Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:52

Tadbirkor va o‘qituvchilar hukumatdan majburiy obunaga chek qo‘yishni talab qilmoqda


Farg‘onalik tadbirkorning aytishicha, soliqchilar "Soliq plyus" gazetasiga yozilishga majburlamoqda.
Farg‘onalik tadbirkorning aytishicha, soliqchilar "Soliq plyus" gazetasiga yozilishga majburlamoqda.

Andijon, Farg‘ona viloyatlarida tadbirkorlar, Toshkent viloyat Zangiota tumanida esa o‘qituvchilar turli gazeta va jurnallarga majburiy obuna qilinmoqda. Bu haqda mazkur hududlarda yashovchi tadbirkorlar va o‘qituvchilar Ozodlikka xabar yubordi.

Qimmat narxda majburan obuna qildirilayotgan nashrlarning asl egalari jamoatchilikka hozircha ma’lum emas.

Ozodlik 2019 yilning dekabrida ham ko‘plab tuman va viloyatlardan fermerlar, o‘qituvchilar va shifokorlar murojaat qilib, o‘zlarining obuna bo‘lishga majburlanayotganlari haqida yozgan edi.

Ma’muriy bosim ostida qolgan tadbirkor va davlat xizmatchilati O‘zbekiston hukumatidan majburiy obunaga chek qo‘yishni talab qilmoqda.

"Tadbirkor pulni yerdan supirib olayaptimi?"

“Andijon viloyatida tadbirkorlarni turli gazetalarga obuna bo‘lishga majbur qilmoqdalar. Axir majburiy obunaga qachon chek ko‘yiladi? To‘yib kettik bunaqa obunalardan”, deb shikoyat qildi shaxsini ochiqlamagan tadbirkorlardan biri.

Unga ko‘ra, majburiy obuna qildirilayotgan gazeta va jurnallar zerikarli, o‘qishga arzimaydigan nashrlardir.

”Jumladan, Andijon viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hududlardagi bo‘limlariga bosim qilib o‘zlarining hech kim o‘qimaydigan gazetasiga obuna qilishga majburlamoqda”, deydi tadbirkor.

Majburiy obuna jarayoni davom etayotgani haqida farg‘onalik tadbirkorlar ham xabar yubordi. Farg‘ona viloyati Furqat tumanida yashovchi tadbirkorlardan biri tuman soliq inspeksiyasi xodimlari 2020 yil uchun “Soliq plyus” gazetasiga yozilishga majburlayotganlari haqida gapirdi.

“Soliq inspeksiyasi xodimlari har bir tadbirkorga majburiy tarzda “Soliq plyus”ga obuna bo‘lasanlar, deb talab qilishayapti. Obuna puli ham arzon emas, 660 ming so‘m ekan. Har yili bu kabi gazeta jurnallarga kamida 2,5-3 million so‘mga majburiy obuna bo‘lamiz. Bu holatga chek qo‘yiladigan kun bormi? Axir tadbirkorlar ham pulni yerdan supirib olayotgani yo‘qku!”

Toshkent viloyat Zangiota tumanida esa o‘qituvchilar maktablarda “Ma’rifat”, “Xalq so‘zi” va boshqa gazetalarga majburiy obuna qildirilayotganlari haqida ma’lumot yubordi.

Ularga ko‘ra, majburiy obuna uchun o‘qituvchilardan “150-200 ming so‘mdan pul ushlab qolinmoqda”.

Rasmiylar rad etdi. Biroq...

Ozodlik muxbiri bu masalada izoh so‘rab murojaat qilgan rasmiylar - Furqat tuman soliq qo‘mitasi, Andijon viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya kilish jamiyati, Zangiota tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari majburiy obuna to‘g‘risidagi ma’lumotlarni inkor qildilar.

“Soliq plyus” gazetasining rus tilidagi versiyasi bosh muharriri ham Farg‘onada tadbirkorlar o‘z gazetasiga majburan obuna qilinayotganini rad qildi.

Gazetaning o‘z ismini aytishni istamagan bosh muharririga ko‘ra: “Gazeta davlat organi emas, xususiy shaxsga qarashlidir. Ta’sischimiz bo‘lgan xususiy shaxs esa davlat organlariga “Majburiy obuna qilib bering”, deb ko‘rsatma bera olmaydi”.

Ayni paytda bosh muharrir ta’sischi ismini aytishdan qat’iyan bosh tortdi.

Mazkur gazetaning boshqa bir xodimi:

“Tahrir kengashimizga O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining nufuzli xodimlari a’zo hisoblanadi. Ular rasman bizning ekspertlarimiz hisoblanadi. Keyin obuna masalasida ham yordam berib turishadi. Lekin biz hech kimdan majburiy obuna qildirib beringlar, deb iltimos qilmaymiz”, dedi.

O‘zbekistonda soliq sohasiga ixtisoslashgan gazetalarga majburiy obuna qildirilayotgani to‘g‘risida tadbirkorlar bundan avval ham Ozodlikka murojaat qilgan.

Xususan, 2019 yilning iyulida Toshkent viloyati tadbirkorlari soliqchilar “Soliq info” gazetasiga majburiy obuna qilayotganlarini bildirgan edi.

“Yuqoridan topshiriq bo‘libdi. "Yuqori" kimligini aytishmadi. “Iltimos”ni bajarmaganlarga qanday chora ko‘rilishini o‘zingiz taxmin qilavering. Eng qizig‘i, O‘zbekistonda eng kam ish haqi – 202 730 so‘m. Bu gazetaning obuna narxi esa salkam 50 ming so‘m. Obuna narxiga insof va vijdon bahosi ham qo‘shib yuborilgan shekilli...” deb yozgan edi toshkentlik tadbirkorlar.

«Soliq info» gazetasi asoschisi¸ mahalliy nashrlarning yozishicha¸ O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovdir.

Prezident taqiqlagan, mahalliy hokimiyat esa majburlamoqda

​Ozodlikka 2019 yilning dekabrida ham ko‘plab tuman va viloyatlardan fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar murojaat qilib, o‘zlarining obuna bo‘lishga majburlanayotganlari haqida shikoyat qilgan edi.

Jumladan, Ozodlik 2019 yil 3 dekabrda Samarqand viloyatining Urgut tumanidan, Toshkent viloyatining Nurafshon shahridan, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidan, Namangan viloyatining Pop tumanidan, Surxondaryo viloyatining Angor tumanidan bo‘lgan fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari o‘zlari bilmagan nashrlarga obuna bo‘lishga majburlanayotgani haqida maqola chop etgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 17 iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta’kidlagan edi.

"O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasining 12-moddasida "O‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish qonun bilan man etiladi", deb yozilgan.

XS
SM
MD
LG