Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:49

Gemodializga muhtoj 160 dan ortiq samarqandlik boshqa viloyatlarda muolaja olishga majbur bo‘lmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Samarqand Shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasidagi davlatga qarashli yagona gemodializ bo‘limidagi nosozliklar tufayli buyrak yetishmovchiligi kasaliga chalingan 160 dan ortiq bemor boshqa viloyatlarga borib davolanishga majbur bo‘lmoqda.

Ozodlikka bu haqda xabar yo‘llagan bemorlardan birining onasi xususiy gemodializ markazida davolanish juda qimmat bo‘lganligi sababli, ular boshqa viloyatlardagi gemodializ markazlariga haftasiga ikki-uch martadan qatnashga majbur bo‘lishayotganini aytdi.

O‘zbekistonda buyrak yetishmovchiligiga chalingan bemorlarga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish juda yomon darajada ekanini prezident Shavkat Mirziyoyev ham tan olgan va 2018 yilning 12 iyulida davolash sifatini oshirish yuzasidan maxsus qarorni imzolagandi.

Qarorda "O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati qoniqarsiz", deb topilsin deya ta’kidlangan.

Bemor onasi: "Gemodializ apparatlari bir oy ishlasa, bir oy ishlamay qoladi"

Bemorlardan birining onasi Samarqanddagi Shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasidagi gemodializ bo‘limida o‘tgan yilning oktabridan boshlab apparatlar bir oy ishlab, bir oy buzuqligidan nolidi:

“Qizim o‘tgan yilning oktabridan beri gemodializ oladi. Har uch kunda bir marta bu jarayondan o‘tishi kerak. Bir -ikki marta olganimizdan keyin gemodializ apparatlariga suv yetkazib beruvchi filtrlar ishdan chiqib, bir oy ishlamadi. O‘shanda Chirchiqqa borib, bir oy yotib gemodializ olishimizga to‘g‘ri keldi. Noyabrda Samarqanddagi apparatlar yana ishlay boshlagani uchun uyimizga qaytdik. O‘tgan haftaning seshanba kunida apparatlar yana ishdan chiqibdi. Endi haftasiga ikki kun Jizzaxga qatnayapmiz. Bemor qizimning ahvoli yo‘l azobidan yanada yomonlashib qoldi”

Bemor qizning onasiga ko‘ra, Samarqandda 160 nafardan ortiq bemor uchun faqat 4 ta gemodializ apparati bor. Shuning uchun bemorlarning navbati yarim kechada yetib keladi:

“O‘sha to‘rtta apparatning ikkitasi ham juda eski. Apparatlar yetishmasligi ortidan bizning navbatimiz ko‘pincha soat tungi 11 larga to‘g‘ri keladi. Keyin muolaja uchun kamida 3,5 soat vaqt ketadi. O‘shanda tungi soat 2-3 larda uyga qaytamiz. Bemorlar uchun bu juda og‘ir”.

Shifokor: "Uskunani sozlaydigan ustalar barmoq bilan sanarli, navbat kutamiz"

Mazkur xabar ortidan Ozodlik muxbiri Samarqand Shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasidagi gemodializ bo‘limiga murojaat qildi. O‘zini tanishtirishni istamagan shifokor apparatlar tez-tez ishlamay qolishini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, bunga apparatlarga suv yetkazib beruvchi stansiyaning (gemodializ apparatining tarkibiy qismi) muntazam buzilib qolishi sabab bo‘lmoqda. Bu uskunani sozlaydigan ustalar esa barmoq bilan sanarli bo‘lib, ular boshqa viloyatlardagi uskunalarni ta’mirdan chiqarib bo‘lguniga qadar navbat kutishga to‘g‘ri keladi. Shifokor bundan boshqa tafsilotlarni ochiqlashni istamadi.

Shifokor Samarqandda “Zartek” xususiy gemodializ markazi ham borligini, shuning uchun davlat shifoxonasidagi apparatlar ishlamagan paytda bemorlar o‘sha markazdan muolaja olishlari mumkinligini ta’kidladi.

Bemor onasi: "Xususiy markazda muolaja uchun oyiga 700 dollar kerak"

Biroq bemorlar “Zartek” xususiy gemodializ markazida muolaja olish haqi juda qimmatligidan nolimoqdalar.

“U yerda bir marta muolaja olish 796 ming so‘m. Bir haftada ikki marta olsak deyarli 1 million 600 ming so‘m bo‘ladi. Bir oyligini hisoblasak 700 dollarga yaqinlab qoladi. Bemorlar, ularning oilalari buncha pulni qayerdan oladi? Noiloj qolganimizda bir-ikki marta shu yerda ham muolajadan o‘tdik”, dedi bemorlardan birining yaqin qarindoshi.

“Zartek” xususiy gemodializ markazi mas’ullari Ozodlik muxbirining narx-navo qaysi asoslardan kelib chiqib belgilangani to‘g‘risidagi savolariga javob berishdan bosh tortdi.

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, “Zartek” gemodializ markazi Samarqanddagi “Zarmed” xususiy tibbiy markazining sho‘’ba korxonasidir. U Samarqanddan tashqari Buxoro va Qarshida ham o‘z filiallariga ega.

