Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:49

Namanganda o‘qituvchilardan qarindoshlari pasporti nusxasini topshirish talab qilindi


Maktab, sinfxona
Maktab, sinfxona

Namangan shahridan Ozodlikka murojaat qilgan o‘qituvchining aytishicha, xalq ta’limi bo‘limi o‘qituvchilarning barcha qarindoshlari pasport nusxalarini topshirish haqida shoshilinch ko‘rsatma bergan.

Bu topshiriqqa ko‘ra, o‘qituvchi ota-ona, farzandlari, aka-uka, opa-singillari va hatto qynona-qaynotasining pasporti nusxasini topshirishi shart.

O‘qituvchilardan buning sababini so‘ramaslik iltimos qilingan.

Viloyat Xalq ta’limi bo‘limi boshqarmasi mulozimi qarindoshlar pasporti nusxasi elektron mehnat daftarchasini to‘ldirish uchun kerakligini bildirdi.

Xorijda ishlayotgan O‘zbekiston vatandoshi ukasidan pasporti nusxasini unga yuborishi haqida xat olganini Ozodlikka yozdi:

Maktablar qachondan buyon DXX vazifasini bajarishni boshladi?


“Davlat ishida (o‘qituvchi) ishlayotgan shaxslar yaqin qarindoshlarining pasportlari nusxasini (manzili ko‘rsatilgan holda) topshirish talab qilinmoqda. Maqsad, qandaydir Internet portaliga yuklash kerak ekan. Agar shaxslarning pasporti ularni qiziqtirayotgan ekan, buning o‘qituvchilarga nima aloqasi bor? Maktablar qachondan buyon DXX vazifasini bajarishni boshladi?”

Namangan shahridagi maktablardan birining direktor o‘rinbosari, Telegram kanalida o‘qituvchilarga shunday xabar yuborgan (xabarning imlo va stilistikasi tahrir qilinmadi – tahr.):

“Barcha ukituvchilar dikkatiga. Ertagacha barcha yakin karindoshlaringiz yani ota- ona, aka -singil, kaynona-kaynota, turmush urtogingiz va farzandlaringiz pasport kopiyalarini metod birlashma raxbaringizga topshirasiz. Yangi ochilgan saytga informatika ukituvchilari tomonidan joylanadi. Pasport kopiya albatta manzili kursatilgan beti bilan ksero kilingan bulishi kerak. Ustozlar!Bu topshirik barcha davlat tashkilotlariga berilgan. Respublika buyicha. Iltimos izox suramang. Bizga NShXTB ning kadrlar bulimi tomonidan aytildi, biz bajartiramiz!!!!!Ukuv bulimi.”

Namangan shahridagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchining aytishicha, u Andijonga borib ota-onasining pasporti kopiyasini olib kelishga majbur bo‘lgan:

Qaynota-qaynonamning pasport kopiyasini menga nima aloqasi bor?


Masalan, mening qarindoshlarim biri Andijonda, biri Toshkentda va yana biri xorijda yashayapti. Tug‘ilgan uyimga borib, ota-onam pasport kopiyasini olib keldim. Endi boshqalarnikini yig‘yapman. Tovba, qaynota-qaynonamning pasport kopiyasini menga nima aloqasi bor, tushunmadim. Direktordan so‘rasak, men ham bilmayman, buyruqni bajaruvchiman, xolos, deydi.”

Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, kadrlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi o‘qituvchilardan qarindoshlarining pasportlari kopiyalarini topshirish talab qilinayotganini tasdiqlar ekan, buning sababini yangi elektron mehnat daftarchasi bilan bog‘ladi:

“Mehnat daftarchasini elektron bazaga kiritish maqsadida qilinyapti”.

O‘qituvchi qarindoshlarining, qolaversa qaynota-qaynonasining uning mehnat daftarchasiga qanday aloqasi bor, degan Ozodlik savoliga mulozim javob bermadi:

“Boshlig‘imiz Toshkentga ketgan edilar, bu savolga ular javob berishadi, men bilmayman”

Ozodlik Toshkent shahri va Andijon viloyatidagi o‘qituvchilar bilan bog‘lanib, ularda ham qarindoshlarning pasporti nusxasi talab qilinayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘radi. O‘qituvchilar bunday tadbirdan bexabar ekanligini aytdilar.

XS
SM
MD
LG