Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:38

Tehron harbiylari urib tushirgan uchoqdagi 11 ukrainalik jasadi Kiyevga yetkazildi


Eron armiyasi urib tushirgan yo‘lovchi uchoq bortida bo‘lgan 11 nafar ukrainalik jasadi Kiyevga olib kelindi.

Bu orada Eron rasmiylarining halokat tergovi bo‘yicha hamkorlik qilishga ishtiyoqi borasida savollar ko‘paymoqda.

8 yanvar kuni Tehron aeroportidan uchib chiqqanidan keyin ko‘p o‘tmay qulagan «Ukraina xalqaro havo yo‘llari» aviashirkatiga qarashli Boeing 737-800 uchog‘i bortida bo‘lgan 172 nafar odamning hammasi halok bo‘lgandi.

Eron rasmiylari mamlakat armiyasi yo‘lovchi uchoqni «g‘ayriixtiyoriy» ravishda urib tushirganini tan olgan.

Ukraina hamda halokatda fuqarolari halok bo‘lgan yana to‘rt davlat rasmiylari Erondan «to‘kis, mustaqil hamda shaffof» tergov o‘tkazilishini ta’minlashni talab qilib keladi.

Boshida tergovda barcha tarafni hamkorlikka chaqirgan Eron rasmiylari endilikda uchoqning qora qutilarini tegishli davlatlar bilan bo‘lishish rejasini keyinga qoldirdi.

19 yanvar kuni AP agentligi Eron fuqaroviy aviatsiyasining halokatlarni tergov qilish bo‘limi yetakchisi Hasan Rezayfer Tehron qora qutilarni jo‘natishni rejalashtirmayotganini ta’kidlaganini xabar qildi.

Rezayfer qora qutilardagi ma’lumotlarni ko‘chirib olish ustida ish olib borilayotgani, ammo hozircha ularni mamlakat tashqarisiga chiqarish rejasi yo‘qligini aytgan.

Avvalroq Rezayfer Eron rasmiylari qora qutilardagi ma’lumotlarni ko‘chirib ololmagani uchun ular Kiyevga yuborilishi, u yerda qutilar Fransiya, Amerika va Kanada mutaxassislari bilan hamkorlikda rasshifrovka qilinishini aytgan edi.

Halok bo‘lgan 172 yo‘lovchi orasida Kanada, Eron, Afg‘oniston, Ukraina, Shvetsiya, Britaniya va Germaniya fuqarolari bor.

17 yanvar kuni Kanada, Shvetsiya, Afg‘oniston, Ukraina va Britaniya tashqi ishlar vazirlari Londonda uchrashib, Eronni to‘liq hisobot berishga chorlab, qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Halok bo‘lganlarning aksari ikki davlat fuqaroligiga ega eronliklar bo‘lgan.

«Ukraina xalqaro havo yo‘llari» aviashirkatining PS752 reysi Eron qo‘shni Iroqdagi AQSh qo‘shinlariga raketa bilan hujum qilganidan keyin bir necha soat o‘tib urib tushirilgan.

Eron rasmiylari Iroqdagi Ayn al-Asad hamda Harir havo bazalariga raketa bilan qilingan hujum Islom inqilobi muhofazasi korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh tomonidan o‘ldirilganiga javoban amalga oshirilganini bildirdi. Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘dodda AQSh dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan edi.

Eron rasmiylari avvaliga uchoqni raketa urib tushirganini keskin rad etdi, ammo buni ko‘rsatuvchi dalillar ko‘payishi ortidan uchoqni mamlakat harbiylari «g‘ayriixtiyoriy» ravishda urib tushirganini tan oldi.

Eron rasmiylarining ushbu bildiruvi ortidan Tehron va boshqa shaharlarda minglab odam aksilhukumat namoyishga chiqdi.

17 yanvar kuni Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy sakkiz yildan birinchi marta juma namozida imom vazifasini bajarib, eronliklarni birlashishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG