Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:50

Andijonlik erkak uyini musodara qilishga kelgan MIB xodimlari oldida o‘zini yoqib yubordi


31 yoshli Xushnud G‘oyibnazarov o‘ziga o‘t qo‘ygani oqibatida tanasining ellik foizi kuygan
31 yoshli Xushnud G‘oyibnazarov o‘ziga o‘t qo‘ygani oqibatida tanasining ellik foizi kuygan

Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi 31 yashar erkak uyini musodara qilishga kelgan Majburiy ijro byurosi xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi.

Voqea 21 yanvar kuni soat 18.30 larda Andijon tumanining Beshbo‘ynoq mahallasida ro‘y berdi.​

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, o‘zini yoqqan erkak tanasining 50 foizi kuygan holda Andijon tuman shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Andijon viloyati Majburiy ijro byurosining Ozodlik gaplashgan xodimi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi, ammo uning tafsilotlarini ochiqlashni istamadi.

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, MIB xodimlari ijro harakatlarini amalga oshirayotgan vaqtda, Andijon tumanidagi xonadonda yashovchi Xushnud G‘oyibnazarov ularga qarshilik ko‘rsatgan.

- Baqir-chaqir bo‘ldi. Shu payt qo‘lidagi benzinni o‘zini ustidan quydida¸ gugurt chaqdi. 6 minut yonib turdi. Alanga 1 yarim metr balandlikkacha ko‘tarildi. Majburiy ijro xodimlari mashinasiga chiqib, oynasini berkitib oldi. Hamma ketdi. Keyin qo‘shnilar chiqib o‘tni o‘chirdik. Mashinada tuman kasalxonasiga olib bordik. 50 foiz tanasi kuyibdi. Ahvoli o‘ta og‘ir. Chunki qizil o‘ngach va yurak atrofi yonib ketgan, - dedi o‘ziga o‘t qo‘ygan erkak qo‘shnilaridan biri.

MIB xodimlari va 31 yoshli erkak o‘rtasida kelib chiqqan janjal tafsiloti Ozodlikka ma’lum emas.

Opasi Gulbahor Omonovaning Ozodlikka aytishicha, uy ustida kelib chiqqan janjal sabab ukasi o‘ziga o‘t qo‘ygan.

- MIB xodimlari uyni bo‘shat¸ deb kelishgan. Uy 2013 yilda garovga qo‘yilgan edi-da. Jumagacha kutinglar, sovuqda qayerga boramiz, ozgina vaqt beringlar, degan-da. Haligi uyga da’vogarlar chiqmasang uyga o‘t qo‘yamiz, deb turishibdi. Ukam shu payt bakalajkani olib ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi, - deydi Gulbahor Omonova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00
Бевосита линк

Andijon viloyati Majburiy ijro byurosi xodimi shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi.

- Buni o‘rganayapmiz. Obdon o‘rganib chiqilganidan so‘ng matbuotga izoh beriladi, - dedi MIB xodimi.

​O‘zbekistonda MIB xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda turli qarshiliklar yoki janjal kelib chiqqani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

O‘tgan yil yanvar oyida Samarqandda ijro harakatlarini amalga oshirayotgan MIB xodimlariga qarshilik qilgan ayol ularni yoqib yuborgan edi.

2018 yilning noyabr oyida esa Samarqandda elektr haqini undirish uchun kelgan MIB xodimlariga bolta bilan hujum qilgan xonadon egasi qamoqqa olinib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 132ta holat qayd etilgan.

Byuro tashkil etilgan 2017 yildan buyon esa fuqarolarning qarshilik ko‘rsatishi tufayli 4 nafar MIB xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan. 200 dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.

XS
SM
MD
LG