Turk investorlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur markaz Samarqand bo‘limida 12 ta, Buxoro bo‘limida 8 ta, Qarshi bo‘limida 10 ta zamonaviy gemodializ apparatlariga ega. 2019 yilning 4 dekabrida ish boshlagan “Zartek”ka Turkiyaning Tek Group shirkati 500 ming dollar, “Zarmed” 500 ming dollar mablag‘ yotqizgan.

Mutaxassis: "O‘zbekistonda gemodializga muhtoj 2600 bemor bor"

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida ishlovchi mulozimning Ozodlik radiosiga aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda gemodializ muolajasidan o‘tadigan 2600 bemor bor.

Prezident qarori bilan Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi buyrak yetishmovchiligiga chalingan bemorlar muolajasi uchun ixtisoslashgan eng yirik shifoxona hisoblanadi.

“Bu yerda 170 ta o‘rin tashkil etilgan va kattalar uchun 30 ta, bolalar uchun 10 ta zamonaviy gemodializ apparatlari mavjud. Qolgan viloyatlarda esa haligacha gemodializ apparatlari yetarli emas. Masalan, Jizzaxda 10 gemodializ apparati bor, ya’ni har 10 bemorga 1 ta gemodializ apparati to‘g‘ri keladi. Bu chidasa bo‘ladigan holat, ammo Samarqandda haqiqatan ham gemodializ apparatlari eski. Ehtiyot qismlarni chet eldan sotib olishga to‘g‘ri keladi, buning ustiga, ta’mirdan chiqarilganidan keyin ham, gemodializ apparatlariga keladigan suv uchun maxsus filtrlarni boshqaradigan malakali injenerlar yetishmaydi”, dedi mutaxassis.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018 yilning avgustida Germaniyaning «VAMs GmbH» shirkati bilan aholiga nefrologik va gemodializ yordam sohasida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edi.

Kelishuvga asosan gemodializ xizmatini ko‘rsatuvchi 20 ga yaqin yangi tibbiy klinikalar tashkil etilishi kerak edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida ishlovchi mutaxassisning aytishicha, shu kungacha Jizzax shahrida tumanlararo gemodializ markazini ochish loyihasi amalga oshirilgan.

Mazkur loyihani 2022 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 27 million dollarni tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga mazkur muammo yuzasidan Ozodlik yo‘llagan savollarga hozircha javob kelmadi.

Prezident qarori va ko‘rsatmasi

O‘zbekistonda buyrak yetishmovchiligiga chalingan bemorlarga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish juda yomon darajada ekanini prezident Shavkat Mirziyoyev ham tan olgan. Prezident 2018 yilning 12 iyulida imzolagan qarorida "O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati qoniqarsiz", deb topilsin deya ta’kidlangan.

“O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida: “tibbiyot muassasalarida gemodializ olish uchun o‘rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ bo‘linmalarining yarmidan ortig‘i moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, ko‘pgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati o‘tib ketgan”, deb bildirilgan.

Bunday holatga barham berish maqsadida prezident “gemodializ apparatlari va sarflash materiallari yetkazib berishga zarur ruxsatnomalar berishning, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan gemodializ xizmatlari ko‘rsatishning amaldagi tizimini tubdan soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish”ga hamda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassisliklari bo‘yicha yangi yo‘nalishlarini ochishga ko‘rsatma bergandi.

Buyrak yetishmovchiligi va gemodializ nima?

Tibbiyot sohasiga bag‘ishlangan saytlarda bu ikki atamaga quyidagicha ta’rif berilgan:

Buyrak yetishmovchiligibuyrak faoliyatining pasayishi sindromi. To‘satdan (o‘tkir) yoki sekin-asta (surunkali) ro‘y beradi.

O‘tkir buyrak yetishmovchiligida buyrak faoliyati, xususan, azot, suv-tuz va boshqa(lar) moddalar almashinuvi izdan chiqadi, bunda siydik kam ajraladi, og‘ir hollarda butunlay ajralmay qoladi (anuriya, uremiya). Qonda siydikchil (mochevina) miqdori ko‘payadi, organizmning siydikdan zaharlanishi kuzatiladi; teri osti, qorin va ko‘krak qafasida suyuqlik to‘planadi («suvdan semirish»).

Tashnalik, og‘iz qurishi, teri quruqshab qichishishi, qusish, kamqonlik; nafas a’zolari, yurak-tomirlar va me’da-ichak faoliyatining buzilishi alomatlari kuzatiladi. Siydikning nisbiy zichligi kamayib, miqdori esa ortadi.

Gemodializqonni zaharli moddalardan tozalash, qon muhiti va suv-minerallar almashinuvini muvozanatlash usuli. Gemodializda vena yoki arteriya qoni maxsus kapillyarli dializatordan o‘tkazilib, qon takibidan ortiqcha suv, siydikchil va boshqa(lar) keraksiz moddalar so‘rib olinadi.

Buyrak yetishmovchiligiga chalingan bemorlar haftasiga ikki-uch martadan mazkur muolajadan o‘tishga majburlar. Har bir muolaja 3-4 soat davom etadi.

XS
SM
MD
LG