Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:41

10 000 kishi ishsiz qoldi: Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida yoppa qisqartirish yakuniga yetdi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tuzilmasida o‘n ming ish o‘rni qisqartirildi. 2019 yilning 1 yanvarida boshlangan qisqartirish jarayoni 2020 yilning 1 yanvarida yakuniga yetdi.

Agentlikdagi manbaning Ozodlikka bildirishicha, aslida 7 ming ish o‘rni qisqartirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Moliya vazirligi qisqartiriladigan ish o‘rinlari sonini 10 ming qilib belgilagan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining bir necha mutaxassissi “bunday asossiz qisqartirish yuqumli kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi”, deb fikr bildirdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining o‘z nomini sir tutishimizni iltimos qilgan xodimiga ko‘ra, prezident farmoniga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati ikkiga ajratilib:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi ​va ​Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi sifatida qayta tashkil etilganidan so‘ng, tizimdan 7 ming ish o‘rni qisqartirilishi rejalashtirilgan edi.

Agentlikda esa 7 ming ish o‘rni qisqarishi kerak edi. Ammo negadir o‘n ming xodimni qisqartirishdi.

“Agentlik tuzilmasida 30 mingdan ko‘proq odam ishlaydi. Shundan 4179 nafari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasiga ishga o‘tdi. Agentlikda esa 7 ming ish o‘rni qisqarishi kerak edi. Ammo negadir o‘n ming xodimni qisqartirishdi. Biz bundan noroziligimizni aytayapmiz, ammo hech kim arzimizga quloq solmayapti”, - dedi xodim.

Agentliklarning viloyatdagi boshqarmalaridan birida ishlovchi mas’ul lavozimdagi shaxs Ozodlikka qisqartirish jarayoni prezidentning 2019 yil 9 sentabrdagi farmonidan ancha oldin - 2019 yilning 1 yanvarida boshlanganini aytdi. Bu jarayon 2020 yilning 1 yanvarida yakunlangan. Mutaxassisning aytishicha, qisqartirish jarayoni mamlakat prezidentining videoselektorlardan birida aytgan bir og‘iz so‘zi sabab bo‘lgan.

Bir og‘iz gap ortidan shuncha odam ishsiz qoldi.

"Qisqartirilganlarga ikki oylik ish haqi miqdorida tovon puli berildi,ish topolmaganlarga yana bir oylik qo‘shimcha tovon puli ham berildi. Prezident videoselektorlardan birida "Bizga SES nega kerak o‘zi?" deb bir og‘iz gap gapirgan edi. Shu gap sabab bo‘lib, ixchamlashtirish boshlanib ketdi. Bir og‘iz gap ortidan shuncha odam ishsiz qoldi", - dedi bu manba.

Agentlikning yana bir xodimining aytishicha, rahbariyat qisqartirishlar ortidan ishda qolgan xodimlarning oyliklari ko‘tarilishini va’da qilgan edi, ammo kutilganidek bo‘lmadi:

Oyliklar ko‘payish o‘rniga deyarli 50 foizga ozayib ketdi.

“Biroq oyliklar ko‘payish o‘rniga deyarli 50 foizga ozayib ketdi. Avvallari vrachlarimiz 2 milliondan ko‘proq oylik olar edi. Bugungi kunda esa oyliklarimiz 1 million 100 ming -1 million 300 ming so‘mga tushib qoldi”.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining markaziy apparatida mas’ul lavozimda ishlovchilardan biri o‘z nomini sir tutishimiz sharti bilan bu ma’lumotlarni tasdiqladi.

Moliya vazirligi bizdan o‘n ming odamni qisqartirishni talab qildi.

“To‘g‘ri, 7 ming o‘rin qisqartirishi rejalashtirilgandi. Qisqargan ish o‘rinlari hisobidan qolgan xodimlarning oyliklarini ko‘tarish nazarda tutilgan. Ammo Moliya vazirligi bizdan o‘n ming odamni qisqartirishni talab qildi. Oyliklarning kamayib ketishi ham Moliya vazirligi talabi bilan bo‘layapti. Menimcha, vazirlik byudjet pulini tejashning mana shunday yo‘liga o‘tib olgan”, - dedi ma’sul xodim.

Joylardagi mutaxassislarning aytishicha, Qarshida, Namangan va Samarqanddagi bo‘linmalarda qisqartirishlar katta janjjallar bilan amalga oshirildi. “Qo‘shimcha uch ming odamni qisqartirilayotgani katta noroziliklarga sabab bo‘layapti”,- dedi mutaxassislardan biri.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining markaziy apparatida ishlovchi mas’ul xodimning Ozodlikka aytishicha, shtatlarning belgilangan ko‘rsatkichdan ko‘proq qisqartirilayotgani agentlik faoliyatining sustlashuviga sabab bo‘ladi.

Yuqumli kasalliklar, jumladan, qizamiq va gripp, meningit ko‘payib ketishi mumkin. Chunki targ‘ibot ishlarini olib boruvchi xodimlar soni keskin kamayib ketadi.

“Masalan, yuqumli kasalliklar, jumladan, qizamiq va gripp, meningit ko‘payib ketishi mumkin. Chunki targ‘ibot ishlarini olib boruvchi xodimlar soni keskin kamayib ketadi. Bu esa yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni nazorat qilishni izdan chiqaradi”.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov bu masalada Ozodlikka ma’lumot berishni istamadi va telefonini o‘chirib qo‘ydi. Agentlik rahbari Bahrom Almatov esa ikki kun mobaynida telefon go‘shagini ko‘tarmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 9 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati ikkiga bo‘lib yuborilgan edi. Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan.

  • O‘zbekistonda bundan oldin bu kabi ommaviy qisqartirish 2017 yilning mayida Majburiy ijro byurosi -MIB tashkil etilishi munosabati bilan o‘tkazilgan edi.
  • Tuzilma "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" vazifalarining bir qismini oldi. Ishlarning bir qismi yangi byuroga o‘tkazilishi natijasida “O‘zbekenergo” AJning iste’molchilar bilan ishlash bo‘yicha 6 562 ta elektromontyor shtat birligi hamda “O‘ztransgaz” AKning tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish bo‘yicha 4 255 ta nazoratchi shtat birligi qisqartiriladi.
  • Bundan tashqari, yangi tashkilot paydo bo‘lgani tufayli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti tugatiladi va uning 1 301 ta bo‘shatilayotgan shtat birliklari Byuroga o‘tkazildi.
  • O‘zbekistondagi 9680 ta umumta’lim maktabi va 5138 ta bolalar bog‘chasida ishlayotgan buxgalterlarning 30-40 foizi 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab ishini markazlashtirilgan buxgalteriyalarda davom ettirishi, qolgan 60-70 foizi ishdan bo‘shatilishi ham xabar qilingan.
XS
SM
MD
LG