Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:39

Avstraliyada yong‘inlar sababli turizm sohasi katta zarar ko‘rmoqda


Avstraliyadagi o‘rmon yong‘indan keyin (illyustrativ surat).
Avstraliyadagi o‘rmon yong‘indan keyin (illyustrativ surat).

Avstraliyada bir necha oydan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari sababli mamlakatga odatdagidan ancha oz sayyoh kelmoqda.

Yong‘inlar tufayli qirg‘oq bo‘yidagi shaharlardan minglab sayyoh evakuatsiya qilindi, minglab sayyoh Avstraliyaga borish rejasini bekor qildi. AQSh Davlat departamenti esa Avstraliyaga otlangan amerikaliklarni o‘ta ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Bu orada Avstraliya hukumatining turizm agentligi pop yulduz Kayli Minoug ishtirokidagi reklama kampaniyasini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Bunga mamlakat o‘rmonlari olov qa’rida qolgan bir paytda boshlangan reklama kampaniyasi keskin tanqidga uchragani sabab bo‘ldi.

- Avstraliyaga mamlakatning toza havosi, musaffo osmoni, yorqin va yaltiroq sohillari hamda sakrovchi jonivorlari yordamida sayyoh jalb qilib kelamiz. Baxtga qarshi, ayni damda odamlar kuygan koala va kengurularni ko‘rmoqda, — dedi Sidney texnologiya universiteti lektori Devid Bierman.

Lektor yozgi ta’til mavsumiga to‘g‘ri kelgan yong‘inlar vajidan Avstraliya iqtisodi milliardlab dollar ziyon ko‘rayotganini aytdi.

Turizmga tayanuvchi Mogo hamda Yangi Janubiy Uels kabi shaharlarda uylar va shirkatlar yonib, kul bo‘ldi. Hozirgi kunda bu kabi shahar ko‘chalarida sayyoh deyarli yo‘q.

Keyingi kunlarda yong‘in xavfi bir oz ozaygani uchun Avstraliya rasmiylari sayyohlarni yong‘indan xalos bo‘lgan shaharlarga hamda yong‘in yetib bormagan hududlarga tashrif buyurishda davom etishga chorladi.

Turizm vaziri Saymon Birmingem Avstraliyada “biznes hanuz ochiq”ligini ta’kidladi.

- Fojiali yong‘inlar ko‘lami bo‘rttirilgan ko‘plab noto‘g‘ri ma’lumot tarmoqda tarqatilmoqda, — dedi Birmingem AFP agentligiga. - Sayohatlarini rejalashtirgan yoki bu haqda o‘ylayotgan shaxslarni barcha faktlarga ega ekanliklariga amin bo‘lishga hamda sababsiz tashrif buyurishdan voz kechib, turizm shirkatlariga ziyon keltirmaslikka chorlayman.

Mogo hamda yonib, kul bo‘lgan boshqa shaharlarni qayta tiklash uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘lishi mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, ayrimlar Avstraliya turizm sanoati ushbu bo‘hronga bardosh bera olishiga ishonch bildirmoqda.

Bierman Yaponiya 2011 yilgi sunami hamda yadroviy halokatdan keyin muvaffaqiyatli tiklanganini aytib, to‘g‘ri strategiyalar yordamida Avstraliya ham qayta oyoqqa tura olishiga ishonishini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG