi murojaatlar yuzasidan puxta, xolis va shaffof tergov o‘tkazishi shart”, deyiladi Xьyuman Rayts Votch 2018 yil, 12 iyun kuni tarqatgan bayonotda.
  • Qodirjon Yusupov Tashqi ishlar vazirligi tizimida 27 yil ishlagan. U o‘z faoliyati davomida turli lavozimlarni egallagan, jumladan, O‘zbekistonning YXHTdagi elchisi bo‘lgan. 2009 yilda u iste’foga chiqqan hamda mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida tahliliy maqolalar yoza boshlagan.
  • 2019 yil, 13 iyunda e’lon qilingan maqolani mana bu yerda o‘qing.
XS
SM
MD
LG